Daryolar faryodiga nega quloq tutmayapmiz?

Foto: Arxiv surat
Insoniyat aql-u tafakkuri bilan dunyo oʻzgarmoqda. Iqtisodiyot va fan-texnika tobora ravnaq topmoqda. Biroq bu yuksalishlar, bir tomondan, inson ogʻirini yengil qilib farovonlikka yoʻl ochayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, tabiatga, atrof-muhit va ekologiyaga jiddiy taʼsir koʻrsatayotgani ham barchamizga ayon. Oqibatda, Yer yuzida iqlim keskin oʻzgarib bormoqda. Bir mintaqada qurgʻoqchilik boʻlsa, boshqasida misli koʻrilmagan yogʻingarchiliklar kuzatilyapti. Mamlakatimizdagi purviqor togʻlar choʻqqisida qishin-yozin turgan oppoq qorlar endilikda saratonga yetmasdan irmoqlarda suv boʻlib oqib tushayotganiga koʻnikib ulgurmasimizdan Arktika-yu Antarktidadagi azaliy muzliklar ham okean suvlariga qoʻshilib, yoʻqlikka yuz tutmoqda. Qishda qor, bahor va kuzda yomgʻir yogʻishining keskin kamayishi mintaqamizda daryolar sathining pasayishiga, suv tanqisligi yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda. Qisqacha aytganda, tabiatga ayovsiz munosabatimiz uchun u bizdan “oʻch” olmoqda.
Bugun insoniyat oʻz xatosini tushunib yetdi, albatta. Lekin juda kech “aqli” kirdi. Ana shu kechikish odamzod boshiga ne-ne qiyinchiliklarni solishi tayin. Zero, bunday global muammolardan hech qaysi mintaqa chetda qolib ketgani yoʻq. Birgina misol, Qirgʻiziston va Tojikiston hududlaridagi togʻlarda muzliklar global isish oqibatida oʻz hajmini yoʻqotib borishi natijasida Amudaryodagi suv sathi tobora pasayib ketyapti. Bunday holat esa har bir yurtdoshimizni tashvishlantirishi lozim.
Biroq afsuski, hamma ham buni chuqur anglayotgani yoʻq. Aks holda daryolarning faryodiga quloq tutgan boʻlardik.
Menga nima, senga nima?
Sanoat korxonalaridan chiqayotgan gazlar global isish hodisasini keltirib chiqarib, suv resurslarining kamayishiga olib kelayotgan boʻlsa, daryo oʻzanlarining tobora kengayib borayotgani bu jarayonni yanada tezlashtirmoqda. “Xalq soʻzi” gazetasining oʻtgan yil 13-aprel sonida chop etilgan “Daryoning uvoli urmasin” nomli maqolada bu masalaga batafsil toʻxtalgan edik. Unda Chirchiq daryosi qirgʻogʻida korxona va sexlar bahorgi qoʻziqorinday bolalayotgani, ustiga-ustak karyerlarda ish kecha-yu kunduz davom etishi — tonnalab qum-shagʻal qayta ishlanishi tufayli tabiiy muhitga jiddiy zarar yetayotgani tanqid ostiga olingandi. Afsuski, shu sohaga tegishli boʻlgan tashkilotlar mutasaddilari maqolada koʻtarilgan muammoga jiddiy eʼtibor qaratdi, deb boʻlmaydi. Ular hatto bir enlik xat bilan munosabat bildirishni ham ravo koʻrishmadi. Bu yoqda esa daryo qirgʻoqlari bir-biridan tobora uzoqlashib, suvning bugʻlanish va yer tagiga singish darajasi oshib boraverdi. Faqat necha bor qilingan qoʻngʻiroqlardan keyingina, oradan 3 oy oʻtib, ekologiyani asrashga masʼul Toshkent viloyatidagi tashkilot yozma ravishda javob qaytardi va ruxsat etilmagan bir nechta xoʻjalik subyektlari daryo qirgʻogʻini buzib, qum-shagʻal olayotgani aniqlangani, ularga jarimalar qoʻllanganini bildirdi. Ammo haqiqat shuki, ekologiyaga jiddiy zarar yetkazadigan bunday ishlar hozirgi kunda ham tun-u kun davom etmoqda. Mutasaddilar esa “menga nima, senga nima?” qabilida ish tutishni maʼqul koʻrishayotir.
2022-yilning noyabr oyida Oliy Majlis Senati tomonidan bu masala chuqur oʻrganilib, daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, yoʻl xoʻjaliklari obyektlariga salbiy taʼsiri yuzasidan tegishli tartibda parlament soʻrovi yuborilgan edi. Parlament soʻroviga berilgan javob atroflicha oʻrganib chiqilib, oʻtgan yalpi majlislarda muhokama etilgan, tegishli vazifalar belgilanib, ijrosini taʼminlash boʻyicha Senatning qarori qabul qilingandi.
Yaqinda Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida bu masala yana muhokamaga qoʻyildi. Unda Senat ishchi guruhi tomonidan hududlarga chiqqan holda olib borilgan oʻrganish natijalari tahlildan oʻtkazildi.
— Oʻrganishlar va taqdim etilgan maʼlumotlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, Senat qarorida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha yetarlicha ishlar olib borilmagan, natijada sohadagi dolzarb masalalar oʻz yechimini topmasdan qolmoqda, — deydi Oliy Majlis Senati Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Risqul Siddiqov. — Birinchidan, daryo oʻzanlarida qum-shagʻal qazib olish faoliyati bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlaridan litsenziya yoki shartnoma muddati tugaganidan soʻng kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibi belgilanmagan. Jumladan, Senat qarorida koʻrsatib oʻtilganidek, kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibini takomillashtirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilmagan. Bu esa, oʻz navbatida, ekologiya va atrof-muhitga jiddiy ziyon yetkazilishiga olib kelmoqda. Masalan, birgina Toshkent viloyati hududida tadbirkorlik subyekti tomonidan kon ishlari toʻliq yakunlangan hamda litsenziya (ruxsatnoma)ning amal qilish muddati tugaganidan soʻng foydalanilgan 1600 gektarga yaqin maydon tashlandiq holda qoldirib ketilgan. Bundan tashqari, daryo boʻylariga turli chiqindilar tashlanayotgani bois atrof-muhit ifloslanib, qirgʻoqlarning sanitariya holati buzilgan.
Olmoqning bermogʻi bor
Qoʻmita raisi oʻrinbosari alohida qayd etganidek, daryolardan qum-shagʻal qazib olishning yer osti suvlari va ekologiyaga salbiy taʼsirini inobatga olib, daryolar qirgʻoqlarini umumiy nazorat qiluvchi yagona organ belgilanmagani achinarli hol, albatta. Bu boradagi vakolatlar bir nechta idoralar zimmasiga yuklatilgan va ularning tarqoqligi oqibatida daryo oʻzanlaridan meʼyorlarga zid ravishda foydalanish holatlari hamon davom etmoqda.
Savol tugʻiladi, nega biz oʻzimiz suv ichadigan, dala-yu dashtni, bogʻ-u rogʻni yashnatadigan, hayot ato etadigan daryolarning qadriga yetmayapmiz? Axir daryolar milliy boyligimiz, bitmas-tuganmas xazinamiz-ku! Ularni koʻz qorachigʻidek asrash shu yurt, shu zamin kelajagi uchun daxldor har bir insonning vazifasi emasmi?!
Nega mutasaddi tashkilotlar bu masalaga panja orasidan qarashmoqda? Hududlarda noruda foydali qazilmalar hamda qurilish uchun qum, chaqilgan tosh mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan sanoat zonalarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilmagani, 3 ming gektardan ortiq daryo oʻzanlari toʻgʻrilanmasdan qolgani nahotki hech bir mutasaddini tashvishlantirmasa?..
Daryo toshqin, suvlar toʻlqin, oʻtolmayman-ey... Ha, ilgari shunday qoʻshiq boʻlardi. Albatta, bu qoʻshiqdan bir zamonlar daryolarning toʻlib-toshib oqqani, toshdan-toshga sakrayotgan zilol suvning salqinidan odamning eti junjikkanini anglash qiyin emas. Daryo atrofidagi yam-yashil oʻrmonzorlarni aytmaysizmi? Bu yashil boyliklar daryoga zeb-u ziynat baxsh etgan. Bugun-chi? Bugun daryolarimiz holatiga boqib, yurak achishadi. Daryolar qirgʻogʻida dov-daraxtga — oʻrmonzorga emas, tosh maydalash va saralash sexlari uskunalariga koʻzingiz tushadi. Hatto ularni daryoning muhofaza zonasidan tashqariga koʻchirishga ham hafsala yetmayapti. Qolaversa, ushbu hududlarga manzarali daraxtlar ekilishini uyushtirish va obodonlashtirish ishlariga ham hali qoʻl urilmagan. Qolaversa, avariya holatiga kelib qolgan koʻpriklarni va avtomobil yoʻllarini rekonstruksiyalash borasida amaliy chora-tadbirlar koʻrilmagan.
Belgilangan talablarga amal qilinmaganligi oqibatida bugungi kunda yer usti va yer osti suvlari kamayib bormoqda. Suvni muhofaza etish zonalari botqoqlashgan va ifloslangan, qirgʻoqlar yemirilgan, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlari avariya holatida boʻlib, mamlakatimiz boʻyicha 26 ta koʻprikning tayanchlari tang holatga kelib qolgan.
— Senat qarorida 2023-yil 1-yanvardan boshlab koʻp qavatli uylar, binolar hamda koʻprik va yoʻl qurilishida, tayyor beton, temir-beton mahsulotlari hamda asfalt ishlab chiqarishda daryo toshlaridan yasalgan va toʻliq sindirilmagan shagʻal mahsulotlaridan foydalanishni qatʼiy taqiqlash, bunday shagʻal mahsulotlari ishlatilgan taqdirda, qonunchilikda belgilangan taʼsir choralarini kuchaytirish qayd etilgan, — deydi R. Siddiqov. — Biroq ushbu topshiriq ijrosiga yetarlicha eʼtibor qaratilmayapti. Misol uchun, olingan maʼlumotlarga koʻra, 2022-yil davomida belgilangan hududdan tashqarida 157 ming kub metr hajmda qum-shagʻal noqonuniy tarzda qazib olinganligi boʻyicha Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 30 ta holat aniqlanib, tadbirkorlarning litsenziyasini bekor qilish yuzasidan sud organlariga 35 ta taqdimnoma kiritilgan.
Noruda materiallarini noqonuniy qazib olish holatlari boʻyicha Samarqand viloyatida 343 nafar shaxsga nisbatan 1,2 mlrd. soʻm, Jizzax viloyatida 158 nafar shaxsga nisbatan 474 mln. soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida esa Samarqand viloyatida 83 nafar shaxsga nisbatan 273 mln. soʻm, Jizzax viloyatida 40 nafar shaxsga nisbatan 134 mln. soʻm maʼmuriy jarima qoʻllanilgan. Xoʻsh, ayting-chi, shu jarimalar undirilishi daryoni oʻz holiga qaytarish uchun yetarlimi? Toptalgan, qirgʻogʻi yoʻq boʻlib ketayotgan daryolarimizga jarima toʻlash bilan qayta jon baxsh etilishiga kim kafolat beradi?
Gap koʻp, natija yoʻq
Bu haqda gap ketganda, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya va Qozogʻistonda daryo oʻzanlaridan noruda foydali qazilmalarni qazib olish jinoyat hisoblanishini aytib oʻtishning oʻzi kifoya. Qolaversa, daryodan olingan tosh, qum, shagʻalni qurilish materiali sifatida foydalanish qatʼiy taqiqlangan. Nega shunday qilingan? Negaki, daryolar milliy boylik, bogʻ-u rogʻlarni yashnatadigan, elga toʻkinchilik va qut-baraka olib kiradigan muhim manba! Buni anglash uchun yana nima qilmoq kerak?
Bunday xatolar tufayli Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumani hududidagi Sangzor daryosining oʻzani ustiga qurilgan umumiy foydalanuvdagi “M-39” magistral va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yoʻllaridagi koʻpriklar avariya holatiga kelib qolgan. Zarafshon daryosining oqimi boʻylab oʻng qirgʻoqda joylashgan “Zarafshon milliy tabiat bogʻi” hududida yer osti suvlari sathi 3-4 metrgacha pasayishi oqibatida daraxtlar qurib qolmoqda.
Achinarlisi, Qoradaryo va Oqdaryoda qum-shagʻal materiallarining noqonuniy qazib olinishi atrof-muhit, suv va yoʻl xoʻjaligi obyektlariga salbiy taʼsir koʻrsatib, hozirgi kunda daryoning suv sathi 5 metrga pasayib ketgan.
Daryolarni saqlab qolish, ulardan oqilona foydalanish yuzasidan katta saʼy-harakatlar olib borilayotgan bir paytda hududlarda ularni 2040, 2050-yillargacha kon sifatida foydalanishga berib yuborilganini qanday izohlash mumkin? Demak, daryo oʻzanidan kon sifatida foydalanish mumkinligi borasida berilgan ekologik ekspertiza xulosalarini yana bir bor tahlil qilib koʻrish zarurati bor.
Tegishli mutasaddilar tomonidan bu yoʻnalishda sezilarli ishlar olib borilmayotganligi sababli ushbu masala Senat yalpi majlisida takror koʻrib chiqildi. Suv tanqisligi sharoitida obihayotni isrof qilish, muhim manba boʻlgan daryolar oʻzanlarini buzish, ekologiya, atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatish, oʻsimliklarni quritish va choʻllanishni keskin oshirish kabi ishlar davom etayotgani senatorlarni befarq qoldirmadi. Zotan, mintaqamizning keyingi taraqqiyoti, hech shubhasiz, suv manbai bilan chambarchas bogʻliq ekanini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi.
Six ham, kabob ham kuymasin deb yuraversak...
Senator Abdurahim Erkayev masalani joylarda chuqur oʻrgangani bois uning nihoyatda dolzarbligi haqida kuyunib gapirdi. Muammoning oldini bugun olmasa ertaga kech boʻlishini taʼkidlar ekan, kelgusi avlod oldidagi masʼuliyatni unutmaslik muhimligiga alohida urgʻu berdi.
— Muammoni oʻrganish jarayonida ahvol butunlay izdan chiqqaniga amin boʻldim, — deydi u. — Toʻgʻri, shahar va qishloqlarimiz qayta barpo qilinmoqda, bunyodkorlik yuksak surʼatlarda davom etyapti. Shu bois qurilish materiallariga, jumladan, qum-shagʻalga ham ehtiyoj ortib bormoqda. Bu tushunarli. Lekin ikkinchi tomondan, ekologiya masalalari, daryo oʻzanlarining pasayib ketayotganligi yoʻllarga, koʻpriklarga salbiy taʼsir etayotgani ham bor gap. Ilgari daryolardan oʻz oqimi bilan suv chiqadigan kanallarga endi nasoslar oʻratishga majburmiz. Daryo oʻzanlarida paydo boʻlayotgan chuqurliklarga suv ketyapti. Oʻsha joyda toʻplanib qolyapti, gʻallaga, paxtaga suv yetib borayotgani yoʻq. Bir tomondan havoga bugʻlanib ketayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan tuproqqa singib, botqoq hosil boʻlyapti.
Bu esa har tomonlama zarar. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan daryo oʻzanlarini uzoq muddatga, masalan, 50 yilga kon sifatida berilgani nihoyatda achinarli hol. Shunday ekan, oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: endi bu konlar muddati tugamaguncha faoliyatini davom ettiraveradimi? Yoki biz toʻxtata olamizmi? Bizning irodamiz yetadimi, shunga? Bu masalani hal qilish uchun Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi nima chora koʻryapti?
Senat qarorida suv obyektlaridan tashqarida muqobil xomashyo manbalarni aniqlash va ularni savdoga chiqarish, daryo oʻzanlaridagi tadbirkorlik subyektlariga berilgan litsenziyalarni bekor qilish belgilangan edi. Biroq ushbu topshiriq bajarilmaganligi sababli hanuzgacha daryo oʻzanlaridan tinimsiz, shagʻal-tosh, qum qazib olinmoqda. Nega vazirlik Senat tomonidan zimmasiga yuklatilgan topshiriqni bajarmayapti? Biz “six ham, kabob ham kuymasin” deb “maʼlumot uchun qabul qilinsin”, degan gaplarni qachongacha davom ettiramiz?..
Qum-shagʻal qazib olish qachon toʻxtatiladi?
Senator A. Erkayevning kuyinchaklik bilan bildirgan fikrlari yuzasidan togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri oʻrinbosari Azizxoʻja Qobilov javob berdi.
— Haqiqatan ham shunday davr boʻlganki, daryo oʻzanlaridan foydalanishga uzoq muddatli litsenziyalar rasmiylashtirilgan, — deydi u. — Bunday uzoq muddatli litsenziyalar 2019-yilgacha boʻlgan muddatda berilgan. Senatorlarning fikri toʻgʻri. Bu boʻyicha biz Bosh prokuratura, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda ishchi guruh tashkil qilgan holda joyiga chiqib oʻrgandik. Berilgan litsenziya, ruxsatnomalarni ikki bosqichda — birinchisi, ichimlik suvi taʼminoti obyektlariga yaqin joylashgan uchastkalar, koʻprik atrofidagi obyektlar boʻyicha ruxsatnoma va shartnomalarni, ikkinchisi esa qolgan barcha uchastkalar boʻyicha ruxsatnomalarni bekor qilish takliflari bildirilgan.
Bundan tashqari, Prezident qarori bilan daryo oʻzanlarini nazorat qiluvchi organ sifatida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi belgilandi. Koʻtarilgan masalalar ijrosini taʼminlash shu vazirlik zimmasida. Ular bizning inspektorlarimiz bilan hamkorlikda ish olib borishadi.
Keyingi masala — berilgan 78 ta ruxsatnoma va Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi “Xavfsiz daryo” DUK tomonidan berilgan 313 ta shartnomani bekor qilish boʻyicha Vazirlar Mahkamasidan, shaxsan Bosh vazir tomonidan topshiriq boʻlgan edi. Muqobil xomashyo materiallari manbalarini aniqlash boʻyicha bugungi kungacha biz 125 ta muqobil manbalar roʻyxatini shakllantirib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan bir toʻxtamga keldik. Shundan 94 ta muqobil uchastka boʻyicha kelishib olindi. Bu muqobil uchastkalardagi xomashyo miqdori bugungi kunda shartnoma asosida berilgan daryo oʻzanidagi xomashyo miqdoridan 5 baravar koʻp. Yaʼni daryo oʻzanidagi obyektlarni muqobil uchastkalarga bemalol koʻchirsak boʻladi.
Buning uchun shu yilning oʻzida 40 ta muqobil tosh-qum olinadigan uchastkani auksionlarga chiqarib, tadbirkorlarga taklif etdik. Ayni paytda esa yuqorida aytib oʻtilgan 94 ta uchastkada qizgʻin ish olib borilmoqda. Har bir hududda hokimliklar bilan kelishilgan holda bu uchastkalar ham bosqichma-bosqich auksion savdosiga chiqariladi. Va daryo oʻzanidagi barcha foydalanuvchilar muqobil uchastkalarga oʻtkaziladi.
— Haqiqatda oʻrmon fondi yeri daryo qirgʻoqlarida joylashgan, — deydi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Alijon Mamatkarimov. — Qum-shagʻal qazib olingan daryo qirgʻoqlarida daraxt ekish ishlari boshlandi. Toʻgʻri, ilgari daryo qirgʻoqlarida oʻrmonzorlar barpo qilinardi. Eʼtiborsizlik tufayli bu ishlar susayib ketdi. Endilikda respublika boʻyicha 400 gektar maydonda kuz va bahor oylarida daraxt ekish boʻyicha loyiha ishlab chiqildi.
Darvoqe, 86 ta oʻrmon xoʻjaligidagi qirgʻoqboʻylarining 5 kilometr joyida bahorgi mavsumda koʻchatlar ekilgan. Bundan tashqari, Chirchiq daryosi yoqasiga yaqin joylarda 19 ming tup daraxt oʻtqazildi. Bu saʼy-harakatni biz butun respublika boʻyicha ommalashtirib, toʻliq qirgʻoqboʻyi hududlarda iqlim sharoitiga mos daraxtlarni ekamiz. Kuz oyidan boshlab bu ishga toʻliq kirishamiz.
“Qilamiz”, “bajaramiz” deyish aniq javob emas
— Bu fikrlar birinchi marta aytilayotgani yoʻq, — deydi senator Rustam Xolmurodov. — Qancha koʻp aytilgani bilan taʼsiri sezilmayapti. Buning sababi esa koʻplab rahbarlarda vatanparvarlik tuygʻusi yoʻq. Axir Vatan barchamizniki, ularga ham tegishli-ku! Bu nima degan gap, axir bugungi daryolarning ahvolini yaqin oʻn yillarda qayta tiklab boʻlmaydi. “Qilamiz”, “bajaramiz” deyilgani bu aniq javob emas. Oʻnlab yillar mobaynida biz daryolarni qaytarish mumkin boʻlmagan darajaga olib keldik. Oʻzanlari kengayib, chuqurlashib ketgan, suv yoʻqolyapti. Sohillardagi hayvonot va oʻsimlik dunyosiga qiron kelyapti. Bu — milliy boylik-ku! Faqat Oʻzbekistonda bu oʻsimliklar, bunday hayvonlar bor. Nahotki, pul, olinadigan foyda Vatandan ham qimmatli boʻlsa?!
Prezidentimiz keyingi yetti yillikka moʻljallangan dasturda suvni tejashga daxldor masalalarni ham izohladi. Qancha suvni biz yerlarga yoʻqotyapmiz, ularni beton havzalarga, lotoklarga tushiramiz dedik. Undanam koʻp suv daryolarning oʻzida yoʻqolib boryapti-ku! Senat oliy organ emasmi? Nega uning qarori bajarilmaydi? Bilasizmi, Samarqand viloyatining oʻzida Qoradaryo, Oqdaryo qirgʻoqlari kengayib, 500 metrlik oʻzan paydo boʻlgan. Suv kamayib ketyapti, chashmalar quridi. Nega litsenziyalarni muddatidan oldin bekor qilmaymiz? Dunyoning aksariyat mamlakatlarida togʻ mahsulotlari qurilish materiallari sifatida ishlatiladi. Nega biz shu usulga oʻtmaymiz? Bizga kim xalaqit beryapti?..
El-u yurt taqdiriga daxldor masala
Daryolar muammosi senatorlar tomonidan bir necha bor koʻtarilganiga qaramasdan aytarli ijobiy natijaga erishilgani yoʻq. Aslida muammoning yechimi bor, uni hal qilsa boʻladi. Bu haqda Senat Raisi Tanzila Norboyeva ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
— Vazirlikning bizga bergan axborotidan va senatorlarning yurakdan chiqarib aytgan eʼtirozlaridan sezilib turibdiki, parlament soʻrovi doirasidagi ishlar qoniqarli emas, — dedi Senat Raisi. — Mutlaqo bajarilmagan, desak, toʻgʻri boʻladi. Ikkinchi marotaba koʻrib chiqyapmiz. Ogʻir ahvoldagi Chirchiq, Oqdaryo, Zarafshon, Qashqadaryo, Sangzor, Qoradaryoda sanoat miqyosida qum-shagʻal qazib olishga moratoriy eʼlon qilish masalasi eʼtiborsiz qoldirilganini qanday tushunish mumkin? Yoki hududlarda qum-shagʻalni faqat daryodan olavermasdan boshqa joylardan, masalan, togʻli hududlardan alohida sanoat zonalari tashkil etib olish masalasi ham ochiq qolgan.
Bular alohida vazirlik yoki hokimlik tomonidan emas, balki kengroq darajada hal etilishi lozim boʻlgan dolzarb masalalardir. Oʻzi umuman, parlament soʻrovi muayyan muammoga nisbatan davlat organining, uning mansabdor shaxsi nuqtai nazarini bilish uchun, muammo boʻladigan boʻlsa, uni hal qilish yoʻllarini aniqlash va bartaraf etish uchun yuboriladi. Lekin taqdim qilinadigan maʼlumotlar ushbu yoʻnalishda bajarilgan ishlarni aniqlash imkoniyatini bermayapti.
Gapni aylantirib javob beryapsizlar, muammo hal boʻlgani yoʻq. Agar moratoriy eʼlon qilish maqsadga muvofiq boʻlmasa, alohida sanoat zonalari tashkil etish qiyin boʻlsa, soʻrovda koʻtarilgan boshqa muammolarni hal qilishda real qiyinchiliklar boʻlsa, tegishli vazirliklar, hukumat uni umumlashtirishi kerak.
Bu muammo bizning sharoitda borgan sari dolzarblashib ketyapti. Necha yillar oldin Orol muammosi ham shunday boshlangan edi, hech kim eʼtibor bermasdan shu holatga kelib qoldik. Hozir daryolarimiz boʻyicha vaziyat juda ogʻir. Bu haqda xalq vakillari, jamoatchilik ham, biz, yaʼni parlament ham bong uryapmiz. Bu Vatanimiz taqdiri uchun eng dolzarb masala ekanini yoddan chiqarmaslik kerak.
Darhaqiqat, daryolar bizning asosiy hayot manbaimiz hisoblanadi. Bugun ularning koʻz oʻngimizda yoʻqolib borayotgani achinarli hol, albatta. Oddiy misol: Chirchiq daryosining relyefi buzilishi natijasida daryo oʻzani sathi Toshkent viloyati hududida 2-3 metrgacha, Toshkent shahrining Rohat koʻli yaqinida avvalgiga nisbatan 10 metrgacha pasayib ketgan. Qum-shagʻal materiallarini tartibsiz va ruxsatsiz qazish natijasida yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi kuzatilmoqda. Daryo vodiysida yashillik olami yoʻqolib bormoqda. Bu birgina Chirchiq daryosida emas, yurtimizdagi boshqa daryo va koʻllarda ahvol bundan-da yomon.
Xullas, bunday achinarli holatga kelib qolishimizning boisi esa daryolar taqdiriga befarqlik tanamizda ildiz otganidir. Agar har bir kishining qalbida yurtimiz tabiiy boyliklarini asrash, avaylash va uni kelgusi avlodga yetkazishdek vatanparvarlik tuygʻusi joʻsh urmas ekan, bu ahvol davom etaverishi aniq.
2022-yil davomida belgilangan hududdan tashqarida 157 ming kub metr hajmda qum-shagʻal noqonuniy tarzda qazib olinganligi boʻyicha Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 30 ta holat aniqlanib, tadbirkorlarning litsenziyasini bekor qilish yuzasidan sud organlariga 35 ta taqdimnoma kiritilgan.
Noruda materiallarini noqonuniy qazib olish holatlari boʻyicha Samarqand viloyatida 343 nafar shaxsga nisbatan 1,2 mlrd. soʻm, Jizzax viloyatida 158 nafar shaxsga nisbatan 474 mln. soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida esa Samarqand viloyatida 83 nafar shaxsga nisbatan 273 mln. soʻm, Jizzax viloyatida 40 nafar shaxsga nisbatan 134 mln. soʻm maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.
Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring