Bozori chaqqon, hazmi yengil
Bugun xoʻjaliklar suv havzalarida shiddat bilan suzib yurgan har bir baliq ortida katta mehnat, puxta parvarish va ilgʻor texnologiyalar mujassam. Surxondaryoda soʻnggi yillarda baliqchilik shunchalar jadal rivojlandiki, hozir ayni shu yoʻnalishdagi oʻzgarishlar eng sezilarli natijalardan birini namoyon etmoqda. Keyingi oʻn yillikda soha mahalliy bozorni taʼminlash bilan birga, eksport salohiyatini ham kengaytirmoqda.
2009-yilda viloyatdagi 77 ta xoʻjalikda bor-yoʻgʻi 591 tonna baliq yetishtirilgan boʻlsa, bugungi kunda 255 ta fermer xoʻjaligi joriy yilning 9 oyidayoq 3,6 ming tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqardi. Yil yakuniga kelib 7,1 ming tonnaga erishish rejalashtirilgan. Bu raqamlar tarmoq rivojining qay darajada tez surʼatlarda oʻsib borayotganini koʻrsatadi.
Tabiiy iqlimi, quyoshli ob-havosi va yetarli suv resurslari tufayli Angor tumani baliqchilikni rivojlantirish uchun eng qulay hududlardan biri sanaladi. Keyingi yillarda bu yerda birin-ketin yangi loyihalar amalga oshirilib, tarmoq imkoniyatlari sezilarli suratlarda oʻsmoqda.
Ayni vaqtda Angorda 21 ta baliqchilik xoʻjaligi faoliyat yuritmoqda. 81 gektar maydonda baliq yetishtirish koʻllari tashkil etilgan. Shundan 6 gektari tadbirkor Farhod Rahmonov xoʻjaligiga toʻgʻri keladi. Bu yerda har yili 15 mingdan ziyod chavoq tashlanib, taxminan 30 tonna mahsulot yetishtiriladi.

— Xoʻjaligimizda 12 ta doimiy ish oʻrni mavjud, — deydi ish yurituvchi Soatmurod Yoʻldoshev. — Baliq yetishtirish bilan birga uvuldiriq olish ham yoʻlga qoʻyilgan. Kislorod nasoslari, avtomatlashtirilgan yem berish qurilmalari, harorat va suv tarkibini nazorat qiluvchi tizimlar yuqori samara beryapti. Baliqlarimizning vazni 2 kilodan 4 kilogrammgacha.
Darhaqiqat, tabiiy usulda baliq yetishtirish biologik muhitga tayansa, intensiv usulda zamonaviy texnologiyalar asosiy oʻrin tutadi. Surxondaryoda soha rivojini tezlashtirayotgan omillardan biri ham ana shu texnologiyalarga tayanilganidir.
Angor tumanida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan uchta yirik loyiha ishlab chiqarish hajmini keskin oshirdi. 2024-yilda 422 tonna baliq yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilning 9 oyida 343 tonna mahsulot bozorga yetkazildi. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 112 foiz oʻsganini ijobiy baholash mumkin.
— Hududimizda asosan baliqning uch turi yetishtiriladi, — deydi Angor tumani Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi mutaxassisi Toshpoʻlat Shafoatov. — Aholining yillik ehtiyoji taxminan 300 tonna. Qolgan mahsulot tashqi bozorlarga chiqarilmoqda. Baliqchilik xoʻjaliklarida yuzdan ziyod odamning ish bilan taʼminlanishi ham muhim ahamiyatga ega.

Surxondaryoda baliqchilikning barqaror tarmoqqa aylanishiga, avvalo, tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va yengilliklar asos boʻlmoqda. Ikkinchi tomondan, mahalliy ishbilarmonlarning tashabbusi, mehnati va zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishga boʻlgan intilishi soha oʻsishini tezlashtirmoqda.
Tabiiy iqlim, sof suv va tinimsiz mehnat bor yerda, albatta, baraka ham boʻladi. Angorliklar bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish orqali yuqori samaraga erishish mumkinligi amalda isbotlamoqda.
Farhod ESONOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring