Xalq ishonchi – eng katta masʼuliyat
Odamlar oʻz ovozini berib saylagan vakilidan katta umid qiladi. Chunki deputat — xalq bilan hokimiyat oʻrtasidagi koʻprik. Shu bois har bir murojaat eʼtiborsiz qolmasligi kerak. Agar deputat muammoga yechim izlamasa, unda buni kim qiladi?
Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashiga 52-Boʻtaqora saylov okrugidan saylanganman. Ushbu okrug Andijon tumanidagi 19 ta mahallani qamrab oladi. Bu hududda qariyb 40 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Har bir oila, har bir xonadon — biz uchun alohida masʼuliyat. 2025-yilning oʻtgan davri mobaynida okrug boʻyicha 120 ta murojaat kelib tushdi. Ularning aksariyati joyiga chiqqan holda oʻrganilib, ijobiy hal etildi. Ayrim fuqarolarga huquqiy maslahat va amaliy koʻmaklar koʻrsatildi. Murojaatlarning katta qismi tibbiyot sohasiga oid boʻlgani sababli, tuman tibbiyot boʻlimi bilan hamkorlikda tizimli ishlar olib borilmoqda.
“Kasallikni davolashdan koʻra, uning oldini olish afzal”, deydi dono xalqimiz. Ana shu haqiqatga tayanilgan holda mahallalarda bepul tibbiy koʻriklar tashkil etildi. Natijada oʻnlab fuqarolar oʻz vaqtida tibbiy tekshiruvdan oʻtib, zarur amaliy yordam oldi. Bu ishlar koʻplab kasalliklarning oldini olishga, eng muhimi, inson salomatligiga befarq emasligimizni amalda koʻrsatishga xizmat qildi.
Shular qatorida “Sharq yulduzi” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Dilfuzaxon Tuychiyevaning murojaati ham eʼtibordan chetda qolmadi. Unga 54 million soʻm miqdorida moddiy yordam ajratilib, murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Bugun esa Dilfuzaxon toʻliq sogʻligini tiklab, oʻz oilasi bagʻriga qaytgani barchamizni quvontirmoqda.
Hududdagi infratuzilma masalalari, ayniqsa, ichimlik suvi taʼminoti aholini yillar davomida qiynab kelayotgandi. Fuqarolar murojaatlarini inobatga olgan holda “Taraqqiyot” koʻchasida 1 kilometr masofaga yangi suv quvuri tortilib, 69 ta xonadonning koʻp yillik muammosiga barham berildi. Shuningdek, “Gulobod” mahallasida ham qisqa muddat ichida 2,78 kilometr masofaga yangi suv quvurlari oʻrnatilib, mahalladagi 71 ta xonadon, 1 ta koʻp qavatli uy hamda maktabgacha taʼlim tashkiloti doimiy ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bu — shunchaki raqamlar emas, balki odamlar hayotidagi haqiqiy yengillik va qulaylik demakdir.
Aholining daromad manbalari cheklangani sababli okrugimizda ishsizlik muammosi ham sezilarli. Shu bois mavjud ichki imkoniyatlarni ishga solib, aholini barqaror daromad manbai bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratyapmiz. 2025-yilda mahalla faollari bilan hamkorlikda “Orol” mahalla fuqarolar yigʻinida 15 nafar fuqaroga jami 506 million soʻmlik kredit ajratilib, tadbirkorlik faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Natijada yana 45 nafar fuqaro doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Har bir murojaatni joyiga borib oʻrganish, xonadonma-xonadon yurib, muammolarga amaliy yechim topish — deputatlik faoliyatining eng muhim vazifasi, deb bilaman. Qisqa muddatda yuzlab murojaatlar bilan ishladik. Shu jarayonda biror marta qaysidir idoraga deputatlik soʻrovi kiritishga ham ehtiyoj boʻlmadi. Sababi, hududlardagi muammolarni hal etishda tegishli tashkilot va idoralar ham yelkadosh boʻlib, hamjihatlikda ish olib borildi. Ana shu hamjihatlik va mahalliy hamkorlik orqali, avvalo, xalqimiz manfaatdor boʻldi. Muammolar qogʻozda qolmadi, odamlar bilan yuzma-yuz ishlab shu natijaga erishdik.
Matlubaxon GʻANIYEVA,
Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring