“Coca-cola"dagi davlat ulushiga talabgorlar aniqlandi

19:38 09 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1767 0

2020-yil 16-dekabrda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan berilgan “Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MCHJ (keyingi oʻrinlarda - Kompaniya) ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish jarayoni boshlanishi toʻgʻrisidagi Eʼlonga muvofiq, sotish jarayonining birinchi bosqichi yakunlandi.

Unga koʻra, davlat ulushini sotib olish uchun qiziqish bildirgan talabgorlardan takliflar 2021-yil 15-yanvarga qadar qabul qilindi.

Davlat ulushini sotib olish boʻyicha Agentlikka va Moliyaviy maslahatchiga Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrika qitʼalari mamlakatlaridan bir qancha talabgorlarning takliflari kelib tushdi.

Talabgorlardan kelib tushgan barcha takliflar Oʻzbekiston Respublikasining “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasini inobatga olgan holda hamda Kompaniya ustavi va uning faoliyatini tartibga soluvchi ichki hujjatlar talablariga muvofiq, Kompaniyaning ikkinchi mulkdori bilan kelishilgan holda koʻrib chiqildi hamda sotish uchun belgilangan mezonlarga mos kelgan deb eʼtirof etilgan talabgorlar aniqlandi hamda keyingi bosqichga oʻtkazildi.

Ushbu talabgorlar bilan muzokaralar jarayoni davlat ulushini sotish boʻyicha jalb etilgan xalqaro maslahatchilar – “Rothschild & Cie” investitsiya banki (moliyaviy maslahatchi, Fransiya) va “Dentons” yuridik firmasi (yuridik maslahatchi, Buyuk Britaniya) ishtirokida davom ettiriladi.

Mazkur bosqichda talabgorlar bilan Oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi tegishli bitimlar imzolanadi. Kompaniya toʻgʻrisidagi qoʻshimcha maʼlumotlar, jumladan Axborot memorandumi, Kompaniyaning moliyaviy hisobotlari, biznes-rejasi, yuridik, moliyaviy va soliq jihatdan oʻrganish hisobotlari ularga taqdim etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?