Buxoroda “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” toʻrt jildligi taqdimoti oʻtkazildi

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro davlat universitetida “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” toʻrt jildligi hamda zahmatkash olim Ibrohim Haqqulning “Navoiyga qaytish — 5”, “Mushohada yogʻdusi — 3”, “Soʻzboshi: irfon va ishonch” kitoblari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda adabiyotshunos olim va tadqiqotchilar, talaba yoshlar, sheʼriyat ixlosmandlari ishtirok etdi.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi hamkorligida mamlakat ziyolilari tashabbusi bilan nashrga tayyorlanib chop etilgan “Alisher Navoiy” ensiklopediyasi koʻp yillik orzuning ushalishi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, keyingi yillarda buyuk bobokalonimizning ijodiga boʻlgan qiziqish yanada kuchaydi. Uning asarlari tadqiqiga eʼtibor oshmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan bu ish navoiyshunoslikning koʻplab dolzarb masalalariga oydinlik kiritib berishi bilan ahamiyatlidir. Qolaversa, unda qiziqarli axborotlar, oʻziga xos yondashuvlardan tashqari, navoiyshunos olimlar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berilgan. Bu yosh tadqiqotchilar uchun dasturilamal vazifasini oʻtaydi. Chunki Alisher Navoiy nomi millat nomi bilan bir qatorda turadi. Hassos olim Ibrohim Haqqul taʼbiri bilan aytganda, Navoiy turkiy sheʼriyatning poytaxtidir. Hamma shu poytaxtga qarab intiladi.
Taqdimot marosimida soʻz olgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Shodmon Sulaymonov, viloyat hokimining davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi Akbar Rustamov, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori oʻrinbosari Maqsud Asadov, Qoʻqon universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Zebo Qobilova va boshqalar ana shular haqida atroflicha toʻxtaldi. Shuningdek, tadbirda koʻplab shogirdlar ustozi sanalgan olim, faylasuf Ibrohim Haqqulning xotirasi yod olinib, uning navoiyshunoslik rivojiga qoʻshgan hissasi alohida eʼtirof etildi. Xuddi shunday tadbir Buxoro davlat pedagogika institutida ham boʻlib oʻtdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring