Bugunning gapi: siz qachon emlanasiz? 

07:24 25 Iyul 2021 Jamiyat
1034 0

Hayrat degan tuygʻu bashariyatga tobora begonalashib bormoqda. Ilgari togʻni koʻrsak ham, bogʻni koʻrsak ham ogʻzimiz lang ochilib qolavergan. Chunki olamni shunday taniganmiz. Borliqni shunday idrok etganmiz. Globallashuv degan gʻalati jarayon shundan ham mosuvo qilayotganga oʻxshaydi bizni. Innovatsiyalar asrida bir uyum temir-tersakdan gapiradigan robot yasab berishsa ham, hozir koʻpchilik ajablanib oʻtirgani yoʻq. Nega shunday? Chunki ongimizda maʼlumot koʻp. Yangilikni, voqelikni idrok qilishimiz jadallashgan. Internet tom-tom ensiklopediyalarda yoʻq maʼlumotlarni, rostu yolgʻon axborotni bir zumda bizga muhayyo qilmoqda. Xoʻsh, bularni aytishdan muddao ne?

Gap shundaki, hozirgi sinovli kunlarda xuddi shu — idrok etish xususiyatimiz pasaygandek. SOVID-19 degan mitti virus tarqaldi-yu, tutumlarimizu instinktlarimizni oʻzgartirib yuborgandek... Toʻgʻri, hozir bu xastalik — katta dushmanimiz. Ammo odamzodni mahv etayotgan bundanam xatarli yov bor. Bu — vahima!

Yolgʻonga buncha oʻchmiz?

Esingizda boʻlsa, oʻtgan yilning ayni shu pallalarida butun dunyo bir xushxabarni intiq boʻlib kutayotgandi. Hammaning koʻnglidan oʻtgan savol bitta: vaksina qachon yaratiladi? Shundan boshqa ilinjimiz ham, umidimiz ham qolmagandi aslida. Lekin odam bolasining tabiati qiziq: na issiqqa chidaydi, na sovuqqa...

Nihoyat oʻsha intiq kutilgan vaksina yaratildi ham. Muqobil turlari bilan. Lekin yana gap-soʻzlar, shubhayu gumonlar urchidi. Ijtimoiy tarmoqlar fisqu fasodning uyasiga aylandi. Falon davlatniki sinovdan yaxshi oʻtadi, falon mamlakatda vaksina tajribasi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, deguvchi bashoratgoʻylar paydo boʻldi.

Mana, endi-chi? Vaksina boru talabgor kam. Yaqin-yaqingacha virusni yuqtirishdan qanchalik choʻchigan boʻlsak, hozir vaksinaning salbiy taʼsiri ehtimolidan shunchalik qoʻrqyapmiz. Tafakkur qilishga kelganda ongimiz xuddi xotirasiga virus tushgan kompyuter singari qotib-qotib ishlayotir...

Hammamizga tanish bir holatni aytay: yaqinda “Telegram” kanallari, ijtimoiy tarmoqlarda bir notavon chiqib “vaksina tarkibida allaqanday chip bor ekan, emlansangiz, tanangizga singib, ongingizni boshqarishlariga imkon berib qoʻyasiz”, deya ayyuhannos soldi. Eng alam qiladigan jihati, oramizda ana shu uydirmaga chippa-chin ishonadiganlar topildi. Qarang, ongimizni boshqarishlaridan qoʻrqib, goʻyoki ogohligimiz oshyapti-yu, oxir-oqibat bir qallobga idrokimiz jilovini oʻzimiz qoʻshqoʻllab tutqazib qoʻymoqdamiz. Yana shunday uydirmalardan biri: nima emish, vaksina bilan emlangan odam ikki yilda jon taslim qilarmish... Tavba! Buncha yolgʻonga, vahimaga oʻch boʻlmasak?!

Notanish bir kimsaning gapi mutlaq haqiqat deb qabul qilinsa-yu, bunga qarshi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining oʻzi rasmiy bayonot bersa ham, shubha bilan qarasak... Biz kimga ishonamiz oʻzi, ogʻaynilar?

Biz nimani kutyapmiz?

Statistik maʼlumotlarga tayanilsa, shu kungacha yurtimizda koronavirusga qarshi emlanganlar soni 1,1 million nafarga ham yetmaydi. Bu jami aholimizning atigi 1,7 foiziga teng koʻrsatkich. Zaxirada esa 2 yarim million dona vaksina turibdi. Kuni kecha davlatimiz rahbari Amerikadan yana 3 million dona vaksina keltirilayotganini aytdi. Bular chetdan qaraganda oson ishdek tuyulishi mumkin. Biroq xazinamiz koʻrayotgan ziyon milliardlab dollarga teng. Maqsad esa bitta — bu baloni eson-omon daf qilish.

Lekin shunday sharoitda, shukr qilish, xalqimizni bu ofatdan xalos etish oʻrniga, odamlar oʻrtasiga nifoq solayotganlar borligi achinarlidir. Mana, bir necha hafta oldin Kubada kunlik kasallanish koʻrsatkichlari 7 ming kishiga chiqib, rekord qayd etilgach, minglab odamlar gurra-gurra koʻchalarga chiqishdi. 30 yil ichidagi eng yirigi deb taʼriflangan ushbu norozilik namoyishida aholi hukumatdan koronavirusga qarshi vaksinalar talab qildi. Koʻryapsizmi, Kuba xalqi vaksinaga zor, davlat esa bu imkoniyatni muhayyo qilishga toʻliq qodir emas.

JSST bosh direktori maslahatchisi Bryus Eylvardning qayd etishicha, hozirgi kunda 30 —40 mamlakatda aholini ikkinchi bosqichda emlash uchun vaksina yetishmayapti. Xususan, bunday tanqislik Janubiy Afrika, Lotin Amerikasi, Oʻrta Sharq davlatlarida koʻproq kuzatilayotir. Baʼzi davlatlarda esa vaksina olish uchun aholi oʻz hisobidan pul toʻlashga majbur boʻlmoqda. Yana bir qiziq maʼlumot: Armanistonda xorijiy davlat fuqarolari uchun SOVID-19 ga qarshi emlash bepul qilib qoʻyilgan. Faqat yagona shart bilan: bepul vaksina olishni istovchilar mamlakatda kamida 10 kun qolishlari shart. Shu orqali Armaniston hukumati mamlakatda yangi yoʻnalish — vaksina turizmini rivojlantirmoqchi. Ayni paytda ana shu imkoniyatdan qoʻshni Eron Islom Respublikasining minglab fuqarolari bajonidil foydalanishayotir.

Bizda esa, afsuski, vaziyat borgan sari taranglashmoqda. Antirekord koʻrsatkichlari kun sayin yangilanyapti. Masalan, 23-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni 773 nafarga, pnevmoniya qayd etilganlar soni esa 507 nafarga yetgan. Shunda ham negadir vaksina olishga shoshilmayapmiz? Nimani kutyapmiz, azizlar?

Qaysi vaksina yaxshi?

Bu savol shu kunlarda “trend”ga chiqqan. Telekanallar, gazetalarda tinimsiz bong urilyapti, mutaxassislar aholi oʻrtasida tushuntirish-targʻibot ishlarini olib bormoqda. Biroq goʻyoki qulogʻimizga paxta tiqilgan. Ilmiy asosga ega gaplarni, yaʼni asl haqiqatlarni eshitishga toqatimiz yoʻq. Mish-mishlar, uydirmayu yolgʻon axborotga esa juda “tashna”miz.

Yaqinda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vaksinalar va immunoprofilaktika boʻlimi boshligʻi Dilorom Tursunova bu haqda juda kuyinib gapirdi. Uning aytishicha, hozirgi kunda koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq dunyodagi pandemik vaziyatni barqarorlashtirish, unga qarshi samarali kurashishda vaksinadan koʻra ishonchliroq vosita yoʻq. Toʻgʻri, emlangandan soʻng virusni yuqtirmaslikka 100 foiz ishonch bilan javob berish qiyin. Biroq aynan emlangan fuqarolar kasallik alomatlarini yengil oʻtkazayotir. Taʼkidlanishicha, “ZF-UZ-VAC2001” vaksinasini olganlar orasida virusni yuqtirish holatlari taxminan 0,004 foizga teng.

— Asosan, vaksinaning 1-dozasi bilan 2-dozasi oraligʻida emlangan fuqarolarda virusni yuqtirish holatlari kuzatildi. Biroq 3-dozani qabul qilgan aholi oʻrtasida virusga chalinganlar deyarli qayd etilmadi, — deydi Dilorom Tursunova.

Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amrillo Inoyatov esa emlanishdan qoʻrqib, bu jarayondan bosh tortayotganlarga gapning indallosini aytdi:

“Bugun Oʻzbekistonda 13 turdagi kasallikka qarshi ommaviy emlanadi. Bu vaksinalarni olmaslik oʻlimga olib kelishi mumkin. Bu vositalar qachon, qaysi davlat tomonidan yaratilgan, qanchalik effekt beradi, degan savollar berilmaydi. Lekin koronavirusga qarshi yagona chora boʻlib turgan vaksinalar haqida turli asossiz mish-mishlarga odamlarning ishonib qolayotgani tushunarsiz holat...”

Yana statistikaga qaytamiz. Shu kungacha jahon boʻyicha qariyb 3,79 milliard doza vaksina qabul qilingan. Shundan asosiy qismi Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi — 1 milliard 510 million doza. Keyingi oʻrinlarda Hindiston (423 mln. 417 ming), AQSH (339 mln. 760 ming), Braziliya (130 mln. 250 ming), Germaniya (qariyb 88 mln.), Buyuk Britaniya (83 mln. 20 ming), Yaponiya (salkam 74 mln.) turibdi. Fransiya, Turkiya, Italiya ham peshqadamlar safida. Va xuddi shunday choralar natijasida mazkur davlatlarda shiddat bilan oʻsayotgan koronavirusga chalinish holatlari borgan sari kamayishiga erishilmoqda. Bu — fakt!

Cheklov — yagona chora emas

2020-yil — butun dunyo uchun ogʻir keldi. Pandemiya “manaman” degan davlatlar iqtisodiyotini ham tiz choʻktirib qoʻyganiga hammamiz guvohmiz. Oʻzbekistonda ham bir yil avval juda qatʼiy cheklovlar joriy etilgandi. Koʻplab tashkilotu muassasalar eshigiga qulf osildi. Bir korxona ishi toʻxtasa, qancha odam maoshsiz qoladi axir? Bizda esa oldi-berdi, savdo-sotiq uchun chegaralar taqa-taq yopildi. Davlatimiz, hukumatimiz uyda oʻtirgan asosiy aholi qatlami oziq-ovqatga, osh-nonga zoriqib qolmasin, deb muhtojlarni toʻliq himoyasiga oldi. Yaxshi umid bilan biznes boshlagan tadbirkorlar “sinib qolmasin”, deya kreditlar muddatini uzaytirdi, bankrotlikka tushib qolmasligi choralari koʻrildi. Ammo tajriba shuni koʻrsatdiki, cheklov — yagona chora emas. Aksincha, bunday yoʻl tutish mamlakatda iqtisodiy inqirozni kuchaytirib yuboradi.

Shu bois mutaxassislar koronavirusni yengish uchun “domino effekti”ni misol qilib keltirdi. Zanjir halqalari uzilishiga qiyos etishdi karantinni. Qoidalar esa juda oddiy: masofa saqlang, tibbiy niqob taqing, tozalikka rioya eting... Bor-yoʻgʻi shu! Ammo shungayam amal qila olmayapmiz.

Hozir poytaxt koʻchalarida odamlarimizni kuzating. Koʻpchiligida niqob yoʻq. Borlari ham azbaroyi jarima solishmasin, deb iyagiga tushirib olgan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarga kirsangiz, aql oʻrgatadiganlar koʻp. Ommaviy tadbirlarni butunlay cheklash, odamlarni avvalgiday uyga “qamash” tarafdorlari bor. “Hukumat qayoqqa qarayapti?”, “Nega cheklovlarni kuchaytirmayapmiz?” deya bong urayotganlar koʻpaymoqda.

Ammo bir haqli savol tugʻiladi: salomatligimizni, avvalo, oʻzimiz qadrlamas ekanmiz, majburiy cheklovlardan nima naf?! Yoki aksincha, karantin bilan bogʻliq taqiqlarni butunlay olib tashlash kerak, deguvchilarga JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening quyidagi soʻzlarini eslatmoqchimiz.

— Pandemiya bizning ruhiyatimizga va salomatligimizga zarar yetkazdi, — deydi u. — Shu bois odamlar qiyin davrdan keyin dam olishni xohlashi tabiiy. Biroq biz oʻtgan yilning yozida shunday holatni boshdan oʻtkazganimizni unutmasligimiz kerak. Cheklovlar tezda olib tashlanganidan keyin mintaqada yangi holatlar va oʻlimlar soni juda tez oʻsdi. Natijada bu holat yana cheklovlarga qaytishga majbur qilgan edi.

Yaʼni mutaxassis tavsiyasi shunday: pandemiya hali tugagani yoʻq. Shuning uchun koronavirus tufayli joriy etilgan cheklovlarni tezda bekor qilishga shoshilmaslik zarur.

Nima demoqchimiz bu bilan? Aytmoqchimizki, oʻzimizni ehtiyot qilishimiz shart. Davlatimizga esa hozir bizdan madad kerak. Madad shuki, koronavirusga qarshi kurashishda aql-idrokimiz, maʼnaviyatimiz va tarbiyamizga mos ish tutaylik. Vaksina olishni paysalga solmaylik!

Farrux BOʻTAYEV,
jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?