Choʻllanishning kushandasi bor
Ekin yerlarining choʻllanishi, sahrolardagi qum koʻchishlar allaqachon global masalaga aylanib ulgurdi. Afsuski, bu muammo yurtimizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Iqlim oʻzgarishlari yaylovlarning kambagʻallashuviga, yerlar hosildorligining kamayishiga, ekologiyaning buzilishiga olib kelmoqda. Ammo insoniyat aql-zakovati bu muammolarga yechim topishga, vaziyatni yumshatishga qodir. Xitoyda yaratilgan moʻjizaviy oʻsimlik – junsaoga ana shunday izlanishlarning mahsuli sifatida qaralmoqda.
– Bir qarashda qamishni eslatadigan bu oʻsimlik ekologik jihatdan juda foydali sanaladi, – deydi Buxoro viloyat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʻi Anvar Hamroyev. – U oʻtgan asrning 80-yillarida Fuszyan qishloq xoʻjaligi universiteti olimlari tomonidan yaratilgan. Bu texnologiya Xitoy qishloqlaridagi ozuqa tanqisligi, kambagʻallikni bartaraf etish, ekologik muammolarga barham berish maqsadida ishlab chiqilgan.
Manbalarda aytilishicha, junsao qiyoz, shampinyon kabi qimmatli zoʻgʻol mahsulotlarini yetishtirish uchun tabiiy substrakt sifatida ishlatiladi. Unga tuproq tarkibini shoʻr zarrachalardan tozalash, choʻllanishga qarshi kurash vositasi sifatida ham qaraladi. Gap shundaki, u yer tanlamaydi. Qumli, shoʻr, kam hosilli tuproqda ham oʻsaveradi. Oʻsganda ham tez rivojlanadi. Tuproqning zichligini mustahkamlaydi. Choʻllashishni toʻxtatadi. Buning ustiga chorvachilik uchun sifatli ozuqa vazifasini ham oʻtaydi.
– Chamasi bir oycha muqaddam Xitoy junsao texnologiyasi Milliy muhandislik ilmiy markazi masʼullari Oʻzbekistonga tashrif buyurib ushbu oʻsimlik koʻchatlarini ekish, parvarishlash va unday ekologik toza mahsulotlar olish masalasida mahalliy hokimiyat vakillari va mutaxassislar bilan muloqot qildi, – davom etadi A. Hamroyev. – Ular viloyatimizdan tanlangan yer maydonlarining holati, sharoitlar va infratuzilmani ham oʻrgandi. Shundan soʻng vazirligimiz qoshidagi “Kambagʻallik va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi” oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik yuzasidan kelishuv xati imzolandi.
Maʼlum boʻlishicha, ushbu istiqbolli loyiha, Buxoro viloyati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi jami 200 gektar choʻl va shoʻrlangan yerda amalga oshiriladi. U qishloq joylarida kambagʻallikni qisqartirishda asqatadi. Chunki bu oʻsimlikdan qoʻziqorin uchun substrat tayyorlash, pirovardida koʻplab turdagi qoʻziqorin yetishtirish mumkin. Undan bir martalik tarelka, qoshiq, stakan va hatto qurilish materiallari ishlab chiqarsa boʻladi. Ular ekologik toza mahsulot sanaladi. Qolaversa, u yer tarkibidagi tuz miqdorini kamaytiradi. Tuproq yemirilishiga gʻov boʻladi. Binobarin, choʻllarni koʻkalamzorlashtirish orqali chang-shamollar, qum boʻronlari yoʻliga ishonchli toʻsiq yaratish mumkin.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida ilk bor qoʻllaniladigan bu texnologiya jarayonida mahalliy mutaxassislarning junsao oʻsimligini yetishtirish borasidagi bilimlarini oshirish, ularda maʼlum bir koʻnikmalarni hosil qilish ham koʻzda tutilgan.
Istam IBROHIMOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyevni Yangi yil bilan qutladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring