Choʻngʻarada tibbiy xizmat sifati yaxshilanib bormoqda

11:25 02 Avgust 2024 Jamiyat
249 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Rishton tumanining olis va eksklav hududida joylashgan “Choʻngʻara” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 436 ta oilada 1280 nafar aholi istiqomat qiladi. Qoʻshni Qirgʻiziston hududidan oʻtilishi sababli uzoq yillar davomida qishloq aholisi tibbiy xizmatdan foydalanish borasida qiynalib yashardi. Bundan ikki yil oldin hududdagi qarovsiz ahvolda qolgan “Zilol” oilaviy shifokorlik punkti mukammal taʼmirdan chiqarildi. Tez tibbiy yordam brigadasi tashkil etilib, bemorga shoshilinch va sifatli yordam koʻrsatishga ixtisoslashgan yangi avtomashina ajratildi. Kunduzgi statsionar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlandi.

— Eʼtibor va ragʻbat tufayli soʻnggi yillarda tibbiy xizmat sifati tobora yaxshilanib bormoqda, — deydi “Choʻngʻara” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Rustam Boynazarov. — I va II guruh nogironlari, surunkali bemorlar, homilador ayollar doimiy ravishda bepul dori-darmon bilan taʼminlanib, patronaj hamshiralari koʻmagida uy parvarishi yoʻlga qoʻyildi.

Kuni kecha Rishton tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻi Bunyodbek Hojiraxmatov boshchiligida hudud aholisi uchun navbatdagi tibbiy koʻrik tashkil etilib, shifokorlik punkti kunduzgi statsionariga konditsioner oʻrnatib berildi. Oʻz navbatida aholi murojaati asosida ichimlik suvi uchun nasos oʻrnatilib, tibbiy muassasa ichimlik suvi bilan taʼminlanishiga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?