“Boʻyinbogʻsiz kun” loyihasi doirasida jurnalistlar Vobkentda

11:07 10 Aprel 2025 Jamiyat
206 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkentdagi tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish borasida yaxshigina tajriba toʻplandi. Markaz binosining 2,1 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga taʼmirlangani, 34 turdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangani, shifokorlar malakasi oshirilgani ana shunga imkoniyat yaratdi.

Yaqinda bu shifo maskanida 66 yoshli bemorda uyqu arteriyasi trombi bilan bogʻliq noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Markaz bosh vrachi Nodir Ramazonovning taʼkidlashicha, shu kabi xastaliklardan xalos boʻlmoq uchun ilgari mamlakat poytaxti yoki Buxoro shahriga borishga toʻgʻri kelar, tabiiyki, bemor ancha-muncha xarajatga qolardi.

Viloyat Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi tashabbusi bilan Vobkent tumani hokimi Akmal Ostonov ishtirokida oʻtkazilgan “Boʻyinbogʻsiz kun” loyihasi doirasidagi press-turda jurnalistlar tumanlararo gemodiaz boʻlimi faoliyati bilan ham tanishdi.

— Aholi bilan muloqotlar jarayonida ayrim mahallalarimizda tomorqani sugʻorish bilan bogʻliq muammolar borligi maʼlum boʻldi, — deydi tuman hokimi. — Shundan soʻng mutaxassislarni jalb etgan holda “Shifokor” mahallasi hududida uchta suv nasosi oʻrnatish fikriga keldik.

Har birining narxi 12 million soʻm turadigan, 13 metr chuqurlikdan suv olish imkoni boʻlgan bu nasoslar bilan kuniga 20-30 ta xonadonning tomorqasini sugʻorish mumkin. Birgina “Shifokor” mahallasida istiqomat qiluvchilar ixtiyorida jami uch gektar tomorqa yeri mavjudligi hisobga olinsa, bu xayrli ish ortidan 400 dan ziyod xonadonning tashvishi yengillashgani ayon boʻladi. Ular orasida “Oʻba Kulolon” koʻchasidagi xonadonlardan birida yashovchi Zuhra Akramova ham bor.

— Mahallamiz masʼullari koʻmagida bir sotix yerda issiqxona barpo etganmiz, — deydi u. — Bodring, pomidor, kartoshka yetishtiryapmiz. Koʻchamizda suv nasosi oʻrnatilgani biz uchun ayni muddao boʻldi. Chunki ilgari ekinni sugʻorishda qiynalardik.

Press-tur ishtirokchilari tumandagi yana bir qator manzillarda boʻlib, amalga oshirilayotgan obodonchilik, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер