Chiqindi pulini toʻlamaganlarning elektr uchun toʻlovlarini qabul qilish vaqtincha toʻxtatiladi

17:22 06 Yanvar 2024 Hujjatlar
719 0

“Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–5-son, 04.01.2024 y.) qabul qilindi.

Farmon bilan avtomobil yoʻllarida yoʻl harakati qoidalari buzilganligini foto va video qayd etish vositalarini oʻrnatgan tadbirkorlarga ekologik huquqbuzarliklarni ham qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar berish huquqi berildi.

Bunda tadbirkor jarima sifatida undirilgan mablagʻning 20 foizi miqdorida pul bilan ragʻbatlantiriladi.

Har yili eng uzoq (kamida 10-yil) va sadoqatli xizmat koʻrsatgan sanitar tozalash korxonalari xodimlari uchun “Tabiat uygʻunligi himoyachisi” tanlovi oʻtkaziladi.

Mazkur xodimlardan 100 nafarining davlat OTMga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga kontraktining toʻliq summasi toʻlab beriladi.

Har yili “Eng toza mahalla” tanlovi oʻtkazilib, tanlovda gʻolib boʻlgan 14 ta mahallaga chiqindi yigʻish maydonchasi qurish, chiqindi konteynerlarini oʻrnatish va daraxt ekish uchun jami 500 million soʻm pul hamda xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil beriladi.

2024-yil 1-apreldan:

— koʻchmas mulk hamda avtotransportlar bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Yagona elektron tizim orqali onlayn tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilgach notarial harakat amalga oshiriladi;

— barcha sanitar tozalash korxonalari Yagona elektron tizim orqali xizmat koʻrsatadi, tizimga ulanmagan korxonalar bilan shartnoma bekor qilinadi va ular xizmat koʻrsatadigan hududlar davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa korxonaga beriladi.

Chiqindi xizmatlari uchun toʻlovlarni qabul qilish hamda abonentlar hisobini yuritish faqatgina Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi billing tizimi, elektron toʻlov tizimlari yoki tijorat banklarining toʻlov qabul qilish kassalari orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, chiqindi xizmatlari uchun oylik toʻlovlardan qarzdorligi boʻlgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib boriladi.

Qarzdorlik boʻyicha ogohlantirilgandan keyin toʻlov qilmagan shaxslarning elektr uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:

— 1-bosqichda – Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 2024-yil 1-iyundan – 6 oylik qarzdorlik uchun;

— 2-bosqichda – respublikaning barcha hududlarida 2024-yil 1-noyabrdan – 3 oylik qarzdorlik uchun;

— 3-bosqichda – respublikaning barcha hududlarida 2025-yil 1-yanvardan – 1 oylik qarzdorlik uchun.

2024-yil 1-iyundan maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi (aholi mustaqil saralagan chiqindilar bundan mustasno).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер