Bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring oʻtkaziladi

12:59 25 Sentyabr 2023 Jamiyat
693 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Malaka oshirish institutida «2023-yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoringi tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida” mavzunidagi brifing oʻtkazildi.

Brifingda taʼkidlanganidek, Prezidentimizning qatʼiy irodasi tufayli soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay barham berish borasida katta natijalarga erishildi, shu maqsadlarda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va mavjudlari qayta koʻrib chiqildi. Buning natijasida yurtimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berildi. Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 2021-yilgi paxta-yigim terimi mavsumi davomida oʻtkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalariga koʻra bolalar mexnati va majburiy mehnatdan umuman foydalanilmaganligi qayd etildi. Shuningdek, 2021-yil 9-aprelda Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining “GSP+” umumiy imtiyozlar tizimining benefitsiari maqomini oldi. 2022-yil 10-mart kuni esa “Cotton Campaign“ xalqaro koalitsiyasi oʻzbek paxtasiga nisbatan global boykot bekor qilinganini eʼlon qildi va bu Oʻzbekiston uchun katta iqtisodiy yutuq boʻldi. Ushbu yutuqlar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kuni kecha BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida soʻzlagan nutqida alohida toʻxtaldi.

Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik borasida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham tizimli ishlarni olib bormoqda. Xususan, mana bir necha yildirki, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilar uchun shart- sharoit yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring oʻtkazib kelinmoqda.

Brifingda joriy yilda ham Milliy monitoring oʻtkazish rejalashtirilgani, u 26-sentyabrdan 31-oktyabrgacha davom etishi xamda bu yilgi Milliy monitoring Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi va Ijtimoiy- mehnat masalalari boʻyicha Respublika uch tomonlama komissiyasining majlis bayonlari va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Ijroiya qoʻmitasi qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi va Tavsiyalarga asosan oʻtkazilishi toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi.

Qayd etilganidek, bu yilgi monitoring ham Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA)ga aʼzo boʻlgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida oʻtkaziladi.
Monitoringni oʻtkazishdan asosiy maqsad paxta yigʻim-terimi ishlarida voyaga yetmagan shaxslarning, oʻkuvchi va talabalarning, byudjet va nobyudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilar uchun yetarli yashash, dam olish va mehnat sharoitlari yaratilganini baholash, koʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun adolatli mehnat haqi toʻlanishini nazorat qilish, paxta-toʻqimachilik klasterlari, fermer xoʻjaliklari xodimlari bilan mehnat shartnomasi, vaqtinchalik terimga jalb qilingan fuqarolar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muddatli mehnat shartnomasi tuzilganligini hamda terim otryadlari va tuman fermerlar kengashi oʻrtasida xizmat koʻrsatish toʻgʻrisida shartnomalar tuzilganligini nazorat qilishdan iborat.

Milliy monitoring davomida kamchiliklar aniqlansa ularni joyida bartaraf etish choralari koʻriladi hamda monitoring yuzasidan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasiga muntazam axborot berib boriladi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, Milliy monitoringi sifatli oʻtkazish maqsadida uning uslubiyoti takomillashtirildi, “Monitoring guruhlarining joylarda harakatlanish ketma-ketligi”, “Monitoringda intervyu olish savolnomasi”, “Paxta yigʻim terimi ishtirokchilari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni baholash boʻyicha savolnoma” va axborot berish shakllari ishlab chiqilib, monitoring guruhlariga taqdim etildi. Monitoringni tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan hududiy monitoring guruhlari tuzilib, ular tarkibiga tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlarining masʼul xodimlari, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining hududiy kengashlari mehnat texnik inspektorlari, shuningdek, kelishilgan holda, Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining joylardagi aʼzo tashkilotlari vakillari kiritildi. Monitoring samaradorligini oshirish maqsadida Monitoring oʻtkazish ishchi guruhlari tarkibidagi kasaba uyushmasi xodimlari monitoring jarayonida foydalanish uchun maxsus kiyim bosh va hududiy guruhlar rahbarlari internet tarmogʻiga ulangan planshetlar bilan taʼminlandi.

Milliy monitoring jarayonida paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va oʻquv dargohiga yoki uyiga qaytarish choralari koʻriladi. Bu haqda Akt (Dalolatnoma) tuziladi va aybdor shaxslarga nisbatan chora koʻrish uchun mehnat inspeksiyasiga yuboriladi.

Majburiy mehnatdan foydalanish holatlari aniqlangan holda esa zudlik bilan kasaba uyushmalarining inspektori tomonidan vaziyat oʻrganiladi xamda Akt (Dalolatnoma) tuzilib, ularni ish joylariga qaytarish choralari koʻriladi. Shu bilan birga hududiy “Qayta aloqa mexanizmi” (QAM) vakillariga ham xabar beriladi.

Eslatib oʻtish joizki, xodimlarning mehnat huquqlari buzilishini oldini olishga qaratilgan Qayta aloqa mexanizmi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida tashkil etilgan boʻlib, mavsum davomida uzluksiz ravishda kechayu kunduz ishlaydi. Buning uchun Federatsiya Yuridik klinikasi va uning hududlardagi filiallarida kasaba uyushmalari vakillarining doimiy navbatchiligi tashkil qilindi. Kelib tushgan murojaatlarni tezkorlik bilan koʻrib chiqish maqsadida 10-92 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”, internet saytlar, telegram ijtimoiy tarmogʻi imkoniyatlaridan keng foydalaniladi. Bu haqda kasaba uyushmalari tomonidan 200 ta banner tayyorlanib, respublikamizning barcha hududlaridagi tuman, shahar markazlariga oʻrnatilmoqda, korxona, tashkilot, muassasalar hamda odam gavjum boʻladigan joylarga esa 10 ming dona posterlar joylashtirildi va mehnatkashlar hamda aholi vakillariga 200 mingta flayerlar tarqatilmokda.

Milliy monitoring davrida oʻrganish natijalarini oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi (Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlari toʻgʻrisida«gi va “Shaxsiy maʼlumotlar toʻgʻrisida«gi Qonunlari hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan kelishilgan “Monitoring uslubiyoti” talablariga muvofiq oshkor etmaslik tamoyiliga amal qilinadi) va monitoring yakunlari toʻgʻrisida dekabr oyida oʻtkaziladigan Davra suhbatida batafsil eʼlon qilinadi.

                                     

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер