Bojxona yigʻimlari stavkalari turi 20 tadan 12 taga qisqartirildi — Hukumat qarori

20:48 09 Noyabr 2020 Hujjatlar
369 0

Vazirlar Mahkamasining “Bojxona yigʻimlari stavkalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan:
– bojxona yigʻimlari stavkalari turi 20 tadan 12 taga qisqartirildi (3 turdagi bojxona stavkasi biriktirildi, 11 turdagisi bekor qilindi);
– barcha bojxona yigʻimi stavkalari bazaviy hisoblash miqdoriga bogʻlangan holda qatʼiy belgilandi;
– eksportni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tovarlarni “eksport” bojxona rejimida rasmiylashtirish uchun yigʻim miqdori oʻrtacha 35 foizga pasaytirildi;
(Masalan, eski tartibda 1 mln dollar miqdoridagi tovarning eksport bojxona yigʻimi 10 mln soʻmni (bir ming dollar), yangi stavkalarda yigʻim miqdori 5,6 mln soʻmni (560 dollar) tashkil qilgan holda eksporter tadbirkorlarga bir yilda 27 milliard soʻm yengillik yaratiladi.)
– bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni bojxona toʻlovlarisiz olib kirish meʼyoridan ortiq qismini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish uchun belgilangan bojxona yigʻimlari stavkalari kamaytirilmoqda;
(Masalan, eski tartib boʻyicha jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan tovarlarning meʼyordan oshgan qismiga 0,2 foiz (ammo 25 dollardan kam boʻlmagan) miqdorida bojxona yigʻimi undirilgan.
Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan temir yoʻl orqali shaxsiy ehtiyoji uchun 1 200 AQSH dollari miqdoridagi tovar olib kirilganda, uning bojxona toʻlovlariga tortiladigan 200 dollar qismi uchun 25 dollar (12,5 foiz), yangi tartib boʻyicha esa 5,5 dollar (BHMning 25 foizi) miqdorida yigʻim undiriladi.)
– Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni yetkazib berish muddatiga rioya qilmaslik uchun maʼmuriy javobgarlik oʻrniga moliyaviy chora sifatida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida bojxona yigʻimi joriy etilmoqda.
Mazkur qarorni amaliyotda qoʻllash bojxona maʼmurchiligini soddalashtirish va shaffofligini yana-da oshirish, chegara oʻtkazish punktlarida tezroq harakatlanish imkonini yaratish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, ayniqsa eksportyorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Mazkur qaror 2021-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?