Bulungʻurda “Pomidor sayli”
Bulungʻur tumanining Fozil Yoʻldosh nomidagi mahallasida “Pomidor sayli” oʻtkazildi. Tadbirda Samarqand viloyatining tumanlarida yetishtirilgan pomidorlar bilan birga qayta ishlovchi korxonalarning mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Pomidor urugʻlari, navlari, undan turli mahsulotlar tayyorlash usullari ham namoyish qilindi.

Saylning ochilishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev soʻzga chiqib, pomidor nafaqat xalqimiz dasturxonining asosiy neʼmatlaridan biri, balki viloyat qishloq xoʻjaligida muhim ahamiyatga ega mahsulotlardan ekanini taʼkidladi.

Joriy yilda Samarqand viloyatida 2631 gektar ochiq maydonda, 239 gektar issiqxonalarda pomidorning kasallikka chidamli va sermahsul navlari ekilgan.

— Viloyatimizda har yili yuz ming tonnalab pomidor yetishtirilib, mahalliy bozorlarimizni taʼminlash bilan birga, xorijiy mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda, — dedi viloyat rahbari. — 2024-yilda qiymati 3,2 million dollarlik pomidor va konserva mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Joriy yilning 8 oyida eksport koʻrsatkichi 2,1 million dollarga yetkazildi. Yil yakuniga qadar bu koʻrsatkich 4,3 million dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

“Pomidor sayli” doirasida tashkil etilgan tanlovda 1-oʻrin Pastdargʻom, 2-oʻrin Bulungʻur, 3-oʻrin Narpay tumani vakillariga nasib etdi. Shuningdek, saylda faol ishtirok etgan shahar va tumanlar hamda viloyat tashkilotlari vakillari ham taqdirlandi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
- Bir asrlik tarixga guvoh bino taqdiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring