Buxoroda kotlovan qazish paytida tutash binoning bir qismi qulab tushgani aytildi
Foto: Videodan kadr
“Kun.uz” saytida Buxoro viloyatining Romitan tumanida kotlovan (xandaq) qazish paytida qoʻshni binoning bir qismi qulab tushgani haqida xabar eʼlon qilindi. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov “Xalq soʻzi”ga mazkur holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Bildirilishicha, holat Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganilgan.
«Maʼlum boʻlishicha, qulatilgan mazkur savdo doʻkoni quruvchiga tegishli boʻlib, u ushbu hududda koʻp qavatli bino qurishni maqsad qilgan. Bundan anglash mumkinki, obyektning buzilishi tasodif emas, balki avvaldan rejalashtirilgan holda amalga oshirilgan.
Umuman olganda, mazkur obyekt inspeksiyadan belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan va unda nazorat ishlari doimiy olib borilmoqda», deyiladi munosabatda.
Qoʻshimcha qilinishicha, oʻrganish jarayonida Romitan tumanining Afrosiyob MFY, M.Samosiy koʻchasida yashovchi tadbirkor H.O.ga tegishli boʻlgan mazkur noturar binolari toʻliqligicha buzilib, oʻrnida birinchi qavatida noturar bino hamda yuqori qavatlarda turar joy binolari qurilishi rejalashtirilgani maʼlum boʻlgan.
“Qurilishi rejalashtirilgan 7 qavatli turar joy binosining barcha qurilish osti va shaharsozlik hujjatlari belgilangan tartibda vakolatli tashkilotlar tomonidan tasdiqlanib, belgilangan tartibda eski binolarning buzilish ishlari amalga oshirilmoqda”, deydi Saidnosir Usmonov.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Samarqand viloyati Pastdargʻom tumani Juma shahrida kotlovan (xandaq) qazilayotgan paytda qoʻshni uy qulab tushgani haqida xabar berilgandi. Keyinchalik holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 173-moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Davron Kabulovning otasi “oʻgʻrilik” boʻyicha sudlanib, qariyb 345 mln soʻm jarimaga tortilgani maʼlum boʻldi
- Isroil va Eron nizosi yangi bosqichga chiqdi
- Sen yetim emassan: Odamiylik timsoliga aylangan oila
- Prezident yangi qaror imzoladi
- Prezidentning yangi qarori eʼlon qilindi
- Oʻzbekistonning Pokistondagi yangi elchisi tayinlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring