“Boysun bahori” festivali 20 ta davlatdan ishtirokchilarni kutmoqda

14:06 30 Aprel 2024 Madaniyat
376 0

Farhod ESONOV / “Xalq soʻzi”. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali joriy yil 1-7-may kunlari Boysun tumanida oʻtkaziladi.

Termiz shahrida mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etish va uni oʻtkazish boʻyicha Respublika tashkiliy-ijodiy guruhi tomonidan amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Surxondaryo viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshligʻi Z.Toʻrayev boshqargan yigʻilishda festival doirasidagi tadbirlar xususida ishtirokchilarga batafsil maʼlumotlar berildi.

— Festival tanlovi ishtirokchilarining chiqishlarini baholab borish boʻyicha Rossiya, Buyuk Britaniya, Tojikiston va Oʻzbekiston vakillaridan iborat xalqaro hakamlar hayʼati tarkibi shakllantirildi, — deydi Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari — viloyat turizm boshqarmasi boshligʻi Joʻrabek Toʻrayev. — Festivalda 16 ta xorijiy davlatdan folklor jamoalari va yakkaxon ijrochilari ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi. Shuningdek, Oʻzbekiston nomidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan folklor, milliy xalq oʻyinlari va tomosha sanʼati boʻyicha jamoalar ishtirok etadi. Xalqaro folklor festivalimizning sovrin jamgʻarmasi 12 500 AQSH dollarini tashkil etmoqda. Chunonchi, 1-oʻrin egasi 3 500, 2-oʻrin 2 500 hamda 3-oʻrin 1 500 AQSH dollari bilan mukofotlanadi. Bundan tashqari, folklor sanʼati yoʻnalishi hamda milliy xalq oʻyinlari va tomosha sanʼati boʻyicha 10 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblar 500 AQSH dollariga ega chiqishadi.

Anjumanda 1-may kuniga qadar 16 ta davlatdan va 3 ta xalqaro tashkilotdan jami 150 nafardan ortiq xorijlik mehmon Toshkent shahriga hamda Tojikiston vakillari (16 nafar) “Sariosiyo” chegara posti orqali Surxondaryo viloyatiga yetib kelishi, 30-aprel – 1-may kunlari festival ishtirokchilari “Termiz” xalqaro aeroportida tantanali kutib olinishi xususida maʼlumot berildi.

— 1-may kuni Termiz davlat universitetida xorijiy va mahalliy musiqashunos va sanʼatshunos olimlar, taniqli sanʼatkorlar va faxriy mehmonlar ishtirokida “Surxon vohasining insoniyat sivilizatsiyadagi oʻrni: moddiy va nomoddiy madaniyat asoslari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi, — deydi Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov. — Shuningdek, 2-may kuni Boysun tumanidagi “Bibishirin” mahallasi hududidagi amfiteatrda festivalning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. 2-3-may kunlari festival doirasida folklor sanʼati yoʻnalishida hamda milliy xalq oʻyinlari va tomosha sanʼati yoʻnalishida tanlov oʻtkazilib, unda xorijiy va mahalliy ishtirokchilar ijodiy bellashadi. 3-may kuni tanlov gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi tashkil etiladi.

Festival doirasida Surxondaryo viloyati tumanlaridan keladigan folklor jamoalarining oʻz qoʻrgʻonlarida musiqiy dasturlar namoyishi, milliy hunarmandchilik sanʼati va milliy taomlar koʻrgazmalari, milliy kurash va uloq koʻpkari musobaqalari, varrak uchirish, qoʻchqor va xoʻroz urishtirish, arqon tortish, dron, lazer shoulari va boshqa milliy xalq oʻyinlari hamda Boysun tumanidagi ekoturizm hududlariga sayohat va info-turlar tashkil etiladi. Tumandagi “Alpomish” oʻyingohi, “Yoshlar” bogʻi hamda “Xoʻjaqoʻchqor ota” ziyoratgohida respublikamizning folklor jamoalari hamda taniqli estrada xonandalarining konsert dasturlari namoyish etilib boriladi.

Shuningdek, xorijlik mutaxassislar ishtirokida davra suhbatlari, ijodiy uchrashuv va mahorat darslari ham festival kun tartibidan oʻrin olgan.

Xullas, 7-may kuni festivalning tantanali yopilish marosimigacha voha ahli va mehmonlar miriqib hordiq chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlar, tashkiliy ishlar muhayyo etiladi.

Festival doirasidagi tadbirlar boʻyicha ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер