Chaman sarvi yashil xilʼat, mening sarvi ravonim ham...

Mutafakkir shoir va yirik davlat arbobi Alisher Navoiy oʻz davri siyosiy, ijtimoiy va madaniy-maʼrifiy hayotini boshqarib turgan kuchlardan biri edi. Shu bois u davlat siyosati va jamiyat hayotining barcha sohasini chuqur bilar, insonlar maishiy turmushlarida sodir boʻlayotgan muammolarni ham teran tushunardi. Shoir oʻrta asrlarda Sharqda kechayotgan romantizm sharoitida oʻzini oʻylantirgan masalalar xususida faqat badiiy soʻz va timsollar vositasida fikr-mulohazalarini bildirishi mumkin edi. Shu bois u oʻzining oʻlmas asarlarida nafaqat katta koʻlamdagi masalalar, balki jamiyat kishisining muammolari va qiziqishlari haqida aniq, konseptual, dasturiy xulosalarini ifoda etadi.
Hazrat Navoiyning fikriga koʻra, jamiyat farovonligi va maʼmurligi, tinchligini taʼminlovchi asosiy omillar mavjud. Bular jamiyatning har bir aʼzosida shakllanmogʻi lozim boʻlgan baʼzi muhim insoniy fazilatlardir. Zero, fozil shaharlar ahlini fazilatli insonlar tashkil etadi.
Inson koinotning bir zarrasi, balki gultoji qilib yaratilgan ekan, deya mushohada yuritadi Navoiy, demak, u tinimsiz harakatda boʻlgan shu uygʻunlikdan tashqarida alohida faoliyat yurita olmaydi. U oʻz tanlovi, niyatlari va harakatlarida har qancha erkin boʻlmasin, oʻzini oʻrab turgan, uning tirikligi va hayoti uchun ulugʻ imkoniyat boʻlgan tabiat qarshisida katta masʼuliyat his etmogʻi lozim. Chunki inson oltindek tuproqni oʻzi uchun podshohlik taxti, osmonni esa soyabon, deb bilmaguncha, kamolot kasb eta olmaydi. Inson goʻzalligi tabiat goʻzalligi bilan, insoniyat farovonligi tabiat farovonligi bilan, inson pokligi tabiat sofligi bilan uygʻun boʻlmogʻi lozim. Inson va tabiat bir-biriga muvofiq boʻlgandagina goʻzallik kasb etishi mumkinligini ulugʻ shoir shunday ifodalaydi:
Muvofiq kiydilar boʻlmush magar navroʻz ila bayram,
Chaman sarvi yashil xilʼat, mening sarvi ravonim ham...
Shoir oʻzining goʻzal mahbubasi qomatini chamanda oʻsgan sarv daraxtiga qiyos etmoqda, chunki mahbuba toʻkis goʻzalligi muqoyasasi faqat toʻkis yaratilgan borliqdagina mavjuddir. Mutafakkir hatto qishning izgʻirin sovuqlaridan — “day shiddatidin aqlu his betob” — boʻlmogʻi ham tabiatning marhamati ekanligi qayd etadi.
Shoirning “Badoeʼ ul-bidoya” devonidan oʻrin olgan bir ruboiysida tabiat moʻjizalarining goʻzal tasviri berilgan moʻjaz lavhalar uchraydi:
Suv koʻzgusini bogʻ aro aylarda shitob
Siymob qilur erdi taharruk ila tob.
Day qildi bu siymobni andoq koʻzgu,
Kim koʻzgu aning qoshida boʻlgʻay siymob.
Baytning mazmuni shuki, bogʻda koʻzgudek jilolanib turgan suv yuzida simob oʻynar edi. Yoki bir shoʻla simobdek suv yuzida jilolanar edi. Qish sovugʻining shiddati bu simobni shunday bir koʻzguga aylantirdi-ki, uning tiniqligini koʻrgan koʻzgu simobdek erib ketdi.
Shu tariqa yuksak badiiy mahorat, yangi timsollar va epizodlar bilan shoir tabiat va inson oʻrtasidagi mukammal uygʻunlikni, vobastalikni tasvirlaydi.
Hazrat Navoiy har sohada va har damda avlodlari bilan hamnafas ekanlar, goʻyo bugungi kunda jamiyatimizda tabiatni asrash, ekologik muhitning sogʻlomligiga putur yetkazmaslik, jonimizdan aziz farzandlarimiz kelajagi uchun goʻzal bogʻu rogʻlar, sharqirab turgan soyu daryolar, musaffo havo va begʻubor osmonni benuqson holda qoldirirish lozimligini uqdirayotgandek boʻladi. Zero, buyuk mutafakkirning muqaddas orzusidagi komil inson timsoli boʻlmish Farhod ham hayot davomiyligi uchun eng zarur boʻlgan tabiat neʼmati — suv keltirishni, ariq qazish ishini hayotining mazmuni deb bilgan edi.
Dilorom SALOHIY,
Samarqand davlat universiteti professori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring