Bolajonlarga quvonch ulashildi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyat bojxona boshqarmasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan Qumqoʻrgʻon tumanidagi nogironligi boʻlgan bolalar uchun moʻljallangan “Muruvvat” internat uyida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan viloyat bojxona boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Alisher Yuldashev va boshqalar mamlakatimizda bolajonlarga alohida eʼtibor qaratilayotganini, ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, taʼlim olishi, sogʻlom va baxtiyor hayot kechirishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotganini taʼkidladi.

Qumqoʻrgʻondagi “Muruvvat” uyida 145 nafar oʻzgalar yordamiga muhtoj bolajonga 200 dan ortiq xodim tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatib, ularni hayotga moslashtirishga koʻmaklashmoqda. Zamonaviy reabilitatsiya vositalari bilan jihozlangan maskanda 16 nafar oʻgʻil-qiz kunduzgi parvarish va tarbiya xizmatidan bahramand boʻlib, kun davomida reabilitatsiyadan soʻng oilasi bagʻriga qaytmoqda. Bu esa bolalarning jamiyatga integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir doirasida bolajonlar oʻrtasida oʻtkazilgan parasport bellashuvlarida ulardagi shijoat, gʻalabaga boʻlgan intilish, birdamlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash hissi yaqqol namoyon boʻldi. Sport bellashuvlari ularning qalbida hayotga muhabbat, yashashga ishtiyoq va kelajakka ishonch kabi ezgu tuygʻularni mustahkamladi.

Bayram tadbiri “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilari va ustozlarining sahna koʻrinishlari, dilrabo kuy va qoʻshiqlari bilan yanada fayzli boʻlib, bolajonlar va ularning ota-onalariga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi.
Tadbir soʻngida viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan tarbiyalanuvchilarga bayram sovgʻalari ulashildi. Parasport musobaqalarida faol ishtirok etgan bolajonlar kubok va medal bilan taqdirlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Bugun Eronga juda qattiq zarba berilishi mumkin – Tramp
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring