COVID-19 ga qarshi vaksinalar infarkt va insult xavfini keskin kamaytiradi — JSST

11:26 24 Fevral 2023 Dunyo
555 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus Jenevada boʻlib oʻtgan brifingda COVID-19 ga qarshi vaksinalar va ularning buster dozalari samaradorligiga doir tadqiqot natijalari haqida maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, izlanishlar davomida emlash vositalari kasallikning ogʻir oʻtishi va oʻlim xavfini keskin kamaytirishi yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi. Shu bilan birga, vaksinalar virusni yuqtirgan bemorlarda infarkt va insult yuzaga kelishining oldini oladi.

Qolaversa, JSSTning vaksinalar boʻyicha texnik maslahat guruhi hukumatlarga epidemiologik vaziyatni doimiy monitoring qilib borish yuzasidan tavsiyalarini berdi.

Bu koronavirusga qarshi dori vositalarining samaradorligini baholash va ularni yanada takomillashtirish uchun zarurligi qayd etildi.

T. Gebreyesusning taʼkidlashicha, bugun Yer yuzidagi epidemiologik holat uch yil avvalgiga nisbatan yaxshiroq. Biroq COVID-19 ga beparvo boʻlish yaramaydi. Shu bois tashkilot rahbari oʻtgan juma kuni dunyo hozircha yangi pandemiyaga tayyor emas, deb bayonot berdi.

Eslatib oʻtamiz, JSST xulosasiga koʻra, kasallikka qarshi maksimal samaradorlikka erishish uchun odamlar toʻliq bosqichda va buster dozada emlanishlari zarur. Bunga, birinchi navbatda, xavf guruhiga mansub aholi qatlami, yaʼni:

— 60 yoshdan oshganlar;

— surunkali kasalliklarga chalinganlar;

— immuniteti zaif kishilar;

— homilador ayollar;

— tibbiyot xodimlari amal qilishlari kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер