Bosh prokuratura marhum olim Andrey Kubatinga nisbatan tergov vaqtida jismoniy yoki ruhiy tazyiq oʻtkazilmaganini maʼlum qildi

13:14 13 Aprel 2021 Jamiyat
903 0

Bosh prokuratura marhum olim Andrey Kubatin ishi boʻyicha bayonot berdi va marhumga nisbatan DXX xodimlari tomonidan jismoniy yoki ruhiy tazyiq oʻtkazilmaganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, fuqaro Klara Saxarovaning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoʻllagan shikoyatida 2017-yil 25-martda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ukasi Andrey Kubatinga nisbatan Jinoyat kodeksining 157-moddasi (Davlatga xoinlik qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov davomida A.Kubatinga DXX xodimlari tomonidan ruhiy va jismoniy tazyiq oʻtkazilishi natijasida u oʻzi sodir qilmagan jinoyatiga iqror boʻlgani, 2017-yil 1-dekabrda esa Respublika Harbiy sudi hukmiga asosan JKning 157-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani haqida bayon etilgan.

Shuningdek, shikoyatda K.Saxarova A.Kubatin 2019-yil 26-sentyabrda jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudi tomonidan oqlanib, ozodlikka chiqarilgani, 2020-yilda esa u “Covid-19” virusi bilan kasallanib, 2020-yil 27-oktyabr kuni vafot etganini taʼkidlab, ukasiga nisbatan tergov jarayonida ruhiy va jismoniy tazyiq oʻtkazgan DXX xodimlari harakatlariga qonuniy baho berishni soʻragan.

Aniqlanishicha, mazkur murojaat yuzasidan 2021-yil 9-fevral kuni DXX tergov boshqarmasi tomonidan ushbu tergov harakatlarida qatnashgan DXX xodimlari harakatlari qonuniyligini har tomonlama oʻrganib chiqish maqsadida tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.

Ish materiallaridan maʼlum boʻlishicha, A.Kubatin 2017-yilning 10-aprelidan 2017-yil 14-sentyabrga qadar tergov hibsxonasida saqlangan.

Bayonotga koʻra, hibsxonaga joylashtirish va chiqib ketayotgan vaqtida uning badanida jismoniy jarohatlar kuzatilmagan, u sogʻligʻi boʻyicha hech qanday shikoyat bilan murojaat qilmagan va uning sogʻligʻi, ruhiy holati mutaxassislar tomonidan ijobiy baholangan.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda ushbu jinoyat ishi qonun doirasida oʻtkazilganligi hamda fuqaroga huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiq oʻtkazilmaganligi aniqlanib, natijasiga koʻra jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Marhum A.Kubatinga nisbatan toʻplangan tergovga qadar tekshiruv materiallari Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida oʻrganilib, jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish toʻgʻrisida qarorni bekor qilish uchun asoslar topilmadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?