Bolalarda nega tez-tez burun qonaydi?

15:36 14 Avgust 2022 Jamiyat
31705 0

Kichik yoshli farzandining tez-tez burni qonashidan har qanday ota-ona tashvishga tushishi aniq. Xoʻsh, bu nima bilan bogʻliq? Uning kelib chiqish sabablari qanday?

SSV Matbuot xizmatining shu kabi savollariga Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi oliy toifali shifokori Nazokat Oripova javob berdi.

— Burun qonashi qon ketishi bilan kechuvchi kasalliklar orasida yuqori oʻrinda turadi, — deydi shifokor. — Ayniqsa, bu holat kattalarga nisbatan yosh bolalarda 4-5-marta koʻp uchraydi. Sababi ularning burun shilliq qavati juda nozik boʻlib, qon tomirlari nisbatan yuzada joylashgan. Shu bois arzimas taʼsir tufayli ham ularda tez-tez burun qonaydi.

Bu holatning birlamchi shakllari kutilmaganda yoki burunning yengil jarohatidan keyin boshlanadi. Unga esa koʻpincha burun ichining shikastlanishi sabab boʻlib, hattoki, bola uni yengilgina kavlagani uchun ham shilliq qavat lat yeyishi mumkin. Qolaversa, ushbu aʼzo ichiga yot jism kirib qolganda ham shu holat kuzatiladi.

Bundan tashqari, gripp, adenoviruslar, qizilcha va qizamiq kabi virusli hamda bakterial xastaliklarda bolalarning burun shilliq qavati zaiflashib, qon ketadi.

Tumov va burun uchun moʻljallangan preparatlardan haddan ortiq koʻp foydalanilganda ham bu kabi holat qayd etilishi mumkin.

Shuningdek:

— gepatit;

— ogʻir anemiya;

— burun va buyrak xastaliklari;

— oftob urishi;

— qattiq taʼsirlanish;

— ogʻiz boʻshligʻidagi turli oʻsmalar (polip, angioma);

— anatomik oʻziga xoslik (burun oʻrta devorining qiyshiqligi);

— issiq va quruq havo;

— yurak-qon-tomir kasalliklari va yana bir qancha omillar sabab boʻladi.

Eng yomoni, burun qonashi uning ivish xususiyatini oʻzgartirib yuboruvchi gemofiliya, gemoblastoz, trombotsitopatiya kabi xavfli xastaliklar alomati boʻlish ham mumkin.

Agar bolada bu holat hech bir sababsiz tez-tez kuzatilayotgan boʻlsa, uni pediatr, gematolog, LOR, onkolog, immunolog yoki endokrinolog koʻrigidan oʻtkazib, aniq tashxis qoʻyish va davolash lozim. Shifokor, avvalo, bemorning burun boʻshligʻini tekshirib, unda yot jism, xavfli va xavfsiz oʻsma, polip bor-yoʻqligini aniqlaydi. Shuningdek, qon tahlili orqali uning ivish xususiyati, trombotsitlar miqdori tekshiriladi.

Tavsiya shuki, bolaning burni qonaganda zinhor boshni orqaga tashlash mumkin emas. Uning oqishini toʻxtatish uchun burun sohasiga muzdek grelka yoki muz boʻlagini matoga oʻrab qoʻyish maqsadga muvofiq. Paxtadan tiqinlar yasab, burun kataklariga joylashtirish ham yaxshi samara beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?