Bojxona qoʻmitasi tomonidan “Muruvvat” uyining 3 qavatli korpusi foydalanishga topshirildi

16:14 24 Noyabr 2023 Jamiyat
82 0

Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan nogironligi boʻlgan erkaklar “Muruvvat” internat uyining toʻliq rekonstruksiya qilingan 3 qavatli binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali ochilish marosimida Bojxona qoʻmitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi rahbariyati, Ijtimoiy himoya milliy agentligi xodimlari, “Muruvvat” uyida istiqomat qilayotgan vasiylikka olingan shaxslar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tantanali tadbirda soʻz olganlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi qarori bilan respublikamizdagi barcha “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining Bojxona qoʻmitasiga biriktirilgani vasiylikka olingan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidlashdi.

Qaror ijrosi doirasida ushbu “Muruvvat” uyida ham bojxona organlari tomonidan olib borilgan oʻrganishlar davomida muassasa bloklaridan biri butunlay taʼmirtalab holatda ekanligi, kommunikatsiya tarmoqlarining eskirgani, bino va yoʻlaklarning noqulay joylashuvi aniqlangan edi.

Qisqa muddatda ushbu blok mukammal taʼmirlandi, yangi zamonaviy lift oʻrnatildi, elektr va ichimlik suvi taʼminoti infratuzilmasi qaytadan bunyod etildi, atrof obodonlashtirilib, quyosh panellari asosida yoritish tizimi zamonaviy holga keltirildi.

Shuningdek, 38 turdagi mebel, maishiy texnika buyumlari, funksional krovatlar va boshqa zaruriy anjomlar bilan taʼminlandi.

Bojxonachilar tashabbusi bilan muassasaga 10 dona zamonaviy tikuv mashinalari taqdim etildi. Endilikda ushbu moʻjaz tikuv sexi muassasada istiqomat qiluvchi shaxslarning ehtiyoji uchun xizmat qiladi.

Marosimda “Muruvvat” uyi jamoasi nomidan minnatdorchilik bildirilib, Bojxona qoʻmitasi raisi Akmalxoʻja Mavlonov nomiga tashakkurnoma topshirildi.

Tantanali tadbir doirasida muassasada vasiylikki olingan shaxslar oʻrtasida tashkil qilingan sport musobaqalarining gʻoliblari esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

Soʻngra ramziy lenta qirqilib, muassasa tantanali ravishda ochildi. Tadbir badiiy ijodkorlarning konsert dasturiga ulanib ketdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер