Chiqindi yigʻish nuqtalari jamoatchilik nazoratida

14:24 18 Mart 2026 Jamiyat
143 0

Hademay kunlar isib, koʻklamning bugungi namxush havosi oʻrnini yozning diqqinafas iqlimi egallaydi. Bu holat ayniqsa, katta-kichik shaharlarda koʻproq kuzatilib, har bir hududdagi chiqindi yigʻish maskanlari va konteynerlarni qoʻshsak ahvol favqulodda taassufli koʻrinish oladi.

Shu bois Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi tomonidan Zarafshon shahrida chiqindilarni boshqarish tizimi va mavjud chiqindixonalar holatini oʻrganish maqsadida jamoatchilik nazorati tadbiri tashkil etildi.

— Tadbir davomida shahar hududidagi chiqindilarni yigʻish, ularni oʻz vaqtida olib chiqish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda aholi uchun yaratilgan sharoitlar atroflicha koʻzdan kechirildi, — deydi viloyat Kengashi raisi Alijon Jalilov. — Oʻrganishlarda shahardagi mavjud jami 124 ta chiqindi yigʻish nuqtasidan 14 tasi namunali chiqindixona sifatida tashkil etilgani maʼlum boʻldi. Mazkur chiqindixonalarda chiqindilarni tartibli joylashtirish, hududni toza saqlash hamda aholi uchun qulay sharoit yaratish borasida ijobiy tajriba yoʻlga qoʻyilgan. Qolgan chiqindixonalar esa asosan “P” shaklidagi oddiy turdagi maydonchalardan iborat boʻlib, ularni ham bosqichma-bosqich namunali koʻrinishga keltirish masalasi mutasaddilar eʼtiboriga havola qilindi.

Shuningdek, tadbir davomida shahar hududidagi jami 287 ta chiqindi konteyneridan 45 tasi yaroqsiz holga kelgani maʼlum boʻldi. Ushbu konteynerlarni yangilariga almashtirish yuzasidan mutasaddi korxonalarga tavsiya va takliflar berildi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, Zarafshon shahrida bir kunda oʻrtacha 60–65 tonna atrofida maishiy chiqindi yigʻiladi. Shahar havosining musaffoligi nafaqat ularni vaqtida olib ketish, balki chiqindi yigʻish manzillarining sozligiga ham bevosita bogʻlik.

Jamoatchilik nazorati davomida hududlarni obodonlashtirish, chiqindilar bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish hamda aholining ekologik madaniyatini oshirish masalalari ham alohida muhokama qilindi. Shuningdek, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, atrof-muhitni asrash va shahar tozaligini saqlashda fuqarolarning ham faolligi muhim ekani taʼkidlandi.

Oʻrganish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud chiqindixonalarni bosqichma-bosqich tartibga keltirish va yaroqsiz konteynerlarni yangilash boʻyicha tegishli mutasaddi tashkilotlarga tavsiyalar berildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер