Budapeshtda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi ochiladi

15:05 06 Oktyabr 2022 Jamiyat
912 0

Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil boʻldi. Ushbu oʻtgan vaqt davomida nafaqat strategik sherik davlatlar sifatida ikki tomonlama munosabatlar, balki xalqaro tashkilotlar doirasida ham koʻp tomonlama hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 3-4-oktyabr kunlari Vengiriyaga tashrifi doirasida oʻzaro ishonch va keng doiradagi umumiy manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik darajasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qoʻshma loyihalar amalga oshirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Jumladan, Budapesht shahridagi Shandor saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Vengriya Prezidenti Katalin Novak bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham xalqlarimizning azaliy tarixiy aloqalari, mushtarak qadriyatlari va doʻstona munosabatlarni mustahkamlash uchun poydevor boʻlib xizmat qilayotgani, Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimiga qoʻshilgani oʻzaro savdoni salmoqli darajada koʻpaytirish va diversifikatsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishini taʼkidladilar.

Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol muloqotni va oʻzaro koʻmakni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.

Shu bilan birga, tashrif doirasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahrida Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri, Savdo-sanoat palatasi, “OTP Bank” raislari hamda yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston yetakchisining xorijiy tashriflari davomida ishbilarmonlar bilan ochiq uchrashuvlar oʻtkazish oʻzgarmas anʼanaga aylangan navbatdagi muloqot jarayonida ham mamlakatimizning savdo-iqtisodiy muvaffaqiyatlari haqida vengriyalik ishbilarmon doira vakillariga maʼlumotlar berib oʻtildi.

Shuningdek, Budapeshtdagi “Karmelita” saroyida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban oʻrtasida dastlab tor doiradagi hamda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muloqot oʻtkazildi.

Ushbu muloqotlar davomida tomonlar kelajakda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi orqali amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratishdi. Shu maʼnoda, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini toʻldirib turishi, rivojlanish strategiyalari diversifikatsiya va industriallashuvga qaratilgani bilan bir-biriga oʻxshashligi qayd etildi.

Qishloq xoʻjaligi, transport, farmatsevtika, toʻqimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, suvni tejash va sanoat sohalaridagi kooperatsiyaga yangi kuchli surʼat bagʻishlash yuzasidan kelishuvga erishildi. Shu maqsadda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun tez fursatda qoʻshma fond tuzilishi, biznes-forum va koʻrgazmalar muntazam oʻtkazib borilishi belgilab olindi.

Tomonlar tashrif oldi Vengriyada oʻtkazilgan biznes-forumning muvaffaqiyatli yakunlangani, yaʼni qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan investitsiya va savdo bitimlari imzolangani natijador hamkorlikning aniq amaliy natijasi boʻlganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Xulosa qilib aytganda, ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik aloqalarning yanada rivojlanishi, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan fondning tuzilishi hamda Budapeshtda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Maxfirat XUSHVAQTOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?