Boʻlajak chempionlar va futbol yulduzlarini tarbiyalovchi maskan

11:58 19 Dekabr 2024 Jamiyat
106 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda “millionlar oʻyini” boʻlgan futbolni rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor va ragʻbat tufayli yoshlar oʻrtasida ushbu sport turiga qiziqish yanada ortib borayotgani quvonarlidir.

Ayni paytda Fargʻona viloyati futbol akademiyasida 150 nafardan ziyod kelajagimiz vorislari mashgʻulotlar bilan astoydil shugʻullanib, professional futbolchi boʻlishni maqsad qilgan. Eʼtiborlisi, akademiyada boʻlajak chempionlar va oʻzbek futboli yulduzlari uchun jahon andozalari darajasida sharoitlar muhayyo etilgan.

Hozirgi kunda futbol boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining navbatdagi jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritish imkoniyati ancha oshgan boʻlsa, asosiy jamoaning bir necha yetakchi futbolchilari Italiya, Fransiya, Turkiya, Rossiya singari mamlakatlar klublarida muvaffaqiyatli oʻynayotgani ham yoshlarga oʻziga xos motivatsiya berishi tabiiy, albatta. Qolaversa, akademiyada tez-tez mamlakatimizning professional futbol klublari aʼzosi boʻlgan fargʻonalik mashhur futbolchilar ishtirokida uchrashuvlar, mahorat darslari oʻtkazib turilishi ham yaxshi anʼanaga aylangan.

— Bugun yurtimizda dunyoning mashhur klublari, milliy terma jamoalari tajribasi asosida bolalar futboliga katta eʼtibor qaratilayotgani tahsinga sazovordir, — deydi Fargʻona viloyati futbol akademiyasi direktori Sherzod Rayimjonov. — Xususan, davlatimiz rahbarining 2023-yil 25-dekabrda qabul qilingan “2024 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, akademiyamizning mavjud bino va inshootlari mukammal taʼmirdan chiqarildi.

Yangilanish va oʻzgarishlar jarayonida jahon andozalari darajasida sunʼiy qoplamali yangi futbol maydoni bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Maʼmuriy bino va yordamchi inshootlar rekonstruksiya qilinib, zamonaviy sport jihozlari bilan taʼminlandi. Oʻquvchilar uchun oʻquv xonalari, dam olish va sogʻlomlashtirish maskanlari tashkil etildi.

Shu yilning oʻzida akademiyaning ikki nafar tarbiyalanuvchisi Akobir Moʻminov va Behruz Mahmudov U-17 terma jamoasiga taklif etilgani bu boradagi qulayliklarning ilk samarasi deyish mumkin. Yaqin kelajakda akademiya tarbiyalanuvchilari mamlakatimizning eng sovrinli jamoasi boʻlgan “Neftchi”ning shonli davrini qaytarishiga, “Qoʻqon-1912”, Quvasoy shahrining “Sementchi” hamda Bagʻdod tumanining “Bagʻdodchi” jamoalari yutuqlariga munosib hissa qoʻshishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?