“CAFA National Cup” musobaqasi boshlanishiga 4 kun qoldi

16:49 25 Avgust 2025 Sport
216 0

Shu yilning 29-avgustidan 8-sentyabriga qadar Oʻzbekiston va Tojikiston mamlakatlarida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (yaʼni CAFA) tomonidan “CAFA National Cup” musobaqasi tashkil etiladi.

Bugun ushbu musobaqa formati, tarixi va boshqa jihatlariga toʻxtalamiz.

Musobaqa tarixi

2015-yilning iyun oyida Markaziy Osiyo davlatlari – Oʻzbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiz Respublikasi, Afgʻoniston, shuningdek, Eron Islom Respublikasi mamlakatlari futbol federatsiyalari tomonidan ushbu mintaqadagi futbolni yanada rivojlantirish maqsadida CAFA tashkiloti tuzildi. Tashkilot oʻz oldiga Markaziy Osiyo mamlakatlari futboli rivoji, xalqaro musobaqalar tashkil qilish, yoshlar va ayollar futbolini qoʻllab-quvvatlash kabi maqsadlarni belgiladi.

2022-yilga qadar CAFA tomonidan U-17, U-20, U-23 yosh toifalari boʻyicha ham yigitlar, ham qizlar oʻrtasidagi chempionatlar oʻtkazildi. Shuningdek, tashkilot futzal boʻyicha ham mintaqada koʻplab turnirlar tashkil qildi.

Ammo ushbu 6 mamlakat futbol muxlislarining boshqa azaliy orzusi bor edi. U ham boʻlsa, aynan tashkilotga aʼzo mamlakatlar milliy terma jamoalari oʻrtasida musobaqa oʻtkazish.

Ushbu orzuga koʻplab saʼy-harakatlardan soʻng 2023-yilda erishildi. Oʻshanda Oʻzbekiston va Qirgʻiz Respublikasi mamlakatlarida tashkilotga aʼzo 6 ta mamlakat, shuningdek, Ummon Sultonligi terma jamoasi ishtirokida “CAFA National Cup 2023” musobaqasi oʻtkazildi. Final “Bunyodkor” stadionida boʻlib oʻtdi va unda Eron terma jamoasi Sardor Azmun kiritgan yagona gol evaziga Oʻzbekistondan ustun keldi. Shundan soʻng, tashkilot ushbu turnirni har 2-yilda bir bor oʻtkazishni oʻz nizomiga kiritdi.

2025-yilgi musobaqa

2025-yilning aprel oyida Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi CAFAʼning 10-yilligiga bagʻishlab ushbu turnirni avgust-sentyabr oylarida 8 ta jamoa bilan oʻtkazishini eʼlon qildi. Unga koʻra, musobaqada tashkilotga aʼzo 6 ta mamlakatdan tashqari yana 2 ta mehmon jamoa ishtirok etishi belgilandi.

Malayziya

Dastlab, musobaqada qatnashish uchun Malayziya taklif etildi. Terma jamoa bu taklifni qabul qildi. Hattoki, Malayziyaning “Astro Arena” telekanali musobaqalarni translyatsiya qilish huquqini sotib oldi.

Ammo yakunda Malayziya futbol assotsiatsiyasi quyidagi bayonot bilan chiqdi:

«Bizning terma jamoa futbolchilari Ispaniya, Argentina, Kolumbiya va Yaponiya kabi mamlakatlar ligalarida toʻp tepishadi. Ularni FIFA kunidan oldinroq Tojikistonga yetkazib borish juda qiyin. Musobaqaning FIFA kunidan oldin oʻtkazilishi logistika, tiklanish va byudjetga taʼsir qiladi. Musobaqaga toʻliq boʻlmagan tarkib bilan borishga qarshiman.

Biz sentyabr oyida yaxshi tayyorgarlik koʻrib, oktyabr va noyabr oylaridagi muhim oʻyinlarga yaxshi holatda bormoqchimiz. CAFA musobaqasining oʻrniga biz sentyabr oyida Kuala-Lumpurda yigʻin oʻtkazamiz va bu yigʻin Osiyo kubogi saralash bahslaridan oldin juda muhim ahamiyat kasb etadi».

Bu bayonotga esa Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi quyidagicha raddiya berdi:

“Malayziya ushbu turnirda qatnashishini oldindan tasdiqlagan edi. Turnir sanasi – 2025-yil 29-avgustdan 8-sentyabrgacha – avvalroq belgilangan boʻlib, sanalar oʻzgarishi koʻzda tutilmagan. CAFA turnirni yuqori saviyada va raqobatbardosh tarzda oʻtkazish majburiyatiga sodiq qoladi hamda ishtirok etayotgan barcha milliy jamoalarga samimiy minnatdorchilik bildiradi”.

Qurʼa tashlash

2025-yilning 3-iyul kuni musobaqaning guruh bosqichiga qurʼa tashlandi. Qurʼa oldidan mezbon boʻlgani uchun “A” guruhiga Oʻzbekiston, “B” guruhiga Tojikiston joylandi.

Qurʼa natijalari quyidagicha boʻldi:

“A” guruhi

Oʻzbekiston

Qirgʻiz Respublikasi

Turkmaniston

Ummon Sultonligi

“B” guruhi

Tojikiston

Eron

Afgʻoniston

Hindiston

Malayziya jamoasi musobaqada ishtirok etishdan bosh tortganidan soʻng, uning oʻrniga Hindiston termasi jalb etildi.

Musobaqa oʻtadigan maydonlar

Tojikistonda oʻtadigan guruh bosqichi oʻyinlari 20 ming oʻrindiqqa ega Hisordagi “Hisor markaziy stadioni”da boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston mezbonligi ostidagi oʻyinlar esa dastlab “Paxtakor” va “Bunyodkor” stadionlarida boʻlishi rejalashtirilgandi. Ammo, “Paxtakor” stadioni musobaqagacha tayyor boʻlmadi. “Bunyodkor” stadioni esa musobaqa arafasida mashhur xonanda Jennifer Lopesning konsert dasturiga mezbonlik qildi. Shundan soʻng, maydon maysasi qayta tiklanmadi.

OʻFA matbuot xizmati xabar berishicha, Oʻzbekiston milliy jamoasi ishtirokidagi oʻyinlar Olimpiya shaharchasida joylashgan stadionda oʻtkaziladi va soat 19:30 da boshlanadi. Guruhdagi boshqa bahslar “JAR” stadionida boʻlib oʻtadi.

8-sentyabr kungi final uchrashuviga ham “Olimpiya” stadioni mezbonlik qiladi.

Musobaqa sanasi

“CAFA National Cup” musobaqasining “B” guruhi oʻyinlari 29-avgustdan 4-sentyabrgacha boʻlib oʻtadi. “A” guruhi bahslari esa 30-avgustdan 5-sentyabrgacha tashkil etilishi rejalashtirilgan.

8-sentyabr kuni Hisorda 3-oʻrin uchun tashkil etiladigan bahs boʻlib oʻtadi. Xuddi oʻsha kuni Toshkent shahrida musobaqa finaliga start beriladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер