“Chodra hovli” qachon koʻrgazmada “koʻringani" kabi boʻladi?

23:55 24 Fevral 2021 Madaniyat
2001 0

Jaloliddin Rumiy “Yo asling kabi koʻrin, yo koʻringaning kabi boʻl”, degan hikmatli soʻzlarini insonga nisbat berib aytgan boʻlsada, uni Xivadagi arxitektura yodgorliklaridan biriga tavsif berish asnosida keltirib oʻtsak xato boʻlmas.

Gap shundaki, 2019-yilning 13-15-noyabr kunlari poytaxtimizda oʻtkazilgan “Ipak yoʻlida turizm” xalqaro koʻrgazmasida Xorazm viloyatining sayyohlik stendi barcha pavilyonlar orasida eng baland va ishtirokchilar eʼtiborini jalb qilgan meʼmoriy dekoratsiya sifatida eʼtirof etildi.

“Ipak yoʻlida turizm” xalqaro koʻrgazmasida “Chodra hovli” arxitektura yodgorligining betakror koʻrinishi gavdalantirilgan edi

Sababi unda 1871-yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxon tomonidan yozgi dam olish qarorgohi sifatida qurilgan “Chodra hovli” arxitektura yodgorligining betakror koʻrinishi gavdalantirilgan edi. Sayot qishlogʻidagi ushbu tarixiy obidaning real voqelikdagi holati koʻrgazmada koʻringani kabi jozibadormi?

Anjuman taassurotlari asosida, maketi shunchalik hayratlanarli boʻlgan obidaning asl koʻrinishini tomosha qilish istagidagi vodiylik hamyurtimiz oila aʼzolari bilan Xiva sayohatiga yoʻl oladi. Ichonqalʼadan 11 kilometr sharqda, Yangiariq yoʻli boʻyida joylashgan “Chodra hovli” ning bugungi holatini koʻrib hafsalasi pir boʻlgan mehmon, mutasaddilarning moddiy madaniy merosga munosabatidan qattiq ranjigan edi.

Bundan 150-yil oldan barpo etilib tevarak atrofi soʻlim bogʻ hamda asriy Xorazm gujumlari bilan oʻralgan, bir vaqtlar sayyohlik yoʻnalishiga kiritilgan va dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar hayratiga sazovor boʻlgan ushbu arxitektura yodgorligi bugun butunlay qarovsiz qolgan. Gohida tashrif buyuradigan mahalliy sayohatchilar ham eʼtiborsizlikdan kundan-kunga nurab borayotgan obidaga, tevarak atrofdagi noxush manzaralarga boqib, “Attang”, deya bosh chayqab ketishadi.

Toʻrt qavatli, balandligi 30 metr keladigan, xuddi minoraga oʻxshatib qurilgan ushbu arxitektura yodgorligi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining 2019-yil 28-iyundagi 413-son buyrugʻiga asosan moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastriga kiritilgan.

TURKSOY xalqaro tashkiloti tomonidan 2020-yilda Xiva shahri turk dunyosi madaniyati poytaxti sifatida eʼlon qilingan edi. 2021-yilda Xiva yana bir katta xalqaro anjumanga taraddud koʻrmoqda. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida 2021-yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusidagi xalqaro forumni oʻtkazishni taklif qildi. YUNESKO bosh direktori Odri Azule Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusini qoʻllab-quvvatladi. Mazkur forum dunyo hamjamiyatining eʼtiborini yana bir karra qadim tamaddun oʻchogʻi boʻlgan Oʻzbekistonga qaratadi, yurtimizning turizm salohiyatini targʻib etishga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda mutasaddilarga bir savolimiz bor. Agar ushbu xalqaro anjuman ishtirokchilari orasida ham “Chodra hovli” haqida koʻrgazmadagi dekoratsiya yoki ijtimoiy tarmoqlardagi reklama roliklari orqali muayyan tasavvurga ega boʻlgan va yodgorlikni asl holida tomosha qilish istagidagi mehmonlar boʻlsa, ularga ajdodlarimizdan qolgan bebaho merosni shu holida koʻrsataveramizmi? Xulosa chiqarish oʻzingizdan... “Xalq soʻzi” bu mavzuga yana qaytadi.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?