Chiroqchida bir kunda 34 ta obyekt foydalanishga topshirildi

16:25 28 Avgust 2025 Jamiyat
184 0

Mustaqilligimizning 34 yilligi shodiyonalari munosabati bilan Chiroqchi tumanida 34 ta yangi obyekt foydalanishga topshirildi. Ular orasida tumanning Qahramon mahallasida joylashgan 15-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 240 oʻrinli yangi binosi ham bor.

Mazkur maktabda oʻquvchilar soni mavjud quvvatga nisbatan ancha oshib ketgan, bu esa darslarni oʻz vaqtida va sifatli tashkil etish bilan bogʻliq turli muammolarga sabab boʻlayotgan edi. Joriy yilda tegishli investitsiya dasturi asosida ushbu taʼlim muassasasi uchun qoʻshimcha 240 oʻrinli zamonaviy binoning qurib berilishi bilan bu boradagi muammolar toʻliq barham topdi.

— Bugunning oʻzida tumanimizda umumiy hisobda 4 ta maktab hamda 2 ta xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi, — deydi Chiroqchi tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Gulsora Sulaymonova. — Albatta, bu mamlakatimizda yoshlarimizning taʼlim va tarbiyasiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir namunasi boʻldi.

Taʼkidlash joiz, Prezidentimizning joriy yil 19-20-iyun kunlari Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida Chiroqchi tumanini ijtimoiy, iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ham qator topshiriqlar bergan edi.

Shunga asosan, ayni paytda tumanning Iftixor, Yangiqurilish, Bogʻishamol va Navoiy mahallalari hududidagi 103 gektar maydonda yangi shahar bunyod etish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.

Hududda yoʻl va boshqa kommunikatsiya tizimlarini barpo etish, mavjudlarini taʼmirlash boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilyapti. Bu esa tadbirkorlarni ham zamon ruhi bilan yashashga undayotgani, yangi-yangi tashabbuslarga ilhomlantirayotgani bor gap. Buni tumanda amalga oshirilayotgan yangi loyihalarning koʻpligidan ham koʻrish mumkin.

Xususan, eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida tashabbuskorlar tomonidan roʻyobga chiqarilgan 22 ta ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish obyektlari hamda koʻp qavatli uy-joylar tantanali tarzda foydalanishga topshirildi. “Shava sher invest" masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan Chiroqchi mahallasi hududida barpo etilgan 104 xonadonli zamonaviy turarjoy majmuasi ham shular jumlasidan.

— Bugun yurtoshlarimiz yaxshi yashashga, barcha qulayliklarga ega boʻlishga harakat qilmoqda, — deydi korxona rahbari Otamurod Qulmurodov. — Bu esa bizni ham uy-joylar qurilishi bozorida oʻz oʻrnimizni topish uchun kurashishga, qurgan uylarimizning sifati va qulayliklari bilan mijozlar ishonchini qozonishga undayotgani bor gap. Bundan keyin ham hududda mana shunday zamonaviy uy-joylarni qurib, topshirishda davom etamiz.

Shuningdek, tumanda yana qator ijtimoiy, iqtisodiy soha obyektlari foydalanishga topshirildi. Mazkur obyektlarning ochilish marosimlari turli maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy-koʻngilochar hamda xayru saxovat tadbirlariga ulanib ketdi.

Jahongir BOYMURODOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер