Bu dargohda ulugʻ ajdodlarimizning munosib vorislari kamol topadi

11:19 02 Noyabr 2021 Jamiyat
1092 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun Buxoroda Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, maktab jamoasi va oʻquvchilar ishtirok etdi.

- Yoshlarimiz orasida isteʼdodlilari, bilimdonlari juda koʻp, - deya taʼkidladi marosimda soʻz olgan viloyat hokimi B. Zaripov. - Prezident maktabi esa ularning eng iqtidorli va bilimlilarini tarbiyalashga xizmat qiladi. Nima uchun bu fikrlarni aytyapman? Chunki siz – Prezident maktabining 144 nafar oʻquvchisi viloyatimiz maktablaridagi 340 ming nafar oʻgʻil-qiz orasidan saralangansiz. Yaʼni har 2,5 ming oʻquvchining
1 nafariga bu maktabda oʻqish baxti nasib etdi. Bunga, albatta, kuchli bilimingiz, tafakkur va dunyoqarashingiz kengligi tufayli erishib turibsiz. Bu juda katta sharaf. Shu bilan birga ulkan masʼuliyatdir.

Aytish kerakki, maʼnaviyat va maʼrifat beshigi sanalgan koʻhna Buxoroda Prezident maktabi qurilishi uchun 60 milliard 888 million soʻm mablagʻ sarflandi. Bino Buxoro shaharsozligida ilk bor qoʻllanilgan zamonaviy texnologiyalar, qurilish materiallari asosida qad rostladi. Masalan, bino fasad qismiga Turkiyada ishlab chiqarilgan seramid qoplamalari bilan zeb berildi. Mutaxassislarning bildirishicha, bu qoplama 50 daraja sovuqda ham, xuddi shu darajadagi issiqda ham oʻz xususiyatini yoʻqotmaydi. Inshoot ichki qismi devori esa oʻtda yonmaydigan, tashqi taʼsirga chidamli ekologik toza qurilish xom ashyosi - HPL materiali bilan qoplandi.

- Bilim dargohimiz 168 oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan boʻlib, ikki qavatli oʻquv bloki, yotoqxona, oshxona, maxsus sport maydoni, sport zali hamda mehmonxonadan iborat,- deydi maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Qambara Boltayeva. - Ayni damda 144 nafar oʻquvchi fizika, kimyo, biologiya, matematika, informatika fanlari yoʻnalishida tahsil olyapti. Tegishli xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritgan bitiruvchilarimiz dunyoning istalgan oliy oʻquv yurtida grant asosida oʻqish imkoniga ega boʻladilar.

- Prezident maktabida oʻqish baxti nasib etganidan behad xursandmiz, - deydi Gʻijduvon tumanidagi Zargaron qishlogʻidan kelgan egizaklar Shohjahon va Nurjahon Shodiyev. – Ikkalamiz ham kelgusida dasturlash sohasining yetuk mutaxassisi boʻlish orzusidamiz.

Darvoqe, iqtidorli bolalarga bir necha bosqichli sinovlar asosida tanlab olingan 32 nafar pedagog saboq beradi. Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Keniya va Filippin kabi davlatlardan 7 nafar yuqori ilmiy va pedagogik salohiyatga ega oʻqituvchi jalb etildi.

- Men ilgari Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarda ishlaganman,- deydi angliyalik mutaxassis Golxer Eyub.- Buxoroga kelib, ilk mashgʻulotlar chogʻidayoq shuni his etdimki, oʻzbekistonlik oʻquvchilar bilimga chanqoq, ishtiyoqi kuchli. 11 yoshli bir bola dastlabki mashgʻulotlardan keyinoq oʻzi mustaqil tarzda veb-sayt yaratishga kirishganini koʻrib bunga yana bir karra ishonch hosil qildim. Ochigʻi, yurtingizda koʻplab iqtidorli yoshlar borligini bilardim. Chunki bu zamindan Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek singari buyuk mutafakkirlar, davlat arboblari yetishib chiqqan. Asosiy maqsadimiz ularga munosib izdoshlar tayyorlashdir. Mantiqiy fikrlaydigan, kreativ yondashadigan, oʻziga ishonchi kuchli yoshlar avlodini shakllantirish bugun hayotiy zarurat. Biz shu orqali xalqaro talablarga javob beradigan kadrlar tayyorlash ishiga hissa qoʻshmoqchimiz.Negaki, raqobat kuchli zamonda yashayapmiz.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?