Buxoroda turizmning barcha turlari rivojlanmoqda
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, vazirlik tasarrufidagi Turizm qoʻmitasi tomonidan Buxoro viloyati, Romitan tumani, Marziya MFYda joylashgan “BUKHARA DESERT OASIS & SPA” ekoturizm maskaniga press-tur tashkil etildi.
Maʼlumot uchun, 16–20 oktyabr kunlari Samarqand Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasiga mezbonlik qiladi. Bu, tabiiyki, yurtimizga kelayotgan turistlar sonining yanada oshishini taʼminlaydi. “BUKHARA DESERT OASIS & SPA” ekoturizm obyekti esa xorijiy turistlarni yanada oʻziga jalb qiladi.
“BUKHARA DESERT OASIS & SPA” ekoturizm maskani 2020-yil mart oyida ishga tushirilgan boʻlib, hududi 8 gektarga teng. Obyekt mahalliy va xorijiy sayyohlarga turistik xizmatlar koʻrsatishga moʻljallangan, yiliga 24 000 nafar xorijiy sayyoh va 270 000 nafar mahalliy sayyohlarni qabul qilish imkoniyatiga ega. Bu yerda hozirda 100 oʻrindan iborat 14 ta oʻtov mavjud.
Shuningdek, turizm obyektida 50 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan va 30 xildan ortiq turistik xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan.
Taʼkidlash joizki, ekoturizm maskani turizmning bir nechta yoʻnalishlarini qamrab olgan.
Ekologik turizm — Buxoro vohasining Qizilqum mintaqasida joylashgan ushbu hududda qum barxanlari va saksovulzorlarning ajoyib manzarasi bagʻrida ot va tuyalarda sayohat qilish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, yoʻl tanlamas avtotransport vositalarida (jip, kvadratsikl) maxsus trassalar boʻylab sayohat xizmatlari tashkil etilgan. Choʻl hududida 30 gektar maydonda mevali daraxtlardan iborat bogʻ yaratilgan va kelgusida tejamkor tomchilab sugʻorish tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yer ostida qurilgan issiqxonada turistik markaz uchun barcha kerakli poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.
Tibbiyot turizmi — zamonaviy oʻtovlar, suv havzasi — “plyaj”, kelgusida tashkil etilishi rejalashtirilgan tarixiy-zamonaviy mehmonxona hamda “Spa” sogʻlomlashtirish markazida issiq suv, yod va loy bilan davolash hamda quyosh nurlaridan samarali foydalanish xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan.
Gastronomik turizm — “Amir” restorani, Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan, tarixni oʻzida zamonaviy namoyon qilgan 700 oʻrinli “Shotyor Emira” restorani, ochiq havoda dam olishga xizmat qiladigan 3000 oʻrinli “Karvon Saroy” maydoni, 35 000 oʻringa moʻljallangan “Varaxsho” restorani va “Sari degi” deb nomlangan turli tematikaga moʻljallangan ovqatlanish nuqtalarida har xil millatga mansub mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun restoran xizmatlari tashkil etilgan. Mehmonlar uchun tayyorlanadigan barcha turdagi ovqatlarga qoʻshiladigan kerakli poliz va goʻsht mahsulotlari turistik klasterning oʻzida yetishtiriladi va barchasi ekologik toza hisoblanadi.
Ekstremal turizm — choʻlda jip va kvadrotsikllar yordamida sayr qilish, parashyutdan sakrash, ot va tuya poygalari kabi sayyohlarni qiziqtiruvchi bir qator xizmatlar mavjud. Ayniqsa, parashyutdan sakrash va kvadratsiklda sayohat turistlarga haqiqiy adrenalin bagʻishlaydi.
Arxeologik turizm — moziyga sayr qilishni istagan mehmonlar uchun XVI asrga oid “Boʻrontepa” yodgorligidagi arxeologik izlanishlar natijasida shakllangan shahar qoldiqlari mavjud. Ushbu yodgorlik oʻzbek davlatchiligining asoslari yaratilgan qadim Baqtriya davridan toki XVI-XVII asrgacha Ipak yoʻlida joylashgan muhim markazlardan biri hisoblangan. Turistik markazda alohida muzey burchagi tashkil etilgan boʻlib, tarixiy yodgorliklar qoldiqlarini oʻrganuvchi sayyohlar uchun sharoitlar yaratilgan.
Sport turizmi — mahalliy va xalqaro miqyosdagi sport musobaqalari, milliy xalq oʻyinlari (boks, kurash, koʻpkari, qoʻchqor urishtirish, sakrab tep, arqon tortish) oʻtkazish imkoniyatiga ega maxsus sahna, maydon, tomosha uchun sharoitlar mavjud. Hozirgi kunga qadar bir necha marotaba turli milliy xalq sport oʻyinlari tashkil etib kelinmoqda.
Ov turizmi — 4,5 gektar maydonda baliq havzasida yil boʻyi sayyohlar baliq ovlab, oʻzlari oʻsha joyning oʻzida pishirib isteʼmol qilishlari mumkin.
Mice turizmi — turistik obyektda mahalliy va xorijiy miqyosdagi turli konferensiya va festivallar hamda tadbirlar oʻtkazish imkoniyati yaratilgan. Jumladan, joriy yilning sentyabr oyida sayyohlik oromgohi sahnasida tojikistonlik xonanda va bastakor Daler Nazarovning konserti boʻlib oʻtdi.
Safari turizmi — turistlar choʻl hududida oʻzlari uchun unutilmas taassurotlarga ega boʻlishlari mumkin.
Maʼlumot uchun, joriy yilda 220 nafar xorijlik sayyoh va 14 200 nafardan ortiq mahalliy sayyoh “BUKHARA DESERT OASIS & SPA” maskaniga tashrif buyurdi.
Kelgusida turistik markaz faoliyatini kengaytirib, xorijlik sayyohlarni jalb qilish boʻyicha muntazam ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Malayziya va Indoneziya davlatlaridagi turistik korxonalar orqali targʻibotlar tashkil etilib, ziyorat turizmi yoʻnalishida Buxoroga tashrif buyuruvchi sayyohlarni qoʻshimcha koʻngilochar xizmat turlariga jalb etish boʻyicha muzokaralar olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring