Bogʻdodlik “dala professori”

17:01 24 Fevral 2025 Jamiyat
172 0

Faxriddin BOZOROV/“Xalq soʻzi”. Bogʻdodlik Olimjon Xoldorov yangilikka juda oʻch. Doim fikri xayoli yangi gʻoyalar bilan band — masalan, bugʻdoyning bir nechta navini dalasida sinovdan oʻtkazgan. Qay biri suvsizlikka chidamli, qaysisi issiqlikka bardoshli — hammasini yaxshi biladi. Ishning koʻzini bilishi va hech ikkilanmasdan innovatsiyalarga peshvoz chiqishi tufayli dalasi tajriba maydoniga aylangan. Shuning uchun odamlar uni “dala professori” deb atashadi.

Iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligi sezilib turgan shu kunlarda gʻallachilikda yangi innovatsiya va standartlarni qoʻllashning ahamiyati katta. Olimjon bu tashabbuslarga birinchilardan boʻlib qoʻshildi. Fargʻona viloyatining Bogʻdod tumanidagi “Bogʻdod yuksak maʼnaviyat” fermer xoʻjaligiga rahbarlik qilayotgan Olimjon Xoldorovga bugʻdoyning “yarovizatsiya” usulini sinovdan oʻtkazish ishonib topshirildi. U “Asr” elita navi urugʻini ayni shu usulda 60 kun davomida muzlatkichda -4 va +1 daraja oraligʻidagi haroratda tindirib, sovuqqa moslashtirdi va 2 gektar yerga ekdi. Hamma agrotexnik jarayonlarni meʼyorida oʻtkazdi. Ayni paytda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan tavsiya etilgan bu loyihani oʻzining fermer xoʻjaligida sinovdan muvaffaqiyatli oʻtishi uchun astoydil mehnat qilmoqda.

— Yangilik mening dalamda tatbiq etilishini eshitganimda quvonchim ichimga sigʻmay ketdi, — deydi u. — Donimiz, nonimiz moʻl-koʻlligiga hissa qoʻshish har bir fermerning asosiy vazifasi. Mana, tindirilgan urugʻ ekilgan gʻallazorga bir qarang, bahri dilingiz ochiladi. Gʻalla yetishtirishdagi bu innovatsiyaning samaradorligini ekinning chuqur tomir otishidan ham farqlasa boʻladi. Anʼanaviy usulda 8-10 santimetr boʻlsa, innovatsion usulda ekin tomiri 18-20 santimetr chuqurlikka ketgan. “Yarovizatsiya” usuli ekinning oʻsish suratlarini tezlashtirar ekan. Boshqa dalalar bilan solishtirganda bu aniq seziladi. Mutaxassislar dalada hosildorlik gektariga kamida 100 sentnerdan oshishini aytishmoqda. Yangi va istiqbolli loyihalarning joriy etilayotgani mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga katta hissa boʻlib qoʻshiladi.

Fermerning ekindan koʻngli toʻq. Chunki dalalari yashnab turibdi. Oʻtgan yili 10-oktyabrda birida innovatsion usulda, boshqasida anʼanaviy usulda bir xil nav — “Asr” elita urugʻi ekildi. Baribir tindirilgan holda ekilgan bugʻdoy oʻz kuchini koʻrsatdi. Tuplashi va rivoji tez, rangi toza. Anʼanaviy usuldagisidan samarali ekani sezilib turibdi.

— Yangi usulda ekilgan urugʻ sovuqqa chidamli, — deya fikrini davom ettiradi fermer xoʻjaligi rahbari. — Issiq paytda ham tomirida namlikni saqlab, qurgʻoqchilikka dosh beradi. 22 gektar gʻallazor dalamiz boʻlsa, bu yilgi natijaga qarab, kelgusida barcha maydonlarga innovatsion usulda gʻalla ekishni moʻljallab turibmiz.

Olimjonda har qarich yerning hisob-kitobi bor. Gʻalla yoki paxta bilan cheklanib qolmasdan 3 gektar bogʻ ham yaratgan. Bogʻida “Super lola” navli shaftoli yetishtiriladi. Bu shifobaxsh mevaga xorijda talab nihoyatda katta. Shu bois mevalar chet davlatlarga eksport qilinmoqda.

— Bogʻimizda 750 tup serhosil shaftoli daraxtini parvarishlab, har yili yaxshigina hosil olyapmiz,— deydi O. Xoldorov. — Oʻtgan yili 150 million soʻmlik meva sotdik. Xaridor bogʻning oʻzidan mahsulotni olib ketmoqda. Intensiv usulda ekilgan mevali daraxtlarimiz 9-yildan buyon hosil beryapti. Daraxtlarni parvarishlash, shakl berish va hosilni yigʻib olishda 18 nafar doimiy ishchi kuchidan foydalanamiz. Ular “Choʻlyunus” va “Amirobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi qishloqlardan kelib ishlashadi.

Fermer xoʻjaligi ham bir oiladay gap. 18 nafar ishchi shu yerda mehnat qilib, roʻzgʻor tebratadi. Gʻalladan boʻshagan yerlarda takroriy ekin — sabzi, sholgʻom, kartoshka va boshqa sabzavotlar parvarishlanadi. Ishchilar baʼzi oziq-ovqat mahsulotlarini shu yerda qishga gʻamlashadi. Bundan tashqari, Olimjonning aytishicha, hosildan boʻshagan maydonlarga supurgi urugʻini sepib, yaxshigina daromad olinmoqda. Chorva mollari uchun makkajoʻxori va boshqa oraliq ekinlari ham parvarishlanadi. Muhimi — yerni boʻsh qoʻymaslik. Barcha saʼy-harakatlar har gektar yerdan olinadigan daromad miqdorini oshirishga qaratilgan.

Bugungi kunda fermer xoʻjaligida ayni qish oylarida ariq va zovurlarni ravonlashtirish, dala chetlariga mevali va daraxt koʻchatlari oʻtqazish kabi yumushlar amalga oshirilmoqda. Zero, obod dala — barakali hosil kalitidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер