Boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari koʻrsatayotgan xizmatlari holati yuzasidan parlament soʻrovi yuboriladi

15:37 19 Dekabr 2025 Siyosat
113 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Senatning 12-yalpi majlisida boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasi koʻrib chiqildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholiga uy-joy kommunal xizmatlar koʻrsatishni tubdan yaxshilash hamda kommunal xizmatlarning boshqaruv tizimini takomillashtirish orqali uning samaradorligini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Xususan, oʻtgan davr mobaynida sohani tartibga solishga oid 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Bugungi kunda respublikamizda 44 280 ta koʻp kvartirali uy mavjud boʻlib, ulardagi 1,5 milliondan ortiq xonadonlarga 971 ta boshqaruv servis kompaniyasi va 241 ta uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat koʻrsatmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Yalpi majlisda senatorlar uy-joy kommunal xizmatlar koʻrsatishni yaxshilash hamda kommunal xizmatlarning boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan va oʻz yechimini kutayotgan ayrim masalalarga ham eʼtibor qaratdi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Jumladan, ayrim boshqaruv kompaniyalari tomonidan majburiy badallarni belgilashda “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunga rioya qilmasligi hamda koʻrsatilayotgan xizmatlar haqida uy-joy mulkdorlariga oʻz vaqtida hisobot bermasligi mulkdorlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Bundan tashqari, koʻp kvartirali uylar mulkdorlarining roziligisiz uy yertoʻlasi ijaraga berilishi, shuningdek, ijaraga berilgan umumiy mol-mulkning ijarasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Mening uyim” billing tizimiga biriktirilmagani hamda boshqaruv kompaniyalari tomonidan obodonlashtirish ishlari olib borilmayotgani alohida taʼkidlab oʻtildi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Muhokama yakunida shu kabi bir qator masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Senatning Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?