Bugun Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, taniqli adib Farmon Toshev tavallud topgan kun

12:22 06 Aprel 2025 Jamiyat
196 0

Farmon Toshev 1954-yil 6-aprelda Paxtachi tumanidagi Qarnab qishlogʻida tugʻilgan. 1975-yilda Samarqand davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetini bitirgan.

Mehnat faoliyatini “Paxtachi” gazetasida boshlagan. Tahririyatda boʻlim mudiri, muharrir oʻrinbosari, viloyat radiosida katta muharrir, “Oʻzbekiston ovozi”, “Inson va qonun” gazetalarining viloyatdagi muxbiri boʻlib ishlagan. “Koʻksaroy”, “Registon” gazetalarini tashkil etgan.

1998-2012-yillarda viloyat “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri, 2012-yildan buyon “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri vazifasida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Koʻp yillar Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi raisi boʻlgan.

Farmon Toshev “Mehnat shuhrati” va “El-yurt hurmati” ordenlari, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Quyida adibning ijod namunalaridan birini taqdim etamiz.

Mulki borliqqa zamin, suv birla quyosh ehtiyoj,
Bil, safar chogʻi musofirlarga yoʻldosh ehtiyoj.

Ahli nochor qilcha mushkulda ojizlik mayl etur,
Sabri yoʻq, yoʻq toqati, bir tomchi koʻzyosh ehtiyoj.

Umri foniyda muzaffar boʻlgali inson uchun,
Koʻp emas: sabru qanoat hamda bardosh ehtiyoj.

Duch kelur odamga darding aylama oshkor sira,
Ahli oqilga mudom doʻst – bitta sirdosh ehtiyoj.

Sen mehr birla muruvvat koʻrsaturga ayla shahd,
Nokasu beiqtidorda otgali tosh ehtiyoj.

Befarosatli kishiga amri maʼruf besamar,
Bundayin kaslarga doim gʻalva, avbosh ehtiyoj.

Farmono, xulqing goʻzal, bayting goʻzal boʻlsin, ayo,
El sezur nazming aro soʻzga naqqosh ehtiyoj.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер