Daniyalik sayyoh 125-yil muqaddam Buxoroda suratga olgan “Quyi hovli” qayerda?

10:09 17 Mart 2021 Madaniyat
2030 0

Xorijliklar azal-azaldan yurtimizga qiziqish bildirib kelishgan. Ole Olufsen (1865 — 1929) ana shularning biri. Daniyalik ofitser va sayyoh sanalgan bu inson Markaziy Osiyoga kelib fotosanʼati bilan shugʻullangan dastlabki suratkashlardan hisoblanadi.

Ole Olufsen

— Buxoro shahridan Daniya poytaxti Kopengagengacha boʻlgan masofa taxminan 5440 kilometrni tashkil etadi, — deydi buxorolik oʻlkashunos Rahmat Sharifov. — Samolyotni-ku qoʻya turing, avtotransport ham boʻlmagan oʻsha kezlarda shu qadar olis yoʻlga sayohatga chiqishga har kim ham jurʼat qilolmagan, albatta.

Ole Olufsen safar oldidan Markaziy Osiyoga oid adabiyotlarni oʻqigan. Hatto shu yurtda yashovchilarning haqqi-hurmati turkiy tilni oʻrgangan. Dastlab homiylar, keyin esa Daniya madaniyat vazirligi va Karlsberg jamgʻarmasi koʻmagida 1896-1897-yillar hamda 1898-1899-yillarda oʻlka boʻylab ekspeditsiya uyushtirgan.

Biz bu safarlar tafsiloti haqida batafsil toʻxtalish niyatida emasmiz. Faqat Olufsenning shu safar taassurotlari asosida kitob yozganini, unda mavzuga oid koʻplab suratlar borligini taʼkidlamoqchimiz.

— Boshqa tadqiqotchilardan farqli tarzda Olufsen Buxoro amirining barcha saroylarini koʻrish imkoniga ega boʻladi, — davom etadi R. Sharifov. — Sitorai Mohi Xossa, Chorbogʻ, Shirbudin saroylari shahar tashqarisida, Quyi hovli bilan Qoplon esa shahar ichkarisida edi. Sayyoh bu saroylar haqida atroflicha toʻxtalarkan, jumladan, “Quyi hovli Registondan biroz gʻarbroqda joylashgan. U juda katta. Ikki qavatli qilib qurilgan.Katta hovlisi ham bor”, deb yozadi. Sayohatchi, shuningdek, Quyi hovlining suratlarini ham olgan.

Quyi hovlining koʻrinishi

Bundan chamasi, 125-yil muqaddam olingan bu suratga boqib, oʻsha davr meʼmoru ustalarining mahoratiga tan berasan, kishi.

Xoʻsh, Quyi hovlining keyingi taqdiri nima boʻldi? U hozir ham bormi?

Afsuski, bu goʻzal majmua hozir yoʻq. Amir Muzaffarxon hukmronligi davrida qurilgan Quyi hovli 1920-yilgi shoʻrolar bosqini chogʻida yer bilan yakson qilindi. Aeroplan hamda toʻplardan oʻqqa tutilgan koʻhna shahar koʻplab osori atiqalar qatori Quyi hovlisidan ham ajraldi.

Bu urushlar nafaqat insoniyatning, balki ajdodlar aql-zakovati mahsuli boʻlgan yodgorliklarning ham kushandasi ekanidan dalolat beradi. Binobarin, tinch va osuda oʻtayotgan har bir kunning qadriga yetishni unutmasligimiz kerak.

1920-yilgi bosqindan soʻng Buxoro ana shunday vayrona ahvolga kelgandi

Buxoroning hozir koʻpchilikka nomaʼlum obidasini 125-yil muqaddam suratga olib, juda xayrli ish qilgan Olufsenga kelsak, sayohatchini oʻz yurtida hali-hanuz ehtirom bilan eslashadi. U toʻplagan qimmatbaho etnografik materiallar hozir ham Daniya muzeylarining toʻrida turibdi.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?