Bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilmoqda
Joriy yilning 3-oktabr kuni Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida “Bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Muhokamada senatorlar, masʼul vazirlik va idoralar vakillari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari va Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsiyaviy hamda huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga bugungi kunda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish, ularni jinsiy zoʻravonlikdan himoya qilish, jinoyat protsessida guvoh sifatida jalb etishning aniq mexanizmlarini belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida bolalarga nisbatan Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini soʻroq qilishning bir kun mobaynidagi umumiy davomiyligini hamda ularni soʻroq qilish jarayonida qonuniy vakillarning ishtirok etishi tartibini belgilovchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ushbu Qonun jinoyatlarning oldini olishga, sodir etiladigan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Majlis yakunida kun tartibidagi masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring