Bolalar bogʻchalaridagi holatlar yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziriga senator soʻrovi yuborildi

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, ushbu sohada raqobat muhitini shakllantirish hamda bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovini oshirish maqsadida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati qoʻllab-quvvatlanib, ularga qator imtiyozlar berildi.
Natijada bugungi kunda respublika boʻyicha jami 38 058 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, shundan 31 139 tasini nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etadi. Hozirda ushbu nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan 946 540 nafar bola qamrab olingan.
Sohada erishilayotgan ijobiy natijalarga qaramasdan, ayrim muammolarning yuzaga kelayotganligi hammamizni birdek tashvishga solmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi, 78-moddasida bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilangan.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar orqali ayrim maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlari sodir etilayotganini koʻrishimiz mumkin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi B.Abdullayev Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziriga senator soʻrovi yubordi.
Soʻrovda qayd etilishicha, soʻnggi vaqtlarda ayrim nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlari sodir etilmoqda.
Xususan, Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Tanzilandiya” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining tarbiyachilari tomonidan ushbu tashkilot tarbiyalanuvchilariga nisbatan zoʻravonlik harakatlari sodir etilganligi, Yunusobod tumanidagi “First Daycare” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi va tarbiyachi yordamchisining bolalardan birini ovqat yemagani uchun stulga skotchlab qoʻyganligi aniqlandi.
Bu kabi salbiy holatlarning soʻnggi vaqtlarda koʻpayishi maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shu jumladan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga koʻrsatilayotgan taʼlim va tarbiya xizmatlari hamda ularga yaratilgan sharoitlarni monitoring qilish qoniqarsiz yoʻlga qoʻyilganligini koʻrsatmoqda.
Hozirda respublika boʻyicha 31 139 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti va 6 919 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʻrsatayotganligini inobatga oladigan boʻlsak, yuqoridagi kabi noxush holatlarning yuz bermayotganligiga hech kim kafolat bermaydi.
Senator vazirdan maktabgacha taʼlim tashkilotlari, shu jumladan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zoʻravonlik holatlarining sabablari va ularning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tushuntirish berishni soʻradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring