Chortoqda sanatoriylar klasteri shakllanmoqda

12:11 24 Aprel 2025 Jamiyat
228 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Namangan viloyatining Chortoq tumani xushmanzara maskanlari, soʻlim havosi va hordiq chiqarishga qulay oromgohlari bilan sayyohlik ishqibozlarini oʻziga chorlab keladi. Ayniqsa, yer ostidan chiqqan maʼdanli suv shifobaxsh unsurlar, masalan, yod, brom, tabiiy radan va boshqa moddalarga boyligi bilan ming dardga davo sifatida dovruq qozongan.

Ayni paytda bu yerda 11 ta sanatoriy faoliyat yuritmoqda, Ularda mineral suvlar, fizioterapiya, zamonaviy diagnostika va toza havo asosida kompleks xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Xoʻsh, aholi salomatligini mustahkamlash va madaniy hordiq chiqarishiga yoʻnaltirilgan ushbu muassasalar imkoniyatidan toʻliq foydalanilyaptimi, ularga mehmonlar, aytaylik, xorijiy sayyohlarni jalb etish masalasi qay darajada?

Davlatimiz rahbarining joriy yil 9-aprelida turizm sohasini rivojlantirish boʻyicha oʻtkazgan videoselektorida bu boradagi ahvolga eʼtiroz bildirilib, ishni yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Oʻtgan vaqt ichida tuman hokimligi, soha mutasaddilari tomonidan ular ijrosiga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Shunga muvofiq, birinchi navbatda sanatoriylar negizida tibbiy-sogʻlomlashtirish klasterini shakllantirishga kirishildi.

Alohida eʼtiborga molik loyihalardan biri koʻp yillik tajribaga ega “Chortoq” sanatoriysi tomonidan roʻyobga chiqarilmoqda. Amalda 500 kishini davolash va dam oldirish quvvatiga ega muassasada toʻrt qavatli qoʻshimcha bino qurilishi olib borilyapti. U bitkazilishi bilan quvvatlar 800 oʻringa yetkaziladi. “Chortoq resort” qoʻshma korxonasi tomonidan 30 million dollar qiymatda jahon andozalari darajasida barpo etilayotgan yangi sanatoriy esa asosan xorijiy sayyohlarni qabul qilishga moʻljallangan.

— Tuman turizm salohiyatida alohida oʻringa ega sanatoriylarimiz yiliga 35 mingdan ziyod dam oluvchiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega, —deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasining Chortoq tumanidagi vakili Isoqboy Abdurahmonov. — Yozgi mavsumda yon-atrofdagi mehmon uylaridan foydalanadiganlar hisobiga bu koʻrsatkich bir necha barobar ortadi. Ijrosiga kirishilgan loyihalar natijasida hududimizga joriy yilning oʻzida tashrif buyuradigan mehmonlar sonini 65 ming kishidan koʻpaytirish koʻzda tutilgan. Ular orasida xorijlik sayyohlar 31 ming nafardan ortishi kutilmoqda.

Shu oʻrinda tumandagi Chortoq suv ombori atrofida 6 gektar maydonda barpo qilinayotgan rekreatsion hudud xususida alohida toʻxtalish oʻrinlidir. Tarkibidan zamonaviy sihatgoh va boshqa bir qator sayyohlik infratuzilma inshootlari oʻrin oladigan ushbu majmua hududda ichki va tashqi turizmni yanada rivojlantirish manzillaridan biri boʻlib qoladi.

Koʻrinib turibdiki, imkoniyatlar bisyor. Gap ularni harakatga keltira bilishda. Shundagina Chortoq nafaqat dam olish, balki tibbiy turizm va iqtisodiy faollikni oshirishda muhim nuqtalardan biriga aylanishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер