Boʻriga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlgan fuqaro 8 million soʻmdan ortiq jarimaga tortildi (+video)

12:03 08 Yanvar 2026 Jamiyat
237 0

Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsi nomaʼlum fuqarolar tomonidan boʻrini ushlab, unga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlinayotgani aks etgan videotasmalar keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmasi maʼlumot berdi.

Unda aytilishicha, mazkur videotasvirlar jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab boʻlgani inobatga olinib, bosh boshqarmaning masʼul davlat inspektorlari tomonidan tezkor oʻrganish ishlari olib borilgan.

Aniqlanishicha, holat 2025-yil 10-dekabr kuni Uzun tumani “Beshkapa” mahallasi hududida sodir boʻlgan. Fuqaro M.I. oʻziga tegishli boʻlgan mayda shoxli qora mollarini adirlik hududda oʻtlatib yurgan vaqtida boʻri hujumiga uchragan. Fuqaro chorva mollarining bir qismini himoya qilish va asrab qolish maqsadida boʻrini taʼqib qilganini va ushbu holat oqibatida boʻri nobud boʻlganini yozma tushuntirish xatida bayon qilgan.

Holat yuzasidan tuzilgan dalolatnoma asosida, fuqaroning harakatlari natijasida Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunining 33-moddasi talablari buzilgani aniqlangan boʻlib, mazkur qonunning 53-moddasiga muvofiq javobgarlik choralari belgilangan.

Fuqaro M.I.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 90-moddasi 1-qismi asosida BHMning 20 barobari – 8 million 240 ming soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.

“Boʻri Oʻzbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan muhofaza qilinadigan yovvoyi hayvon turlaridan biri hisoblanadi. Unga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish, qiynoqqa solish yoki noqonuniy harakatlarni amalga oshirish amaldagi qonunchilikka zid boʻlib, belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi», — deyiladi boshqarma xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?