Buxoro amiridan meros qolgan tovuslar

Foto: Xalq so'zi
Shu kunlarda Buxoro amirining yozgi saroyi sanalgan Sitorai Mohi Xossadan sayyohlar qadami uzilmayapti. “Sitorai Mohi Xossa”- xalq amaliy bezak san’at muzeyi joylashgan bu so‘lim go‘sha xorijiy mehmonlar e’tiborini nafaqat nodir va noyob eksponatlari, balki tovuslari bilan ham o‘ziga tortmoqda. Ular bu go‘zal qushlar atrofida parvona bo‘lib, o‘z hayratlarini yashira olmayaptilar.
Tovusga “go‘zal qush” iborasini bejiz qo‘llamayapmiz. U patlarini yozganida juda katta yelpig‘ich shakliga keladi. Undagi ko‘k, yashil, sariq tusli bo‘yoqlar o‘zaro uyg‘unlashib, bu “yelpig‘ich”ning rang – barang tovlanishiga olib keladi. Aynan shu holat tovuslarga tovuqsimonlar oilasi orasidagi eng go‘zal qush, degan e’tirofni keltirgan, desak xato qilmaymiz.

Tabiiyki, ko‘pchilikni bu qadimiy maskanga tovuslar qanday kelib qolgan, degan savol qiziqtiradi.
- Ushbu hudud salkam yetti gektar maydonni tashkil etadi,- deydi muzey direktori Suhrob Salimov. - 700 dan ziyod eksponat mavjud. Bundan tashqari, 260 yoshli tut, 170 yoshli eman, shuningdek, yuz yoshdan oshgan katalpa, tuya daraxtlari bor. Biz ularga “Amirni ko‘rgan daraxtlar”, deb ta’rif beramiz. Tovuslarga kelsak, ularning bu yerga kelish tarixi bevosita Buxoro amiriga borib taqaladi. Gap shundaki, Amir Olimxonga Hindistondan bir juft tovus sovg‘a qilishadi. Bu qushlar jannatmonand go‘sha sanalgan Sitorai Mohi Xossaga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib tushadi. Tovuslar mahalliy iqlim sharoitiga moslashadi. Tuxum qo‘yib ko‘payadi. Sayyohlar zavqu shavq bilan tomosha qilib turgan bu qushlar o‘sha tovuslarning ajdodlari sanaladi.
Aytishlaricha, tovuslarning erkagi patini yozib, o‘zini ko‘z – ko‘z qiladi. Shu tariqa urg‘ochilarining e’tiborini tortish payida bo‘ladi. Yozga kelib, patini to‘kadi. Urg‘ochisi esa o‘ziga ma’qul joyga, hatto qamishlar orasiga ham tuxum qo‘yadi. Odam qo‘li tegsa jo‘ja ochishi dargumon. O‘t-o‘lanlar, arpa,bug‘doy, non asosiy ozuqasi sanaladi. 15 – 20 metr masofa qadar ucha oladi. Agar risoladagidek parvarish qilinsa tez ko‘payadi. Buni keyingi besh – olti yilda ular soni o‘ttizdan oshgani ham ko‘rsatib turibdi. Sitorai Mohi Xossada ular uchun maxsus qafas tayyorlangan. Tovuslarni kasallikka qarshi yiliga ikki bor emlashadi.

Darvoqe, bu go‘zal qushlarni ayni paytda Buxoro tumanidagi qadimiy “Chorbakr” hamda Gʻijduvon tumani markazidagi Xo‘ja Abdulxoliq Gʻijduvoniy qadamjolarida ham uchratish mumkin. Ular bu maskanlarga aynan Sitorai Mohi Xossadan tuhfa sifatida berilgan.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
- “Qutadg‘u bilig” dostoni qo‘lyozmasining faksimile nusxasi yaratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring