Buxoro biyennalesi doirasida “Jadidlar merosi” muzeyi loyihasi taqdimoti oʻtkazildi

12:28 11 Sentyabr 2025 Jamiyat
113 0

Buxoro viloyatida ayni damda 18 ta muzey faoliyat koʻrsatmoqda. Yaqin istiqbolda ular soni yana bittaga koʻpayadi. Biz boʻlgʻusi “Jadidlar merosi” muzeyini nazarda tutyapmiz. U Buxoroning tarixiy qismida joylashgan Govkushon guzari Xoʻja Gulrez koʻchasidagi 13-uyda faoliyat yuritadi. Bu goʻshada koʻhna shahar ilk bor mezbonlik qilayotgan sanʼat biyennalesi doirasida muzey loyihasi taqdimoti oʻtkazildi.

Tabiiyki, maskan uchun nega aynan shu qadimiy hovli tanlangani koʻpchilikni qiziqtiradi. 1860-1870-yillarda qurilgan ushbu uyda jadidchilik harakatining yorqin vakillaridan biri Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayev tugʻilib oʻsgan. Oz emas, koʻp emas, 46-yil davomida Vatandan ayri yashagan bu inson Ismoil Gaspirali, Ahmad Donish kabi maʼrifatparvarlar gʻoyalaridan ruhlanib, Fayzulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat singari yurt fidoyilari safida boʻlgan. Uning hayoti va faoliyati jadidchilik harakatiga oʻzgacha ruh bagʻishlagan, desak, adashmaymiz. Shu oʻrinda bir misol. Turkiyada tahsil olib, u yerdan darslik, oʻquv qoʻllanma, globus, xaritalar olib qaytgan Usmon Xoʻja Buxoroda yangi usuldagi maktab ochadi. 1912-1913-yillarda bu yerda 150-200 nafar atrofida bola oʻqiydi.

Shoʻro tuzumi davrida sohiblarining hayoti yangligʻ bu koʻhna hovlining taqdiri ham silliq kechmadi. Davlatimiz rahbarining “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan nihoyat, bu goʻsha muzey tariqasida barchaga oʻz eshiklarini ochmoqda.

— Ajdodlarimizning imoratsozlikdagi yuksak aql-zakovati mahsuli boʻlgan bu koʻhna uy qarovsizlik, eʼtiborsizlik oqibatida, qolaversa, vaqt taʼsirida taʼmirtalab ahvolga tushgandi, — deydi Buxoro mintaqaviy restavratsiya direksiyasi restavratori Gʻulomrizo Gʻulomov. — Uni uch oy davomida toʻliq rekonstruksiya qildik. Ayvonlar, yertoʻlalar, bino tashqi qismlari qayta tiklandi. Obyektda jami 4 milliard soʻmlik qurilish, taʼmirlash, obodonchilik ishlari bajarildi. Natijada koʻrib turganingizdek, qadimiy uy asl holiga qaytdi.

Bevosita muzey loyihasiga toʻxtaladigan boʻlsak, u livanlik mashhur arxitektor Lina Gotme tomonidan tayyorlangan. Davr ruhi ufurib turgan maskanda koʻrgazma zallari, kitoblar, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar va boshqa nodir ashyolar oʻrin oladi. Boʻlgʻusi muzeyni ilmiy va madaniy ishlanmalar markaziga aylantirish nazarda tutilgan.

Istam IBROHIMOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер