Buxoroning tarixiy qiyofasi saqlab qolinadimi?

19:12 12 Fevral 2021 Jamiyat
632 0

Yurtimizning noyob madaniy meros obyektlarini, qadamjolarni koʻrish, ziyorat qilish uchun dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan sayyohlar kelishadi.

Maydoni 216 gektar, muhofaza hududi 339 gektarni tashkil etgan “Buxoro tarixiy markazi” xorijiy mehmonlar eng koʻp tashrif buyuradigan ana shunday qadimiy goʻshalardan biridir. Mazkur hudud YUNESKOning 1993-yilda boʻlib oʻtgan 17-sessiyasida Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Fuqarolik majburiyatini his etyapmizmi?

— Yuqoridagi kabi hudud va har bir madaniy meros obyektini asrab-avaylash, kelajak avlodga ularning bemisl goʻzalligini saqlagan holda yetkazish, mamlakatimizning turistik salohiyatini oshirish maqsadida yurtimizda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan, — deydi viloyat Madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Sherzod ­Mahmudov. — Bunga misol qilib, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49-moddasini keltirish ­mumkin.

Mazkur moddada “Fuqarolar Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar. Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir”, deya fuqarolarimiz zimmasiga majburiyat ­yuklatilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi qaroriga muvofiq alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar, tarixiy-madaniy qimmatiga koʻra, YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlar, ularning bufer zonalarida bino va inshootlarni qurish yoki buzish boʻyicha loyihalarga Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros depar­tamentining Ilmiy-ekspert kengashi va YUNESKO Umumjahon merosi markazi tomonidan ijobiy xulosalar olinganidan soʻng qurilish-taʼmirlash ishlarini boshlash mumkinligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

Mazkur hududlarda noqonuniy qurilish ishlari aniqlangan taqdirda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 64-moddasiga asosan fuqarolar BHMning ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslar yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha jarima toʻlashga yoki Jinoyat kodeksining 132-moddasiga asosan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab boʻladi.

— Afsuski, madaniy meros obyektlari va “Buxoro tarixiy markazi”ni asl holida saqlash hamda uni muhofaza etishga doir koʻplab qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan boʻlishiga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib, oʻzboshimchalik bilan, milliy meʼmorchiligimizga mos kelmaydigan dizayn asosida noqonuniy qurilish hamda taʼmirlash ishlari olib borilmoqda, — deydi mazkur boshqarma bosh mutaxassisi Shohabbos Sharofiddinov. — Shu oʻrinda bir necha misol. Bahouddin ­Naqshband koʻchasida yashovchi fuqarolardan biri Madaniy meros departamenti huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi ­bilan oldindan kelishmasdan oʻziga ­tegishli uyni buzib yangisini qurishga kirishgan. Shu sababli fuqaroga nis­batan qonunda koʻrsatilgan tartibda jazo choralari koʻrildi.

Yoki 1636-1637-yillarda barpo etilgan Magʻoki Koʻrpa masjidining orqa tomonida yashovchi fuqaro oʻziga tegishli uyni buzib, oʻrniga Yevropa uslubida uch qavatli bino qurganligi aniqlandi. Hozirgi kunda unga nisbatan qonuniy chora koʻrish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Haqiqat koʻchasida joylashgan “Soʻzangaron” mehmonxonasi egalari esa ruxsat etilgan balandlikdan bir necha barobar oshirgan holda imorat qurishgani aniqlandi.

Madaniy merosimizga, tariximizga befarq, fuqarolik majburiyatini unutgan bunday kimsalar borligi achinarli, albatta.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor

Bahouddin Naqshband koʻchasidagi 134-uyda yashovchi Maxfirat Toʻxsanova viloyat Madaniy meros boshqarmasiga murojaat etdi. Uning maʼlum qilishicha, “Buxoro madaniy markazi” hududida joylashgan hovlisining devori qulab tushgan.

— Juda noqulay vaziyatdamiz, — deydi u. — Issiq suvdan foydalana olmayapmiz. Chunki hojatxonayu hammomga ham ziyon yetdi. Devorni tezroq qayta tiklamasam qiynalib qolamiz. Buning uchun ruxsatnoma kerak. Shu masalada yordam soʻrab keldim.

Boshqarma rahbaru mutaxassislari murojaatchiga imkon qadar koʻmaklashish chora-tadbirini koʻrishdi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor, deganlaridek, mabodo, Maxfirat Toʻxsanova qulagan devoru hojatxona oʻrnida tamoman yangi bino qurish niyatida boʻlsa-chi? Unda masala ancha chigallashadi. Negaki, buning uchun Madaniy meros departamenti huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining ruxsati kerak. Bunday ruxsatni esa amalda haftalab, oylab kutishga toʻgʻri kelmoqda. Binobarin, oddiy fuqaroning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, qurilish va taʼmirlash boʻyicha loyihalarni kelishish jarayoni soddalashtirilsa, ularni koʻrib chiqish uchun belgilangan toʻlovlar miqdori ham kamaytirilsa, ayni muddao boʻlardi.

— “Buxoro tarixiy markazi”dagi obyektlarning 15, nari borsa 20 foizini tarixiy yodgorliklar tashkil etadi, — deydi “ARC” meʼmorchilik firmasi loyiha bosh arxitektori Zoirshoh Qilichev. — Qolgani esa aholi turarjoylaridir. Bu uylarda yashovchilar zamonaviy shart-sharoitlarda istiqomat qilishni xohlashadi, albatta. Negaki, bu uylar yogʻochdan qurilgan. Vaholanki, choʻpkori uylar 70 — 80, nari borsa, 100-yilgacha yaroqli boʻladi.

Hozirgi kunga qadar tarixiy obidalar restavratsiyasiga, ularni taʼmirlashga mablagʻ ajratib kelinmoqda. Ammo tarixiy markazdagi eski uylarda yashovchilar negadir eʼtibordan chetda qolishyapti. Holbuki, madrasa-masjidlar, mahobatli minorayu karvonsaroylar qurish gʻoyasi aynan shu uylarda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizdan chiqqan. Meʼmorchilik sanʼati ildizi shu qadimiy uylarga borib taqaladi.

Buxoro meʼmorchiligida oʻzidan yorqin iz qoldirgan taniqli arxitektor ­Mahmud Ahmedovning shogirdi sanalgan Zoirshoh aka tarixiy shaharlarimizning asl qiyofasini saqlab qolish yuzasidan juda koʻp joʻyali fikrlarni oʻrtaga tashladi.

— Buxoroi sharif urbanizatsiya jarayonini boshdan kechirgan, rivojlangan qadimiy shahar hisoblanadi, — deydi u. — Binobarin, bu kabi qadimiy kentlarimizda ish boshlayotgan masʼullar “Eski shahar nima degani oʻzi, nega uni YUNESKO roʻyxatga olgan?” degan savollarni oʻz oldiga qoʻyishi, maʼlum bir bilim va malakaga ega boʻlishi zarur. “Buxoro tarixiy markazi”dagi qadimiy uylarga qaytadigan boʻlsak, ularni ilmiy izlanishlar negizida YUNESKO ­talabiga mos ravishda bosqichma-bos­qich rekonstruksiya, restavratsiya, renavatsiya qilish, aholiga imtiyozli kredit aj­ratish chora-tadbirlarini koʻrish ­kerak. ­Negaki, odamlarning ilmiy restavratsiya qilish uchun qurbi yetmaydi.

Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: odamlar deylik, nega Sochiga borishadi? Chunki u yerda sihatgohlar, plyajlar bor. Qora dengiz boʻlmaganida u yerga kim borardi? Hech kim. Inchunin, osoriatiqalarimizni asl holida saqlash toʻgʻrisida jiddiy oʻylashimiz kerak. Chunki xorijiy sayyoh “Buxorodagi qadimiy devorda saqlanib qolgan bir parcha naqshni koʻraman”, degan maqsadda minglab chaqirim yoʻl bosib shahrimizga keladi. Agar sharif shahrimizning asl qiyofasini saqlab qolmasak, bu yerga sayyohlarning tashrifini kutish mumkinmi?!

Buxoroga Buxoroni koʻrgani kelgandi. Ammo...

— Yaqinda Yevropadan kelgan sayyohga hamrohlik qildim, — deydi tanish gidlardan biri. — Qadimiy Ark, Labi Hovuz, Poyi Kalon, Sitorai Mohi Xossani miriqib tomosha qilgan mehmonimiz kutilmaganda yangi shaharni ham koʻrmoq istagini bildirdi.

Uni shahrimizning yaqinda qad rostlagan 7-mavzesi, unga yondosh 5-mavzesiga olib bordik. Ortga qaytayotganimizda sayyohdan taassurotlarini soʻradik. Soʻradigu tilimizni tishlab qoldik. “Yangi shahringizni tomosha qilgani behuda vaqt sarfladim, — dedi u. — Bu yerda milliy arxitektura anʼanalaridan asar ham yoʻq ekan”.

Ha, bu ochiq va achchiq gap edi!

Taassufki, sayyohning gapida jon bor. Chindan ham, koʻp qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha obyektlari qad rostlagan va rostlayotgan goʻshalarda milliy meʼmorchiligimizga xos unsurlar sezilmaydi. Sharqona uslub koʻzga tashlanmaydi. Ular kishiga bir qolipdan tushgan gʻisht­ni eslatadi. Axir sayyoh Buxoroga sovuq oʻlkalarning qaysidir bir shahri qiyofadoshini emas, Buxoroni koʻrgani keladi.

— Bu eng katta muammolarimizdan biri, — deydi Zoirshoh Qilichev. — Agar rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan boʻlsak, ularda yangi quriladigan har bir uy tajribali mutaxassislar muhokamasidan, bahsu munozarasidan oʻtadi. Keyin quriladi. Shu bois oʻlaroq, deylik, Sidney, Kanberra, Dubay kabi shaharlar sayyohlarni xuddi ohanrabodek oʻziga tortmoqda.

Bilasiz, tabiiy iqlim har qayerda har xil. Agar uylar mahalliy iqlim sharoitiga mos, havoning issiq-sovuqligi, changlanish darajasi va boshqa shu kabi omillar inobatga olinib qurilsa, bizda ham ajoyib arxitektura hosil boʻladi. Afsuski, ayrim “mutaxassislar” almisoqdan qolgan uylardan nusxa olib, koʻp qavatli uylar qurishda davom etmoqda.

Shu oʻrinda aytish joizki, “ARC” meʼmorchilik firmasida mahalliy shart-sharoitga mos, oʻziga xos dizaynga ega koʻplab loyihalar tayyorlangan va amaliyotga tatbiq etilgan. Firma mutaxassislari bizni ularning ayrimlari bilan tanishtirdi.

Darhaqiqat, bu uylarda sharqona uslub bor. Ularning hatto tomidan ham foydalanish mumkin. Yana bir eʼtiborli jihati, shu loyiha asosida bino qurilayotganida yon-atrofdagi birorta daraxtga ziyon yetmagan.

“Har bir uyning konsepsiyasini ishlab chiqyapmiz”

— Eski shaharni asl holida saqlab qolish ham dardimiz, ham muammomiz, — deydi Sherzod Mahmudov. — Hozir viloyat hokimligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda har bir uyning konsepsiyasini ishlab chiqyapmiz. Har bir oilaning imkoniyati oʻrganilmoqda. Kimdir yaroqsiz ahvolga kelgan uyini bir qavatli, yana kimdir ikki qavatli qilib qayta tiklashi mumkin. Shunga aniqlik kiritamiz. Lekin uylarning tom qismi tashqi koʻrinishi birxillashadi.

Fikrimizcha, hududning Oʻrta asrlarga xos qiyofasini saqlab qolish uchun madaniy-maishiy obyektlarga ham eʼtibor qaratish zarur. Bu haqda bejiz toʻxtalmayapmiz.

— Agar Ark qoʻrgʻoni tepasidan nazar tashlasangiz, yon-atrofdagi ayrim eski inshootlar tom qismi tunuka bilan qoplanganini koʻrasiz, — deydi meʼmor ­Zoirshoh Qilichev. — Bu manzara kishiga ajnabiy shaharlarni eslatadi. Vaholanki, oʻtgan asrning 20-yillarida bu binolar tomi tekis koʻrinishda edi. Binobarin, inshootlar tom qismini qadimiy obidalarnikiga monand holga ­keltirishimiz zarur. Shunda uygʻunlik, yaxlit manzara hosil boʻladi.

Yana bir mulohaza. Buxoroning murakkab iqlim sharoitida dov-daraxtlarning ahamiyati katta. Afsuski, yaqin oʻtmishda ularning koʻpi qurilish-obodonchilik vaji bilan kesildi. Archa oʻtqazishga ruju qoʻyildi. Vaholanki, mahalliy iqlim sharoitiga mos tut, chinor va qayragʻochni koʻpaytirish maqsadga muvofiq. Bunga qadimiy shaharning jozibador qiyofasini saqlab qolish bilan bogʻliq masala sifatida qarash kerak.

Zero, Buxoroi sharifning asl koʻrinishini asrab-avaylash va uni kelgusi avlodlarga ziyon-zahmatsiz yetkazish tarix oldidagi insoniy burchimizdir!

Istam IBROHIMOV (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?