Bojxona va Soliq qoʻmitalari xodimlari pora bilan qoʻlga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qoʻmitasining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Toshkent shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.
Unda aytilishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti inspektori xizmat mavqeyidan foydalanib, Toshkent tumanida yashovchi, 1979-yilda tugʻilgan fuqaroning 7 kilogramm oltin qimmatbaho metallarini Qozogʻiston Respublikasidan chegara bojxona posti orqali deklaratsiyada koʻrsatmasdan va bojxona nazoratidan yashirgan holda oʻtkazib berish evaziga Chirchiq shahrida 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Hozirda bojxona xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Shu kabi yana bir holat Toshkent shahrida ham qayd etilgan.
Unga koʻra, Shayxontohur tumani davlat soliq inspeksiyasining shoʻba bosh inspektori xizmat mavqeyidan foydalangan holda, oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJ faoliyatini oʻzining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tugatib berish evaziga 2 ming 500 AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻini tuman soliq inspeksiyasi binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda bosh inspektorga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Bundan tashqari, Mirobod tumani soliq inspeksiyasining mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari shoʻbasi inspektori oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda, oʻziga biriktirilgan hududda faoliyat yurituvchi savdo doʻkonida soliq tekshiruvlari amalga oshirmaslik va kelgusida har qanday soliq tekshiruvlari toʻgʻrisida oldindan xabar berib turish evaziga 10 million soʻm pul mablagʻini oʻzining bank plastik kartasiga oʻtkazib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushgan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring