Boysunda doʻstlik va hamjihatlik ulugʻlandi

15:44 02 Aprel 2025 Jamiyat
88 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyatda “Doʻstlik va hamjihatlik ulugʻlangan yurt” shiori ostida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda millatlararo totuvlik chinakam ifodasini topmoqda.

Navroʻz shukuhi kezib yurgan fusunkor damlarda Boysun tumanidagi Sariosiyo hamda Shirinobod mahallalarida boshlangan shodiyona xalq sayliga aylandi. Hududlarning har bir koʻchasi bayramona tus oldi. Sumalak va bahoriy taomlar pishirilib, turli koʻrgazmalar tashkil etildi. Milliy oʻyinlarimiz — arqon tortish, tosh koʻtarish, kurash musobaqalari koʻpchilikka zavq ulashdi. Amaliy sanʼat va hunarmandchilik buyumlari koʻrgazmalari, gilamdoʻzlik, zargarlik, kulolchilik va yogʻoch oʻymakorligi kabi hunarmandchilik ishlarining namoyishi, kitoblar koʻrgazmasi, rasmlar chizish tanlovi, millatlarga xos milliy taomlar koʻrgazmalari uyushtirildi. Konsert dasturlari tadbirga bayramona ruh bagʻishladi.

— Jamiyatda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini va koʻp millatli yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Aziz Mashrabov. — Viloyatimiz boʻylab ahillik va bahamjihatlikda oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun Oʻzbekiston yagona Vatan ekanini yana bir bor keng namoyon etmoqda.

Boysun tumanida ham oʻndan ziyod turli millat va elat vakillari oʻzaro tinch-totuv yashab, el-yurt ravnaqi, mamlakat farovonligiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Ularning taʼlim olishi, oʻz qiziqish va layoqati boʻyicha kasb-hunar egallashi, madaniyat, urf-odat, anʼanalarini saqlashi hamda rivojlantirishi uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

— Mahallamizda 3 mingga yaqin aholi ahil-inoq istiqomat qiladi, — deydi “Sariosiyo” MFY raisi Isroil Ochilov. — Aholimizning asosiy qismi tojik millatiga mansub fuqarolar boʻlsada, urf-odatlari, toʻylari birlashib ketgan. Oʻzbek-tojik xalqlari bir-biri bilan quda-andachilik qiladi, qarindoshlik joyiga qoʻyadi. Ularni bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Yoshlarimiz ham shu ruhda tarbiyalangan. Bundan faxrlanamiz. Bunday tadbirlar orqali oʻzbek va tojik millati vakillari milliy urf-odat va anʼanalarini, ahillik va qardoshlik rishtalarini, yurtimizdagi tinch, obod va toʻkin hayotni yana bir bor baralla tarannum etmoqda.

Doʻstlikni, hamjihatlikni ulugʻlovchi va madh etuvchi bayram tadbirlari Surxondaryoda davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер