«Bu apisalni sabrani, piratakol yozilopti!»

Joriy yilning 19-20-aprel kunlari boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonuni loyihasi ikkinchi oʻqishda qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Ikki kun davomida moddama-modda muhokama qilingan 29 moddadan iborat boʻlgan qonun loyihasining 9-moddasigacha keldik, xolos. Aniqlashtirilishi lozim boʻlgan jihatlarning koʻpligi bois qonun loyihasi muhokamasi boshqa kunga qoldirildi. Keyingi muhokamagacha masʼul qoʻmita deputatlar fikrlari ustida ishlashi kerak.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov umrining poyonida oʻz qoʻli bilan tartib bergan “Yarim asr daftari” nomli, adib vafotidan soʻng 2014-yilda chop etilgan kitobidan shu masalaga daxldor “Siyosiy hushyor rais” sarlavhali voqeiy hikoyaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
“Ustoz Said Ahmad aka boshliq bir guruh adib va shoirlar (bilan) bir viloyatga bordik. Kolxozchi-dehqonlar hayotini «oʻrganish” uchun katta-kichik zallarda uchrashuvlar qilish (oʻsha paytlarda) odat tusiga kirib qolgan edi.
Xullas, dongʻi ketgan xoʻjaliklardan birida galdagi uchrashuv boʻldi. Oʻsha xoʻjalikning raisi esa «toʻy ichida challarni ham oʻtkazib yuboradiganlar»ning toifasidan ekan, ijodiy uchrashuvni hisobot majlisiga aylantirib yubordi. Keyingi yillarda kolxoz erishgan yutuqlar haqida uzoq gapirgandi. Faqat bir kamchiligi — rus tilini bilish masalasida «mundayroq» ekan.
– Tavarish kalxozniki! – dedi baqirib. – Pilon xlopka gatop. Pilon masa gatop! Pilon kokana (gap pilla rejasi haqida) gatop! Pilon jivot – deya shu yerda tutildi.
«Jivot… jivot…” dediyu, «jivotnovodstvo» (chorvachilik) degan soʻzga tili unchalik kelishmay terlab ketdi, shoʻrlik! Men yonida oʻtirgan edim. Sekin uning bilagidan tutdim:
— Oʻzbekcha gapiravering, rais buva, (bu) zalda oʻtirganlarning hammasi oʻzbekku!
— Ibi! – dedi rais bosh chayqab. – Bu yerga sholi birgad boshligʻi tavarish Pak oʻtiribdi.
Oʻrtaroq qatorda oʻtirgan pastakkina boʻyli bir yigit dik etib oʻrnidan turdi.
— Oʻzbekcha gapiravering, rais bova, – dedi ovozini baralla qoʻyib. – Men oʻzbekchani yaxshi bilaman.
Rais yana bosh chayqadi:
— Bu apisalni sabrani (rasmiy majlis), piratakol yozilopti!
Nachora! Tagʻin yarim soatcha “siyosiy hushyor” raisning almoyi-jalmoyi gaplarini eshitishga majbur boʻldik».
Mana nima uchun qonun loyihasining har bir soʻzi ustida tortishuvlar ketmoqda. XULOSA OʻZINGIZDAN!
Zafar XUDAYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Sardobaning siri nimada?
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring