Chortoqdagi 29-maktabdan 200 nafarga yaqin chempion chiqdi

14:07 09 Avgust 2024 Jamiyat
145 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Sport yoshlarni qatʼiyat va mahorat bobida chiniqtirish barobarida yangi rekordlar sari undaydi. Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 29-umumtaʼlim maktabida jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi, xalqaro toifadagi sport ustasi Nuriddin Sotiboldiyev boshchiligida universal jang sport turi bilan shugʻullanayotgan oʻquvchilar erishayotgan natijalar buning yaqqol dalil. Taʼlim maskanida ushbu yoʻnalish boʻyicha tashkil etilgan toʻgarakda 120 nafardan ziyod oʻquvchi boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazmoqda.

Oʻtgan yillar ichida tajribali murabbiy qoʻl ostida shugʻullangan sportchilarning 16 nafari Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Gruziya kabi davlatlarda boʻlib oʻtgan jahon, yana 21 nafari Osiyo, 150 nafari Oʻzbekiston chempionati bahslarida shohsupani zabt etishdi. Quvonarlisi, joriy yil Nuriddinning 6 nafar shogirdi oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli ravishda qabul qilindi.

— Ham jismonan, ham maʼnan barkamollik borasida toblangan yoshlarimizning aksariyati ayni paytda turli sohalarda, shuningdek, maxsus xizmatlarda faoliyat olib bormoqda, — deydi Nuriddin Sotiboldiyev. — Bunda toʻgaragimiz mashgʻulotlarini samarali tashkil etish borasida yaratib berilayotgan shart-sharoitlarning ahamiyati beqiyos. Yaqinda Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan 750 million soʻmlik sport inventarlari taqdim etilishi bilan imkoniyatlarimiz yanada kengaydi.

Eʼtibordan ruhlangan sportchilar yuqori natijalarni yanada koʻpaytirishni maqsad qilgan. Ular ayni paytda Ozarbayjonning Boku shahrida boʻlib oʻtadigan jahon chempionatiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrishmoqda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер