Buxoroning sayyohlik salohiyati

16:12 05 Sentyabr 2024 Jamiyat
306 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi tomonidan yurtimizda navbatdagi loyiha amalga oshirildi. Unga koʻra, quvaytlik taniqli jurnalist, media-konsultant, instagram ijtimoiy tarmogʻi sahifasida 21 millionga yaqin kuzatuvchisi boʻlgan Abdulkarim Falih al-Hindal al-Hoshimiy Buxoroga kelib, qadimiy shahar bilan yaqindan tanishdi.

— Qadimiy shahringizning har bir koʻchasidan tarix ufurib turibdi, — deydi u hayratini yashirolmay. — Ota-bobolaringiz aql-zakovati mahsuli boʻlgan madrasa-yu masjidlar, minorlar, xonaqolar, karvonsaroylar, savdo toqlari, shuningdek, milliy qadriyatlar, anʼanalar kuvaytliklarni oʻziga rom etishi tayin. Shu boisdan men Buxoroning sayyohlik salohiyatini targʻib etishga bel bogʻladim.

Soʻzni xorijlik hamkasbimizning eʼtirofidan boshlaganimiz bejiz emas. Turizm ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega keng qamrovli soha ekanligi bilan ajralib turadi.

— U daromadliligi boʻyicha dunyoda uchinchi oʻrinda turadi, — deydi Buxoro davlat universitetining xalqaro hamkorlik boʻyicha prorektori Abror Joʻrayev. — Bu fikrni Butunjahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) maʼlumotlari tasdiqlaydi. Ularga koʻra, butun jahon yalpi ichki mahsulotining 10 foizdan ortigʻi, investitsiyalarning 7, soliq tushumlarining 5, isteʼmolchilik xarajatlarining 11 foizi turizm industriyasi ulushiga toʻgʻri keladi. Biz uchun yanada ahamiyatli boʻlgan jihati shundaki, soha kam xarajat qilgan holda koʻp ish oʻrni yaratish imkonini beradi. Deylik, dunyo boʻyicha har 16 ta yangi ish oʻrnining bittasi turizmga taalluqlidir.

Tahlillar koʻrsatayaptiki, viloyatda turizm tarmogʻida ish bilan band boʻlganlar soni 52 ming nafardan ziyod. Bu 2016-yildagiga nisbatan qariyb 15 baravar koʻp. Xoʻsh, bu natijaga nimalar evaziga erishilmoqda?

Oʻtgan davr mobaynida mehmonxonalar soni salkam besh martaga oshdi. Ular bir paytning oʻzida 14 ming nafardan ziyod mehmonni qabul qilish imkoniga ega. Hozir 140 dan ziyod turistik kompaniya faoliyat koʻrsatmoqda. 100 dan ortiq restoran, 300 dan ortiq avtobus va mikroavtobus mehmonlar xizmatida. Ziyorat turizmi ham jadal rivojlanmoqda. Bunga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yetti pir ziyoratgohida amalga oshirilgan keng qamrovli obodonchilik, bunyodkorlik ishlari muhim omil boʻlyapti.

Bizga masʼullar ayrim statistik maʼlumotlarni taqdim etishdi. Ularga razm solinsa, 2023-yilda viloyatga 1, 387 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgani maʼlum boʻladi. Vaholanki, 2016-yil yakunida bu koʻrsatgich atigi 170 ming nafarni tashkil etgan edi.

Davlatimiz rahbari topshirigʻi bilan birgina 2023-yilda 160 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. Buxoro tarixiy markazidagi 40 dan ziyod, tumanlardagi qator madaniy meros obyektlari restavratsiya qilindi. Natijada qoʻshimcha turizm obyektlari ishga tushdi.

— Turizm deyilganda shubhasiz, investitsiya, eksport, yangi ish oʻrinlari, qolaversa, kambagʻallikni qisqartirish masalalari tushuniladi, — deydi A. Joʻrayev. — Bu boradagi tashabbus va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy asoslangan tahlil va takliflarni ishlab chiqish, turizm sohasini malakali kadrlar bilan taʼminlashda taʼlim tizimi muhim oʻrin tutadi.

Buxoro va qoʻshni viloyatlar uchun turizm sohasi kadrlari Buxoro davlat universiteti hamda Buxoro turizm texnikumida tayyorlanyapti. Universitetda bu borada bazaviy muassasa sifatida iqtisodiyot va turizm fakulteti faoliyat koʻrsatmoqda. Turizm, mehmonxona xoʻjaligini boshqarish kabi taʼlim yoʻnalishlarida 620 nafarga yaqin bakalavriat va magistratura talabasi taʼlim olyapti. 30 nafarga yaqin doktorant va mustaqil izlanuvchi ilmiy ishlar bilan band. Yaqinda ushbu taʼlim dasturlari Butunjahon turizm tashkiloti UNWTO ning TedQual akkreditatsiyalash tizimi auditidan muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Aytmoqchi, Buxoro davlat universiteti Oʻzbekistonda TedQual akkreditatsiyasidan oʻtgan birinchi taʼlim muassasasi sanaladi.

Buxoroda sayyohlik oqimi koʻpaymoqda. Jarayon qoʻshimcha turizm infratuzilmalarini yaratish zaruratini ham kun tartibiga qoʻymoqda. Negaki, mavjud infratuzilma yiliga koʻpi bilan 1,5-2 million nafar xorijiy sayyohni qabul qilish imkoniga ega. Vaholanki, 2030-yilgacha viloyatga tashrif buyuradigan mehmonlar miqdorini 10 milliondan oshirish, bunda xorijiy sayyohlar sonini 5 million nafarga yetkazish, 2,5 milliard dollar qiymatida turizm xizmatlari koʻrsatish maqsadi koʻzda tutilgan.

Ana shular hisobga olingan holda viloyatda 600 dan ortiq katta-kichik joylashtirish vositalari, yirik xalqaro brend asosida faoliyat yurituvchi oʻnlab mehmonxonalar qurish, turizm biznesi va gastronomik obyektlar tashkil etish hamda transport logistikasi ishlarini kuchaytirish choralari koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?