“Bolajonim, qotil qoʻllar seniki emas”

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. ...Oʻshanda 2024-yilning 24-iyuni edi. “Turgʻun (ism-shariflar oʻzgartirilgan) oʻz onasini oʻldirib qoʻyibdi”, degan shum xabardan Gʻijduvon tumani “Paxtaobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Qalliq qishlogʻida istiqomat qiluvchi yosh-u qari bir qalqib tushdi. Qishloqdoshlar, qarindosh-urugʻlar “Balki bu gap yolgʻondir” degan ilinj bilan Qalliqning bir chekkasida mungʻayibgina turgan hovli tomon shoshdilar...
Shohsanam aya ikki oʻgʻil, ikki qizni oq yuvib, oq taradi. Kenjasi Turgʻun hali voyaga yetmay turib turmush oʻrtogʻi vafot etdi. Bu kamlik qilganidek bir qizidan ham judo boʻldi. Taqdirning ogʻir zarbalari ayol qaddini bukdi. Boquvchisini yoʻqotgan qay bir oilaga oson boʻlgan, deysiz?!
Kambagʻalni tuyaning ustida ham it qopadi, deyishganicha bor. Yetti yilcha muqaddam aya ogʻir dardga chalindi. Koʻzlari koʻrmay qoldi. Bu orada toʻngʻich oʻgʻil uylanib, uy-joy qildi, alohida yashay boshladi. Ayaning bor umidi endi Turgʻundan edi. Ammo yigitda institutga kirib oʻqishga ragʻbat, ishtiyoq sezilmadi. Biror bir hunar etagidan tutmagani dard ustiga chipqon boʻldi.
Shunga qaramay, Shohsanam aya salomatligi joyida mahal amal-taqal qilib, farzandini uylantirdi. Nevara koʻrdi. Taqdirning bu inoyati aslida oilaning ertangi iqbolidan nishona edi. Biroq oilaviy nizolar, kelishmovchiliklar yuzaga qalqib chiqdi. Oʻrtadan mehr-oqibat koʻtarildi. Oila poydevoriga darz ketdi. Kelin onasinikiga ketib qoldi. Oradan bir muncha vaqt oʻtib, Turgʻunning qarshisida aliment masalasi paydo boʻldi. Ishining tayini yoʻq, boz ustiga bor alamini ichkilikdan ola boshlagan kishida pul qayda?! Oxir-oqibat bolasiga aliment toʻlamagani uchun sudlandi. Keyin birinchi turmush oʻrtogʻidan rasman ajrashmay turib uylandi. Koʻp oʻtmay yana oilaviy nizolar boshlandi.
— Aya juda kamtar, bosiq ayol edi, — deya eslaydi mahalla hududidagi 48-maktab oʻqituvchisi Nasiba Rustamova. — Adashmasam, 2010-2011-yillar edi. Bilasiz, oʻshanda biz, muallimlarni ham paxta terimiga jalb etishardi. Ayaning hovlisiga yondosh dalada turganimizda, choynakda choy damlab oldimizga qoʻygan, soʻng xoʻrsinganicha “Bir boʻlak goʻsht-u kartoshka boʻlganida sizlarga shiringina ovqat qilib berardim”, degandi. Oʻshanda allanechuk boʻlib ketganmiz. Nahotki, shunday toʻkinchilik zamonida shoʻrlik aya oddiy bir kartoshkaga zoriqib qolgan boʻlsa, deya oʻkinganimiz ham rost. Turgʻunga kelsak, ikkinchi sinfda oʻqib yurganida unga dars berganman. Odobli, tartibli, ammo tortinchoq bola edi. Otasiz voyaga yetayotgani sezilardi. Tengdoshlari tanaffus chogʻida maktab oshxonasidan ul–bul yegulik olib kelib tanovul qilishganida bir chekkada maʼyusgina turardi. Shunda men bolalarga sinfda ovqatlanmanglar, deya tanbeh berardim. Men uni voyaga yetgach, qiyinchiliklarga dosh bera olmadi, hayotga moslasholmadi, deb oʻylayman. “Qaynona-kelin” mojarosi nazarimda, olovga moy sepgandek boʻldi.
Qay bir faylasuf aytgandek bola yuragi oppoq qogʻozga oʻxshaydi. Unda nima yozilishi bu koʻp jihatdan oiladagi, yon-atrofdagi muhitga bogʻliq. Axir, bola jinoyatchi boʻlib tugʻilmaydi. Maktabni tugatib, mustaqil hayot ostonasida turgan oʻsmirni kimdir qavatiga olib, u yoki bu hunarga ragʻbat uygʻotganida, ustozlik qilganida Turgʻun hayotda oq-u qorani farqiga boradigan, turmush sinovlari oldida boʻy egmaydigan yigitga aylanarmidi, degan mulohazaga borasan, kishi. Qolaversa, “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona”, degan naql bor.
— Ayrim yoshlarimiz kitob, gazeta-jurnal mutolaasidan uzoqlashib ketishdi, — deydi Nasiba Rustamova hamrohimiz, “Paxtaobod” mahalla fuqarolar yigʻini yoshlar yetakchisi Shahboz Qayumovning savoliga javoban. – Koʻcha-kuyda baʼzi oʻgʻil-qizlarning “uyali telefon”ga yopishib olishganini koʻraman. Vaholanki, ijtimoiy tarmoqlar sharqona madaniyatimiz, odob-axloqimizga zid allanimabalolar bilan toʻlib-toshgan. Afsuski, balogʻat ostonasida turgan, hali oq-u qoraning farqiga bormaydigan ayrim yoshlar ularning taʼsiriga tushib qolmoqda. Bundaylarga Otabek-u Kumushbibilarning sof muhabbati begona. Men bugun oila qurib, ertaga arazlashgan, “sen-u men”ga borgan yoshlarga roʻbaroʻ kelganimda bir ustoz sifatida “Nima, senlarning muhabbating ostonagacha edimi?” deya tanbeh beraman. Sharqona tarbiya masalasida oilaning oʻrnini hech narsa bosa olmaydi.
Muallimaning kuyinganicha bor. Turgʻunga oʻxshagan baʼzi yoshlar bolalikdan kitobga mehr qoʻyishganida, uni eng yaqin doʻst deb bilishganida, ilm-u hunar oʻrganishganida hayotda qoqilib qolmas, oilaning, yor-birodarlarining qadriga yetadigan, el-yurt, jamiyat oldidagi burchlarini anglaydigan kishi boʻlib voyaga yetishlari mumkin edi.
Yana 2024-yilning 24-iyuniga qaytamiz. Oʻsha kuni oʻzi ishlab turgan fermer xoʻjaligidan 100 ming soʻm miqdorida pul olgan Turgʻun tuman markaziga yoʻl oldi. U yerdagi savdo doʻkonlarining biridan aroq, pivo va gazakka deb qurut xarid qildi. Taksida uyiga qaytdi. Uyda onasidan boʻlak hech kim yoʻq edi. Turmush oʻrtogʻini qaynotasinikiga joʻnatgan yigit xonasiga kirib aroqxoʻrlik qildi. Oʻgʻlining yana ichkilikbozlikka berilganini sezgan aya oʻzini tuta olmadi. “Roʻzgʻorga qaramaysan, holimdan na sen, na kelin xabar oladi. Seni shu umidda katta qilganmidim”, deya dashnom berdi.
Koʻzi ojiz onani tushunish mumkin. Sirasini aytganda, u yozda dim, qishda zax, polsiz uyda yotib turadi. Bir piyola choyini ham paypaslab topib ichadi. Yarim kosa yovgʻon shoʻrvaga muhtoj boʻlgan damlarini-ku aytmay qoʻya qolaylik. Nogiron onasini shunday koʻyga tushirgan farzandga har qancha laʼnat aytsa kamlik qiladi!
Xullas, “shayton suvi”ni ichib, odamiylik qiyofasini butkul yoʻqotgan Turgʻun omborxonaga bordi. Sopi temirdan boʻlgan boltani olib Shohsanam aya turgan xonaga kirdi. Bu paytda koʻzi ojiz shoʻrlik ona bolam insofga keldi, deb oʻylagan chogʻi bolishdan boshini koʻtarib “Turgʻun, senmisan, kel”, demoqqa chogʻlandi. Ammo... ammo bir soʻz aytishga ham ulgura olmadi...
Biz shu qishloqda yashovchi mehnat faxriysi Baxtiyor Boltayev hamrohligida Shohsanam aya yashagan uyga keldik. Baxtiyor akaning aytishicha, bu imorat oʻrni bir paytlar changalzordan iborat boʻlgan.
— Rahmatli Jabbor aka oʻtgan asrning 80-yillarida shu qarovsiz yerni epaqaga keltirib, uy-joy tiklagandi, — deya eslaydi hamrohimiz. — Afsuski, ne-ne umidlar bilan qurilgan bu uydan fayz-u baraka ketdi.
Atrofi oʻrab olinmagan, egasiz, qarovsiz uyning chekkasidagi omborxona shipida beshik osigʻliq turibdi. Bir paytlar Shohsanam aya murgʻak bolasini shu beshikka belab, tunlarni bedor oʻtkazgan. Tinchgina orom olsin, deya allalar aytgan. Bolasining issigʻi chiqib qolganida yuragining bir parchasi uzilgandek boʻlgan. Goʻdagining jajji barmoqlarini silab, shirin-shirin orzular qilgan. Afsuski, bu barmoqlar yillar oʻtib onaizorning boshlarini silashga emas, qotillik quroliga aylangan boltani ushlashga yaradi...
Aytmoqchi, Qalliq qishlogʻida roʻy bergan mudhish voqeadan soʻng salkam 5 ming aholi yashayotgan hududdagi mahalla “yettiligi” ishdan olindi. Mahallaning yangi ish boshlagan masʼullari tegishli tashkilotlar koʻmagida jinoyatchilik oldini olish, oilaviy nizolarga oqilona yechim topish, aholi bandligini taʼminlash borasida muayyan ishlarni amalga oshirishmoqda.
Koʻzi ojiz onasining qotiliga aylangan Turgʻun Jabborov jazosini oldi. Joriy yilning 16-yanvarida jinoyat ishlari boʻyicha Gʻijduvon tuman sudi mazkur jinoiy ishni atroflicha oʻrganib, ayblanuvchini 18 yil-u bir oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring