Buxoroda ilk bor organik paxta yetishtirilmoqda
Dunyoda ekologik toza qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talab oshmoqda. "BCT CLUSTER” xorijiy korxonasi tarkibiga kiruvchi “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS” masʼuliyati cheklangan jamiyati shuni hisobga olgan holda Buxoroda ilk bor organik paxta yetishtirishni yoʻlga qoʻydi. Romitan tumanida faoliyat koʻrsatayotgan mazkur korxona dalalarining 105 gektari aynan shu maqsad uchun ajratilgan.
— “Organik paxta yetishtirish” loyihasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining mamlakatimizdagi vakolatxonasi va “CONTROL UNION” xalqaro sertifikatlash tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Binobarin, loyihani roʻyobga chiqarishning masʼuliyati, oʻziga xos talablari bor, — deydi shu jamiyatga daxldor PETROMARUZ Manaqement kompaniyasi maslahatchisi, loyihalar bosh koordinatori Inoyat Nurov. — Chunonchi, ekishda kimyoviy ishlov berilgan urugʻlik chigitdan, gʻoʻza parvarishi jarayonida karbamid, ammofos kabi sintetik oʻgʻitlardan foydalanish,zaharli ximikatlarni qoʻllash taʼqiqlanadi. Barcha ishni birma-bir yozib borish, hujjatlarni saqlash talab etiladi. Bu sertifikatlash jarayonida asqatadi.
Biz mazkur loyihani amalga oshirish tartibi, tamoyillarini tushuntirish maqsadida seminar-trening oʻtkazdik. Agronom, entomolog, oilaviy pudratchi va boshqa mutaxassislar organik paxta yetishtirish, uning ahamiyati toʻgʻrisida tushuncha, zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻldilar. Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, organik paxta yetishtirish jahon bozoriga kirish imkoniyatini kengaytiradi, qoʻshimcha qiymatli milliy mahsulot ishlab chiqarish sari yoʻl ochadi. Tuproq tarkibining yaxshilanishiga, atrof-muhit tozaligiga xizmat qiladi. Chunki gʻoʻza faqat mahalliy oʻgʻit bilan oziqlantiriladi. Bunday paxtani qayta ishlash jarayonida tayyorlangan mahsulotlar ekologik toza sanaladi, ularning bozori chaqqon boʻladi.
Taʼkidlash kerakki, “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan tashqari, Toshkent viloyatidagi “TST agroklaster” MCHJning 200 gektar maydonida ham organik paxta yetishtirilmoqda.
Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring