Buxoroda qadimiy baxmal matosini qoʻlda qayta tikish texnologiyasi tiklandi

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro davlat muzey – qoʻriqxonasining amirlik davriga oid kolleksiyasidan xalqimizning aql-u zakovati, yaratuvchanlik mahoratidan darak beruvchi koʻplab eksponatlar oʻrin olgan. Muzey – qoʻriqxona fondining bosh muhofizi Feruza Sharipovaning bildirishicha, ular orasida vaqt taʼsirida taʼmirtalab holga kelganlari ham uchraydi.
Shunday pallada oʻz ishining ustasi sanalgan restavratorlar koʻmakka kelmoqda. Dilmurod Xolov boshliq mutaxassislar yaqinda XIX asrga taalluqligi aytilayotgan saroy amirlari belbogʻini taʼmirladi. Eʼtiborlisi, kumush va tilla suvi yuritilgan bu jihozni asl holiga keltirishga ijodiy yondashildi. Baxmal matoni tikish dastgohda emas, qoʻl kuchi bilan bajarildi.
— Bu bir necha jarayondan iborat boʻldi, — deydi mato restavratsiyasi boʻyicha yaxshigina tajriba toʻplagan Soriya Nosirova. — Bunda bizga avvalo mikroskop orqali qilingan tahlillar asqatdi. Maxsus koʻzoynakdan foydalandik. Tanda va arqoqni tashlagan holda oʻrnidan koʻchgan, yoyilgan baxmalni igna yordamida tikladik. Endilikda uni koʻrgazmaga namoyish etgani qoʻyish mumkin.
Sirasini aytganda, artefaktlarni restavratsiya etish tarixni chuqur bilmoqdan tashqari, sabr-u toqat, did, qunt, mahoratni talab qiladi. Bu hunar etagidan tutmoqqa har kim ham jazm etavermaydi. Shu nuqtayi nazardan muzey – qoʻriqxonada “Loaqal bitta eksponatni saqlab qolsak ham oʻzimizni baxtli hisoblaymiz”, deya faoliyat koʻrsatayotgan restavratorlar borligi naqadar yaxshi. Biroq shtat birligi kamligi, restavratorlar homiylarning yordamiga ehtiyoj sezayotganini ham taʼkidlash kerak. Negaki, ish hajmi koʻp. Butlovchi nodir ashyolarni xarid qilishga ancha-muncha mablagʻ sarflanadi. Restavratorlarga shu masalalarda amaliy yordam kerak. Yoshlarda bu nozik hunarga qiziqish, ishtiyoq uygʻotish masalasi ham bor.
Qadimiy belbogʻga kelsak, Dilmurod Xolovning taʼkidlashicha, baxmal matoni qoʻl kuchi bilan tikkan holda eksponatni qayta tiklash borasidagi tajriba oʻzini oqladi. Endi bu usuldan foydalanib, yirikroq artefaktlarni, deylik, qadimiy toʻnlarni ham restavratsiya qilish mumkin. Darvoqe, buxorolik restavratorlar yaratgan oʻziga xos texnologiya xorijiy ekspertlarni, jumladan, Rossiya davlat Ermitaji mutaxassislarini ham qiziqtirib qoʻydi. Ermitajda Markaziy Osiyo, jumladan Buxoro bilan ham bogʻliq koʻplab eksponatlar saqlanmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring