Bumayram opaning mehr gullari

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bagʻdod tumanida Bumayram Hasanova gulchi opa sifatida tanilgan. Oʻn yildan ortiq vaqt mobaynida gulchilik bilan shugʻullanib kelayotgan nafosat olami shaydosi hamisha tinib-tinchimasligi, yangilikka intilishi tufayli mahalladoshlarining mehrini qozondi.
Aslida bugungi kunda opani nafaqat bagʻdodliklar, qoʻshni Oʻzbekiston, Uchkoʻprik tumanlari, qoʻyingki, viloyat miqyosida ham yaxshi tanishadi. Sababi, opa parvarishlagan mavsumiy, bir va koʻp yillik anvoyi gullar Qoʻqon hududi tumanlarida, viloyat boʻylab tobora ommalashib bormoqda. Shunga qaramay, gulchilar oilasi bir kun ham izlanish va intilishdan toʻxtagani yoʻq. Yilning toʻrt faslida ham opa tinim bilmaydi. Farzandlari unga yaqin koʻmakchi. Shundan oilada fayz va baraka bor. Nafosat olami goʻzalliklari oila aʼzolarining kundalik mehnat faoliyatida toʻliq aks etadi.
— Qishlogʻimiz koʻhna tarixga ega boʻlib, azaldan dehqonchilik, tadbirkorlik, hunarmandchilik yaxshi rivojlangan, — deydi “Ultarma” MFY raisi Iqboljon Mahmudov. — Bugun mahalla ahli ota-bobolardan meros ishni oʻzgacha mehr va ishtiyoq bilan davom ettirmoqda.
Mahalladagi Jarqishloq koʻchasida yashovchi Hasanovlar oilasi gul koʻchatlari yetishtirish boʻyicha oʻziga xos tajriba maktabi yaratgan. Xonadondagi 6 sotix issiqxonadan gulchilik faoliyati orqali bir yilda oʻrtacha 300 million soʻm daromad oladi. Mirishkor oila sohiblari mahalladagi boʻsh turgan tomorqalar, yoʻl boʻylaridan ham unumli foydalanib, daromad salmogʻi yanada koʻpayishiga erishmoqda.
— Mehnat qilgan eldi aziz, — deydi gulchi opa.— Shu ishimiz tufayli davlatimiz, xalqimiz eʼtibori hamda mehridan bahramand boʻlmoqdamiz. Bundan ikki yil oldin viloyat hokimi xonadonimizga kelib, koʻksimga “Ilgʻor tomorqachi” koʻkrak-nishonini taqib ketdi. Bugun qayerga borsam, hamyurtlarimiz meni taniydi. Mehnatimni alohida hurmat bilan eʼtirof etadi.
Oilaning erkatoy qizi Munisa qoʻshni qishloqqa kelin boʻlib, mazkur xonadonni gulu chamanzorga aylantirdi. Hozirda mazkur oilada mavsumiy gullar, manzarali daraxt koʻchatlari yetishtirib sotiladi. Qudalar ham shunday qiz tarbiyalagani uchun Bumayram opadan minnatdor. Oilaning suyangan togʻi Qilichbek ham onasiga yelkadosh. Ona-bola birgalikda 150 xildan ortiq noyob gul koʻchatlarini yetishtirmoqda. Bu gullarning xaridori naqd, shu bois katta yoʻl boʻyidagi gul rastasi hamisha gavjum.
Albatta, gulchilik sohasida ham ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalari juda muhim. Yangilikka intilib, faoliyat koʻlamini tobora takomillashtirib bormasangiz, halol raqobat sharotida orqada qolish aniq. Shuning uchun ham oila aʼzolari muntazam ravishda mamlakatimiz, dunyo miqyosidagi yangiliklarni sinchiklab kuzatib boradi. Ushbu oila gulchilikka yondosh soha sifatida qish va erta bahorda archa, pavloniya singari oʻnlab turdagi manzarali koʻchatlar ham yetishtiradi.
—Oʻtgan yili Niderlandiyadan olib kelingan yangi gul koʻchati urugʻini mahalliy sharoitda koʻpaytirishga muvaffaq boʻldik, — deydi gulchi opa.—Bu navning noyobligi shundaki, u yilning toʻrt faslida, hatto qish mavsumida ham birdek ochilib, borliqqa anvoyi ifor taratadi. Dastlab Bagʻdod tumani markaziy koʻchalariga, keyin buyurtma asosida qoʻshni tumanlarga ham olib borib ekib berdik. Bugungi kunda koʻproq oq ranglisi ekilayotgan boʻlsa, yaqin istiqbolda qizil, sariq rangli navlarini ham koʻpaytirishni maqsad qilganmiz.
Soʻnggi yillarda Bagʻdod tumanida intensiv usulda Nidarlandiya lolalari, rang-barang gullarini parvarish va moʻmay daromad olish tobora ommalashmoqda. Bu gulchilik sohasida nafaqat ichki bozor ehtiyojini toʻldirish, balki eksport qilish imkonini bermoqda. Bundan har qancha quvonsak, faxrlansak arziydi.
Bayram kunlari Bumayram opaning gul doʻkoniga tashrif buyuruvchi mehmonlarning koʻngli togʻdek koʻtariladi. Opa har bir mehmonga yal-yal tovlanib, kayfiyatni koʻtaradigan anvoyi gul sovgʻa qiladi. Biroz ikkilanib turgan mehmonga, gulchi opa mayin tabassum qiladi:
—Bu mehr gullari, olavering! Hayotingiz guldek chiroyli boʻlsin...
Dunyoni goʻzallik qutqaradi, deganlari shu boʻlsa kerak-da. Bumayram opaning mehr gullari qalblarga hamisha goʻzallik ulashaversin!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring