“Chelsi”dan magʻlubiyat, “Manchester Yunayted” durang oʻynadi

11:05 08 Yanvar 2026 Sport
246 0

Kecha, 7-yanvar kuni Angliya Premyer ligasining 21-tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kun doirasida oʻrin olgan muhim bahslarga toʻxtalib oʻtamiz.

Kunni ochib bergan oʻyinda ligada soʻnggi oʻrinni egallab turgan “Vest Hem” va “Nottingem Forest” jamoalari oʻzaro Londonda toʻqnash kelishdi. Ushbu oʻyinda qoʻlga kiritilajak gʻalaba maydon egalariga ochkolar soni boʻyicha “Nottingem Forest” bilan tenglashib olish imkonini berardi. Amalda esa teskarisi boʻldi.

Uchrashuv mehmonlarning 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Gʻoliblar safida gollarga Morgan Gibbs Uayt va Nikolas Dominges mualliflik qildi. “Vest Hem” jamoasining yagona goli ham avtogol sifatida “Nottingem” futbolchisi Murillo hisobiga yozildi.

Gollarga boy oʻtgan yana bir bahs “Bormut” shaharchasida boʻlib oʻtdi. Unda shahar nomi bilan ataluvchi jamoa “Vitaliti” stadionida “Tottenhem” klubini qabul qildi.

Bu jamoalar ham turnir jadvalida yonma-yon borishayotgan va oʻyin shu tomonlama ham ahamiyatli edi. Maydon egalari esa mazkur bahsda gʻalaba qozonib, “Tottenhem” bilan ochkolar sonini 1 ochkoga qisqartirib olishga erishdi.

Oʻyinda hisob 5-daqiqada “Tottenhem” futbolchisi Mateus Tel tomonidan ochildi. Birinchi taym yakuniga qadar “Bormut” futbolchilari Eli Junior va Evanilson London klubi darvozasiga 2 ta toʻp kiritishdi.

Ikkinchi boʻlimning 78-daqiqasida Joao Paliniya hisobni tenglashtirdi. Hakam tomonidan birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan beshinchi daqiqada esa yaqin orada “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtishi aytilayotgan Antuan Semeno “Bormut”ga gʻalaba keltirgan golga mualliflik qildi.

London shahrida oʻtgan yana bir qiziqarli oʻyinda 2 kun muqaddam oʻz bosh murabbiyini isteʼfoga chiqargan “Chelsi” klubi “Fulhem” jamoasi maydoniga safar qildi. Taʼkidlash joizki, “Chelsi” hozirda ishlari joyida emas. Jamoa bu oʻyingacha qatorma-qator 4 ta oʻyinda gʻalaba qozona olmay kelayotgan edi. Bu oʻyindan soʻng esa gʻalabasiz seriya 5 ta oʻyinga yetdi.

Uchrashuv mezbonlarning 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Gʻoliblar safida gollarga Xarri Uilson va Raul Ximenes mualliflik qildi. “Aristokratlar”ning yagona javob goli esa oʻtgan turda Abduqodir Husanovni maydon tashqarisida yiqitib, tanqidlar ostida qolib ketgan Liam Delap hisobiga yozildi.

Bosh murabbiyini isteʼfoga chiqargan yana bir jamoa — “Manchester Yunayted” bu tur Byornli shahrida shu nom bilan ataluvchi klubga qarshi maydonga chiqdi.

22 ming muxlisga atalgan “Tyorf Mur” stadionida boʻlib oʻtgan oʻyin 2:2 hisobidagi durang natija bilan yakunlandi.

“Manchester Yunayted”ning gollariga Benjamin Sheshko mualliflik qildi. Mezbonlarning javob toʻplari esa Jeydon Antoni va Ayden Heven hisobiga yozildi.

Turda eng koʻp gol kiritilgan oʻyin esa Nyukasl shahridagi “Sent-Djeyms Park” stadionida boʻlib oʻtdi. Unda “Nyukasl” klubi “Lids Yunayted” jamoasini qabul qildi.

Uchrashuv 4:3 hisobi mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi. Gʻoliblardan gollarga Xarvi Barns (2 ta), Joelinton va Bruno Gimaraynsh mualliflik qildi. “Lids”ning javob gollari esa Brenden Aaronson (2 ta) va Dominik Levin hisobiga yozildi.

Turning markaziy oʻyini bugun London shahrida boʻlib oʻtadi. Unda amaldagi chempion “Liverpul” klubi “Arsenal” jamoasi mehmoni boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?